Yevropa bo’ylab sayohat: Roche Courbon saroyi

Yevropaga sayohatga chiqamiz. Rasmlar va tarixiy ma’lumotlarga ega bo’lgan maqolalarni sizlar uchun chop etib boshlayman.

Yana shuni aytib o’tmoqchimanki, ushbu suratlarning barchasining muallifi o’zimman va suratlar o’zgartirilmasdan, hech qanday ishlovsiz boricha taqdim etilyapti.
Demak Yevropaga xush kelibsiz:

Roche Courbon saroyi.
Roche Courbon (fransuz tilida “Rosh Kurbon” deb o’qiladi) saroyi Fransiyaning Charante Maritime (Sharant Maritim) viloyatida qalin o’rmon ichida  joylashgan bo’lib, uning qurilishini 1475-yilda Jehan II de Latour nomli hukmdor boshlagan. Saroy Fransiya va Angliya o’rtasidagi 100 yillik urush vaqtida himoya qal’asi sifatida qurilgan. Urush tugagandan keyin 1603-yilda Jacques de Courbon nomli qo’mondon saroyni o’z tasarrufiga olib uni hozirgi ko’rinishiga keltiradi va saroyda yashab boshlaydi. Keyinchalik uning avlodlari saroy ko’rinishiga bir necha bor o’zgartirish kiritishgan bo’lishsada saroyning asosiy tuzilishi aynan 17-asr oxiridagidek saqlanib turibdi.
Saroyning ichki bezagi bo’lsa asrlar davomidagi urf-odatlarga qarab doimiy o’zgarib turgan. Saroy tarixidagi eng katta bezashlardan biri Sophie Jaques de Courbon tomonidan 1785-yilda amalga oshiriladi. Ammo, uning o’limidan so’ng qizi 1817-yilda kimoshdi savdosida saroyni qarzlarini to’lash maqsadida ko’mir qazib olish kompaniyasiga sotib yuboradi. Aynan shu davrda saroyning yirik bog’i yo’qatilib, u yerdan ko’mir qazib olinadi. Shu bilan birga XIX asrning so’nggi choragiga qadar saroyda hech kim yashamaydi.
Saroyni bo’lsa fransuz mashxur yozuvchisi Pierre Loti xarid qilib u yerda yashab boshlaydi va shu davrda saroy ikkinchi yoshligini yashab o’tadi. Pierre Loti saroy oldidagi fransuz uslubidagi bog’ni qayta tiklab, saroyning ichki bezaklarini aynan XV-XVIII-asrlardagidek saqlashga qaror qiladi va shu bilan birga uning tarixiy ahamiyatini saqlab qoladi.
Saroy aynan o’sha zamon arxitekturasiga baho berish, o’sha davrdagi mebellar, idish-tovoqlar, san’at asarlari, odamlarning yashash tarzi haqida tasavvurga ega bo’lish uchun juda katta tarixiy ahamiyatga egadir. Bugun ham saroyda Pierre Lottining avlodlari yashashadi va ekskursiya davomida bizni saroyning ichki bezaklari bilan tanishtirgan gid suratga olmasligimizni iltimos qilib so’radi chunki oila o’zining shaxsiy hayotini boshqalar bilan bo’lishishni xoxlamaydi. Albatta, ularning tanlovini hurmat qilib saroyning ichida fotoapparatni o’chirib qo’ydik.
Lekin, ichki bezaklar ushbu saroyning eng qiziq qismlaridan biridir. Xonalarning birini 15-asrdagidek saqlashgan bo’lsa, boshqa bir zalni 16-asrdagidek saqlashgan. Bu bizga har bir asrdagi mebellar va bezaklar haqida tasavvurga ega bo’lish imkonini beradi. Shuningdek saroydagi turli xil haykallar, gilamlar va suratlar bizga o’sha davr zodagonlari hayoti bugungidan keskin farq qilgani, u davrda zodagonlarning san’atga, teoriyaga qiziqishi juda katta bo’lganligi, did borasida ham aynan falsaviy yondashilganligini ko’rsatib turibdi.
Quyida sizga saroyning suratlarini taqdim etaman:

1.Saroyga kiraverish:

 2. Saroyning yon tomondan bog’ning ichidan ko’rinishi:
3. Saroy oldidagi haykal. Bog’ning o’rtasida O’rta Asr madaniyatiga xos tarzda mabuda haykali o’rnatilgan.
4. Saroyga umuman ikki marta bo’ldim. Shu uchun ham rasmlarning bazisida osmon bulutlar bilan qoplangan, bazisida bo’lsa quyosh charaqlab turibdi.  Birinchi marta o’rtoqlarim bilan borgan bo’lsam, ikkinchi marta Rossiyadan men ishlaydigan kompaniyada dam olgan kelgan Moskvalik turistlar Pavel va Diana bilan bordim. Pavel Moskvada dekoratsiya bilan shug’illanadigan katta bir kompaniyani egasi. Qo’l ostida o’zimizning Markaziy Osiyodan 20dan ortiq o’zbek va 40 ga yaqin qirg’iz ishlarkan. Ular men ishlaydigan Club Med La Palmyre ga yoz oylarida dengiz bo’yida dam olgani kelishgan. Bu yerda rus tilida gapiradigan inson borligini bilib rosa xursand bo’lishdi. Bir kunda ular bilan qadrdon bo’lib ketdik va ular bilan ushbu viloyatning bir necha diqqatga sazovor joylarini aylandik:
5. Saroydan chiqishdagi ko’rinish.
6. Fransuz uslubida yaratilgan bog’larda gulzor juda muhim ahamiyatga ega. Fransuz uslubida gulzorlar geometrik shaklda tashkillashtirilgan bo’lishi kerak. Luara daryosi bo’yidagi qasrlarda juda noyob gulzorlarni ko’rish mumkin:
7. Saroydagi hovuzni sug’orib turuvchi anhor. Anhor yog’ongarchilik evaziga paydo bo’lgan.
8. Bog’dagi turli xil haykallar:
9. Saroy devorining ko’rinishi. Ushbu devordan saroyning qanchalik mustahkam bo’lganligi va dastlab harbiy maqsadda qurilgan qal’a ekanligini anglash mumkin.
10. Bog’ hovuzidagi oqqushlardan biri. Yana hovuzda o’rdak va g’oz ham bor edi.
 11. Zinalar sonini sanab o’tirmadigu, lekin ikki marta chiqib tushsa odam qanchalik uzunligini his qilib boshlaydi.

12. Old tomondan ko’rinish

13. Mana bu bo’lsa menga qishlog’imni eslatdi. Yoshlikda eski devorlardagi ari uyalarini cho’p bilan qo’zg’ashni yaxshi ko’rardik. hatto bir marta adabimni ham yegandim)) O’sha vaqtda bu ham bir tabiatning bir qismi, unga tinchgina yashashga qo’yib ber degan ekologik tushuncha yo’q edi albatta.

14. Saroyning gulzor tomonidan olingan suratlar.
15. Saroyga kirishda himoya maqsadida ulkan xandak qazilgan. Oldindagi bino bo’lsa o’sha davrdagi saroyning kirish darvozasi bo’lgan.
16. Saroyning orqa tomondan ko’rinishi
17. O’rta asrlardagidek ot-aravada o’rmon bo’ylab sayohatga chiqishingiz mumkin

18. Saroydan 800 metr uzoqlikdagi g’orga olib boradigan yo’l.

17. Fransuz tilini bilganlar tushinib oldi. ushbu g’orlarda bundan 120 ming yil oldin yashagan neandertal odam suyaklari topilgan. G’orda bo’lsa bizni juda ajoyib syurpriz kutyapti. Bundan 120 ming yil oldin ushbu hududlarda yashagan odamzodning ilk avlodlari yashagan maskanga kirganda odam g’alati bo’lib ketarkan, ko’z o’ngingdan uzoq tarix o’tadi, ular qanday qiyinchiliklarga duchor bo’lishgani haqida o’ylaysan. Bugungi kunga keguncha insoniyat uzoq taqqiyot yo’lini bosib o’tganligi va ulkan mehnat evaziga Homo Sapiens yani eng oliy jonzod bo’la olganligini tasavvur qilasan.

18. Bu bo’lsa ushbu rasmdan tashqari hamma rasmlarni muallifi ya’ni kamina!

Вам может понравиться

Добавить комментарий