Yetti mo’jiza g’oyasi qandai paydo bo’lgan?

Dunyoning yetti mo’jizasi haqidagi mufassal ma’lumotlar ko’pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Insoniyat tarixining turli davrlaridagi madaniyatning durdonalari sanalgan va dunyo mo’jizalari deb tan olingan obidalarni davr nuqtai nazaridan ikki guruhga bo’lish mumkin: qadimgi va yangi dunyo mo’jizalari. Shunisi e’tiborga loyiqki, qadimda va hozirgi zamonda dunyo mo’jizalari qatoriga aynan yettita obida kiritilgan.

Buning tarixi miloddan avvalgi V asrdagi qadimgi Yunonistonga borib taqaladi. 7 raqami Yunonistonda ovchilik, fan, san’at va bashoratlar ma’budi Apollonning muqaddas raqami hisoblangan. Oyning yettinchi kunida tug’ilgan Quyosh timsoli Apollonning o’qdonida yettita o’q, ushlab turgan musiqa asbobida yettita simtor va h.k. bo’lgan. Shu bois, yettita ulug’vor va ulkan obidalarning ro’yxatini tuzish orqali Apollonning qudratini namoyish etishga harakat qilingan. Dunyodagi qator xalqlarda, xususan, musulmon mamlakatlarida 7 raqami xosiyatli hisoblangan. Jumladan, kamalakning yetti rangi, oddiy ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan yetti osmon jismi, yetti olam, yetti iqlim, yetti aka-uka kabilarni xalq og’zaki ijodi va adabiyotlarda ko’plab uchratish mumkin. Bu raqam «yetti o’lchab bir kes» kabi o’zbek maqollarida ham o’z aksini topgan.

Apollon.

Dunyodagi yettita mo’jiza ro’yxatini ilk bor qadimgi yunon tarixchi olimi, geografiya va kartografiyaga oid bir qator ma’lumotlarni yozib qoldirgan Gerodot miloddan avvalgi V asrda tuzgan. Gerodot miloddan oldingi 484 yilda Kichik Osiyo qirg’oqlaridagi Galikarnas shahrida tug’ilgan. U turli mamlakatlarga sayohat qilib, yuz bergan voqyea va hodisalarning mohiyatini tushunib yetishga, ularni tahlil qilishga harakat qilgan. Olim ko’rgan-kechirganlarini yozib borish asosida 9 ta kitobdan iborat «Tarix» deb nomlangan mashhur asarini yozgan.

Birinchi kitobda olim Yunoniston va Bobil, ikkinchi kitobda – Misr, uchinchisida – Hindiston va Arabiston, to’rtinchisida -skiflar haqida ma’lumotlar keltirgan bo’lsa, qolgan beshta kitob turli urushlarga bag’ishlangan. Galikarnasda tug’ilgan Gerodot o’sha vaqtlardagi dunyoning yetti mo’jizasi deb atalgan obidalarni bevosita ko’rgan va o’z asarida ular haqida so’z yuritgan. Olim o’sha vaqtdagi dunyo mo’jizalariga Bobil minorasi, Frot daryosida qurilgan ko’prik, Fayum vohasidagi labirint, Yunonistonning Samos orolidagi uchta obida – tunnelga o’xshash Akveduk, oroldagi portda qurilgan damba va ma’buda Gera ibodatxonasini kiritgan.

Oradan bir asr o’tgach, miloddan avvalgi IV asrda vizantiyalik olim Filon o’zining «Yetti mo’jizalar haqida» asarida quyidagilarni dunyoning yetti mo’jizaviy obidalari qatoriga kiritgan:

  1. Faros orolidagi Aleksandriya mayog’i.
  2. Semirami-da (Bobil) bog’lari.
  3. Galikarnas maqbarasi.
  4. Misr ehromlari.
  5. Geliosning Rodosdagi ulkan haykali.
  6. Zevsning Olimpiyadagi haykali.
  7. Efesdagi Artemida ibodatxonasi.

Tarixning turli davrlarida dunyoning yetti mo’jizalari ro’yxatiga qadimgi Bobil devori, Aleksandriya kutubxonasi, Memnonning kuylovchi haykali, Afinadagi Akropol, Rimdagi Kolizey, Konstantinopoldagi (hozirgi Istanbul) Ayo Sofiya ibodatxonasi kabi inshootlar kiritilgan. Miloddan avvalgi IV asrda yashab o’tgan geograf va tarixchi Lusiy Ampelliy dunyoning mo’jizalari qatoriga yetti marta yettitadan, ya’ni 49 ta obidani, shu jumladan, Iroq va Erondagi neft manbalarini kiritgan.

Istanbuldagi Ayo Sofiya ibodatxonasi.

Geografiya asoschisi sanalmish Strabon ko’p mamlakatlarni kezib, ko’rgan-kechirganlari va kuzatishlarini 17 jildlik «Geografiya» deb nomlangan asarida bayon etgan. Strabonning kuzatishlari shu qadar aniqki, uning Dunay bo’yi hududlarini tasvirlashi bu mintaqaning hozirgi holatiga to’la mos keladi. Olim Mesopotamiya, Misr ehromlari, Semiramida bog’lari haqidagi turli ma’lumotlarni ham o’z asarida keltirgan.

Fransuz filologi va arxeologi Bernar de Monfokon 1697 yilda Yunonistonga yo’l olib, u yerda qadimgi manbalarning katta to’plamini yig’ishga muvaffaq bo’ldi. Olimning 20 yillik izlanishlari natijasi 10 jildlik «Qadimgi dunyo: izoh va suratlarda» deb nomlangan asardan joy olgan. Mazkur asarga kiritilgan Afinadagi Akropol.

Afinadagi Akropol

«Italiya kundaligi»da dunyoning yetti mo’jizasi haqida so’z yuritiladi. Bernar de Monfokon qadimgi manbalar asosida quyidagi obidalarni mo’jizalar qatoriga kiritgan:

  1. Misrdagi Fiva shahri.
  2. Bobil devorlari.
  3. Galikarnasdagi maqbara.
  4. Nildagi ehromlar.
  5. Rodosdagi Gelios haykali.
  6. Rim Kapitoliysi.
  7. Adrian qabri.

Uzoq vaqt foydalanib kelingan dunyoning yetti mo’jizasi ro’yxati tuzilgan vaqtda, ya’ni miloddan avvalgi III asrda bu obidalarning barchasi mavjud bo’lgan va kishilarni hayratga solgan. Makedoniyalik Aleksandr saltanati barpo etilgandan keyin har qanday sayyoh qadimgi O’rta dengiz atroflarini kezib, mazkur yetti mo’jizaning barchasini bir necha oy mobaynida o’z ko’zi bilan ko’rishi mumkin edi. Chunki bu obidalarning barchasi (Bobildan tashqari) dengizdan uncha uzoq bo’lmagan hududlarda joylashgan edi.

Vaqt o’tishi bilan qadimgi dunyoda yetti mo’jiza deb tan olingan obidalar asta-sekin vayronaga aylanib, yer yuzidan umuman yo’qola boshladi. Hatto, Rim saltanati davridagi sayyohlar yetti mo’jizaning barchasini ko’rishga muyassar bo’lishmagan. Bizning davrgacha qadimgi dunyoning yetti mo’jizalaridan eng qadimgisi sanalgan Misr ehromlarigina yetib kelgan. Ular ming yillar davomida tabiat va inson ta’siriga bardosh berib kelmokda.

Shveysariyalik kinorejissyor Bernard Veberning tashabbusi bilan 2007 yilda dunyoning yangi yetti mo’jizasini aniqlash bo’yicha telefon va Internet orqali so’rov o’tkazildi. Mazkur so’rovda sayyoramizning turli burchaklaridan 100 milliondan ortiq kishi ishtirok etdi.

O’tkazilgan ushbu so’rovda ham 7 raqamining o’ziga xos o’rni bor. Chunki, ushbu g’oya muallifi B.Veber ovoz beruvchilarga dunyodagi 77 ta obida orasidan 7 ta eng mo’jizalisini tanlashni taklif etdi. Ovoz berish yakunlarini e’lon qilish ham mo’jizali sanaga – 2007 yilning 7 iyuliga, ya’ni 07.07.07 ga belgilangan.

Eng ko’p ovoz olgan hozirgi vaqtda mavjud quyidagi obidalar yangi dunyoning yetti mo’jizasi, deb tan olindi:

  1. Buyuk Xitoy devori.
  2. Perudagi qadimgi inklar shahri Machu-Pikchu.
  3. Ior-daniyadagi tog’ga o’yib ishlangan Petra majmuasi.
  4. Meksika-ning Yukatan yarimorolidagi Chichen-Isa shahri.
  5. Rimdagi Ko-lizey.
  6. Hindistondagi Toj-Mahal maqbarasi.
  7. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Korkovadu tog’ida joylashgan Iso payg’ambarning ulkan haykali.

 Misr ehromlari bu ro’yxatga kiritilmadi, ammo mazkur inshootlar tashkilotchilar tomonidan yangi dunyoning «faxriy mo’jiza»si sifatida e’tirof etildi.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий