“Quyonlar qirg’og’i”

Spread the love

Dunyoda shunday ajoyib va jozibador mamlakatlar borki, ular o’zining uzoq tarixi, go’zal me’moriy obidalari va tabiiy maskanlari bilan butun dunyo sayyohlarini doim o’ziga maftun qilib kelgan. Yevropaning janubi-g’arbida, Pireney yarimorolining katta qismida joylashgan Ispaniya – ana shunday mamlakatlardan biri.

Turli manbalarga ko’ra, mamlakatning nomi finikiyaliklarning «i-shpanim» iborasidan kelib chiqqan bo’lib, «quyonlar qirg’og’i» degan ma’noni bildiradi. Aytishlaricha, O’rta dengiz sharqida yashagan finikiyaliklar Ispaniya yonidan suza turib, juda ko’p sonli quyonlarni ko’rishgach, mamlakatga shu nomni berishgan. Ispaniya turli tomondan suv bilan o’ralgan yarimorolda joylashgan. Shu bois, mamlakatning markaziy qismlari dengizdan bor-yo’g’i 300 km uzoqlikda joylashgan.

Ispaniyaning umumiy maydoni – 504,8 ming kv. km, aholisi -46,6 mln. kishi, aholi zichligi – 1 kv. km ga 80 kishini tashkil etadi. Qurukdik chegaralarning umumiy uzunligi – 1902 km, qirg’oq chizig’i – 4964 km.

Hududining xaritadagi ko’rinishi buqa terisining tortib quritilgan shaklini eslatadi. Ispaniya hududi Afrika va Yevropa o’rtasidagi ko’prik va O’rta dengizni Atlantika okeanidan ajratib turadigan to’siq hisoblanadi.

Ispaniya – jozibador mamlakat.

Eng tor joyida 14 km kenglikka ega Gibraltar bo’g’izi mamlakagai Afrikadan ajratib turadi. Atlantika okeanidagi dunyoga mashhur sayyohlik maskanlaridan bo’lgan Kanar va Balear orollari ham Ispaniyaga qarashli.

Ma’muriy tuzilishiga ko’ra Ispaniya 17 ta avtonom viloyatdan tashkil topgan. Viloyatlar esa, o’z navbatida, 50 dan ortiq provinsiyalarga bo’lingan. Shuningdek, Afrikadagi 2 ta avtonom shaharlar – Seuta va Melilya ham Ispaniya tarkibiga kiradi. Boshqaruv tizimi – konstitusion monarxiya, davlat boshlig’i – qirol, siyosiy va ijroiya hokimiyatga bosh vazir rahbarlik qiladi.

Ispaniya hududining relyefi xilma-xil bo’lib, bu yerda tog’ tizmalari va baland yassi tog’liklar ustunligi birmuncha seziladi. Tog’lar va yassi tog’liklar mamlakat hududining 90 foizini tashkil etadi. Maydonining katta qismi dengiz sathidan 700 m balandda joylashgan. Jumladan, Yevropadagi eng yirik va balandligi o’rtacha 700 m.ga yaqin bo’lgan Meseta yassi tog’ligi Ispaniya maydonining yarmini egallaydi. Mamlakat poytaxti Madrid esa Yevropa-dagi dengiz sathidan eng balandda joylashgan shahardir.

Kanar orollaridagi Teyde tog’i – Ispaniyaning eng baland nuqtasi.

Pireney tog’lari parallel tarzda joylashgan, g’arbdan sharqqa tomon 450 km. ga cho’zilgan bir nechta tog’ tizmalaridan iborat. Ispaniyadagi yagona pasttekislik – Andalusiya mamlakat janubida joylashgan. Andalusiya pasttekisligidan mamlakatning eng katta daryosi Gvadalkvivir oqib o’tadi. Mazkur daryo quyi qismida kemalar harakat qila oladigan yagona daryo hisoblanadi. Qolgan barcha daryolar tog’lardan oqib tushishi sababli, kemalar harakati uchun yaroqli emas.

Ispaniya – Yevropadagi eng iliq mamlakatlardan biri. Bu yerda quyoshli kunlarning soni yiliga 260-285 kunni tashkil etadi. Urta dengiz bo’ylarida yillik o’rtacha harorat +20°S ni tashkil etadi. Mamlakatning faqat shimoliy va markaziy qismlarida qishda harorat 0°Sdan pastga tushishi mumkin. Yozda hududining aksariyat qismida harorat +40°S dan yuqori bo’ladi. Iqlim dengizga yaqin hududlarda yumshoq, ammo markaziy tog’li hududlarda keskin o’zgaruvchan. Dengiz bo’yi hududlarda 2000 mm.gacha, tog’li markaziy hududlarda 500 mm.gacha yog’in yog’adi. Hayvonot dunyosida Markaziy Yevropa va Shimoliy Afrikada yashaydigan fauna vakillari ustun. Bu yerda qo’ng’ir ayiq, silovsin, bo’ri, kiyik va mamlakatning nomida aks etgan quyonlar juda ko’p.

Mamlakat janubida bodom, xurmo, shakarqamish, anjir, anor va paxta yetishtiriladi. Mamlakat bodom eksporti bo’yicha Yevropada yetakchi o’rinni egallaydi. Iqlimining yumshoqligi bois, shakarqamish Yevropada faqat Ispaniya hududida o’sadi.

Ispaniya tashrif buyurayotgan sayyohlarning soniga ko’ra (62 mln. kishidan ortiq) dunyoda birinchi o’rinda turadi. Tashrif buyurayotgan sayyohlarning 95 foizidan ortig’i – Yevropa mamlakatlari fuqarolaridir.

Ispanlar tarixda mamlakat nomini butun dunyoga yoygan buyuk sayyohlari va ular amalga oshirgan sayohatlar bilan faxrlanishadi. Shu bois, 12 oktyabr – Kolumb tomonidan Amerika kashf etilgan kun Ispaniyaning milliy bayrami – Ispan millati kuni, deb belgilangan.

Kataloniya san’ati milliy muzeyi.

Ispaniya ochiq osmon ostidagi muzey sanaladi. Bu mamlakatning bepoyon kengliklari butun dunyoga mashhur bo’lgan turli madaniy va tarixiy obidalarni o’z bag’rida saqlab kelmoqda. Mamlakatning eng mashhur muzeylaridan biri – Madriddagi Prado muzeyidir. Islom va nasroniylik me’morchiligining eng buyuk an’analarini o’zida mujassam etgan Ispaniyadagi qator obidalar haqiqatan ham mo’jiza inshootlar hisoblanadi. Shuningdek, Ispaniyadagi Pikasso muzeyi, Meyor Plaza, Barselonadagi Kataloniya milliy san’at muzeyi kabi maskanlar butun dunyoga mashhur.

Korrido (Matadorlarning ochiq arenada buqa bilan olishuvi)

Matadorlarning ochiq arenada buqa bilan olishuvi – korridani minglab ispaniyaliklar tomosha qiladi. Madrid shahrida Ispaniyadagi eng yirik – 23 ming tomoshabinni sig’dira oladigan korrida arenasi joylashgan.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий