Ming orollar mamlakati

Spread the love

Tinch va Hind okeanidagi minglab orollardan tashkil topgan Indoneziya – dunyoning eng maftunkor mamlakatlaridan biri. U maydonining kattaligi bo’yicha va aholisining soniga ko’ra, Janubi-sharqiy Osiyodagi eng yirik mamlakat.

Indoneziya – dunyodagi eng yirik arxipelag bo’lib, Tinch va Hind okeani o’rtasida ekvator bo’ylab 5120 km.ga cho’zilib ketgan. Mamlakat hududi 17508 ta orolni o’z ichiga olib, ulardan faqat 6000 tasida aholi yashaydi. Qirg’oq chizig’ining uzunligi 80 ming km, mazkur ko’rsatkich bo’yicha Indoneziya dunyoda yetakchi o’rinni egallaydi. Eng yirik orollari – Yava, Sumatra, Kalimantan (shimoliy qismidan tashqari), Yangi Gvineya (g’arbiy qismi) va Sulavesidir. Quruqlikda Malayziya, Bruney, Sharqiy Timor bilan, dengiz orqali – Malayziya, Singapur, Filippin va Avstraliya bilan chegaradosh. Poytaxti – Yava orolida joylashgan Jakarta shahri (aholisi – 9,58 mln. kishi). Mamlakatda indonez tili rasmiy til bo’lib, u juda oddiy tuzilishga va fonetikaga ega (unda tovushlar yo’q). Shu bois, indonez tili dunyodagi o’rganish oson bo’lgan tillardan biri sanaladi. Boshqaruv tizimiga ko’ra – respublika, davlat boshlig’i – prezident.

Indoneziya ma’muriy-hududiy tuzilishi bo’yicha unitar mamlakat. Hududi ko’p ming sonli orollardan tashkil topgan bo’lsada, 33 ma’muriy-hududiy birliklarga: 31 ta provinsiya va maqomi bo’yicha ularga teng bo’lgan 2 ta okrugga bo’lingan.

Mamlakatning nomi «Hindiston» (inglizcha «India») toponimining yunoncha «nesos» (orol) so’zi bilan birlashmasidan kelib chiqqan bo’lib, «Oroldagi Hindiston» ma’nosini bildiradi. «Indoneziya» nomi mamlakatga nisbatan XVIII asrning oxirlaridan boshlab ishlatila boshlagan. Uzoq vaqt davomida mamlakat «Ost-Indiya», ya’ni «Sharqiy Hindiston» nomi bilan atalgan.

Indoneziyada Yer yuzidagi odamlarning eng qadimgi tarqalish hududlari joylashgan. Yava orolidan topilgan qadimgi odam qoldiqlarining yoshi 2 mln.dan 500 ming yilgacha ekani taxmin qilinadi. Uzoq vaqt faqat osiyoliklarga ma’lum bo’lgan Indoneziya hududiga birinchi yevropaliklar 1512 yilda portugaliyalik dengizchi-sayyoh Fransishku Serran boshchiligida kelishgan. Indoneziya orollarining katta qismini egallagan portugallar Molukk orollarining o’sha vaqtda Yevropada yuqori baholangan ziravorlari bilan savdo-sotiq qilishni o’z nazorati ostiga olishgan. XVII asrda Indoneziyada portugallarning o’rnini gollandlar egallab, 1602 yilda Indoneziyaning katta qismini nazorat qilgan «Ost-Indiya» kompaniyasi tashkil etilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin, 1945 yilning 17 avgustida Indoneziya o’z mustaqilligini qo’lga kiritgan.

Indoneziya o’ziga xos me’morchilikka ega.

Indoneziyaning umumiy maydoni – 1,92 mln. kv.km, aholisi 231 mln. kishi. Aholi zichligi – 1 kv.km.ga 134 kshpi. Yava oroli aholi zichligi bo’yicha dunyoda birinchi o’rinni egallaydi va bu yerda 1 kv. km.da o’rtacha 940 kishi yashaydi. Mamlakat aholisining 58 foizi ushbu orolda yashaydi. Aholi sonining o’rtacha yillik o’sishi- 1,9 foiz.

Bali orolidagi obida.

Indoneziya – dunyoviy mamlakat. Ammo mamlakat hukumati 6 ta din – islom, protestantizm, katolisizm, hinduizm, buddizm va konfusianlikni rasman tan olgan. Mamlakat aholisining aksariyat qismi (86,1 foiz) XIII asrdan boshlab mamlakat hududida tarqalgan islom diniga e’tiqod qilib, Indoneziya dunyodagi eng yirik musulmon mamlakati hisoblanadi. Shuningdek, mamlakat aholisining 9 foizi nasroniylik, 3 foizi – hinduizm, 2 foizi boshqa dinlarga e’tiqod qiladi.

Mamlakat tabiatiga bog’liq holda uning relyefi ham xilma-xil. Indoneziya va Okeaniyadagi eng baland nuqta – Yangi Gvineya orolining g’arbiy qismidagi Puncha-jaya tog’i bo’lib, uning balandligi 5030 m. Mamlakatning eng yirik daryolari – Maxakam va Barito Kalmantan orolida joylashgan. Eng yirik ko’l – Toba Sumatra orolining markazida joylashgan bo’lib, uning maydoni 1145kv. km.

Krakatau vulqoni.

Indoneziya hududi «Tinch okean olovli halqasi» deb nomlangan yirik tektonik yoriqda joylashgan. Shu sababli, mamlakat hududida 150 dan ortiq harakatdagi vulqonlar mavjud, ulardan eng yiriklari Krakatau va Tamboradir. Ma’lumotlarga ko’ra, miloddan 74 ming yil avval Indoneziyada insoniyat tarixidagi eng kuchli vulqon otilishi natijasida arxipelagdagi jonzotlar, shu jumladan, mavjud aholining soni keskin qisqargan. Indoneziyada tez-tez kuchli va katta vayronalarga olib keluvchi zilzilalar bo’lib turadi.

Ekvator atrofida joylashgani sababli, Indoneziya hududi yil davomida ikki marta o’zgaruvchi quruq va nam mussonli tropik iqlimga ega. Tekisliklarda yiliga o’rtacha 1800 – 3200 mm, tog’li hududlarda, ya’ni Sumatra orolining g’arbiy qirg’oqlarida, Kalimantan, G’arbiy Yava, Sulavesi va Papua orollarida 6000 mm.dan ko’p yog’in yog’adi.

Hududida yashaydigan biologik turlarning soni va ularning xilma-xilligiga ko’ra Indoneziya dunyoda Braziliyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Mamlakat hududining 60 foizini o’rmonlar egallagan. Indoneziya endemik turlarning soni bo’yicha dunyoda faqat Avstraliyadan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Mamlakatda mavjud 1531 turdagi qushlarning 36 foizi, 515 turdagi sut emizuvchilarning 39 foizi endemik bo’lib, ular dunyodagi boshqa biror hududda uchramaydi.

Mamlakatning ba’zi orollaridagi tabiatga haligacha inson qo’li tegmagan va bunday hududlar o’zining tabiiy holatini saqlab kelmoqda.

Ba’zi bir uzoq orollardagi aholi hozirgacha yovvoyi tarzda hayot kechirib, dunyoning, jumladan mamlakatning boshqa rivojlangan qismlaridagi sivilizasiya ular uchun begonadir. Indoneziyadagi ayni shu rang-baranglik butun dunyo sayyohlarini o’ziga mahliyo etib, bugungi kunda mamlakatning inson oyog’i kamdan-kam yetgan qismlariga sayohat qilishni istaydiganlar soni tobora ko’payib bormoqda.

Yava karkidoni – endemik turlardan biri.

Вам может понравиться

Добавить комментарий