Havoda bunyod etilgan bog’

Spread the love

Havoda yaratilgan va yashnab turgan bog’ haqida eshitganmi-siz? «Havodagi bog’» so’zi, albatta, kishini hayron qoldiradi. Ammo qadimgi Bobilda bunyod etilgan bog’ tarixda dunyoning yetti mo’jizasidan biri sifatida «Semiramidaning osma bog’lari» nomi bilan qolgan. Mazkur inshootning aniqroq nomi – Amitis-ning osma bog’lari.

Miloddan avvalgi 605-562 yillarda Bobilda hukmronlik qilgan podshoh Navuxodonosor II o’zining azaliy raqibi, Bobil-ni ikki marta yakson qilgan assiriyaliklarga qarshi kurash uchun Midiya podshohi Kiaksar bilan ittifoq tuzadi. Assiriya ustidan g’alaba qozongach, ikkala podshoh uning hududini bo’lib olishadi. Tuzilgan ittifoqning tasdig’i sifatida Bobil podshohi Navuxo-donosor II Midiya podshohining qizi Amitisga uylanadi. Tog’li, yam-yashil hudud Midiyada o’sib, katta bo’lgan Amitisga chang-to’zon va sershovqin Bobil yoqmaydi. Shu bois, rafiqasining ko’nglini olishmaqsadida Navuxodonosor saroy yonida osma bog’ yaratishga buyruq beradi.

Qadimgi Bobilning qayta tiklangan Ishtar darvozasi.

Osma bog’ va uning ichida malikaning yotog’ini barpo etish uchun qadimgi podshohlikning barcha kuchlari, me’mor va matematikla-rining bor tajribasi safarbar etilgan. Manbalarda yozilishi-cha, «osma bog’ni barpo etib, Bobil muhabbat sharafiga dunyodagi eng buyuk obidani yaratishga qodir ekanini butun dunyoga namoyish qilgan». Ammo malika Amitisning nomi avlodlar xotirasida o’sha zamonda Assiriyaning hukmdori bo’lgan buyuk malika Semiramida-ning nomi bilan almashib ketgan. Shu sababli mazkur obida «Se-miramidaning osma bog’lari» nomi bilan tarixda qolgan.

Bobildagi osma bog’ qariyb 200 yil yashnab turgan. Me’moriy nuqtai nazardan osma bog’ to’rt qavatli supalardan iborat ehromdan iborat bo’lgan. Supalar balandligi 25 metr bo’lgan baquvvat tosh ustunlarning ustida bunyod etilgan. Supaning pastki qavati uzunligi 42×34 metr bo’lgan noto’g’ri to’rtburchak shaklida bo’lgan.

Bog’ning ikkinchi qavati va uning asosi o’rtasida malika Amitis uchun hashamatli xonalar qurilgan.

Boqqa ekilgan daraxt va ekinlarni sug’organ vaqtda pastki qavatlarga suv sizib o’tishining oldini olish uchun toshdan barpo etilgan supalar ustiga dastlab qalin qamish qoplama to’shalgan. Qamishning ustiga bostirilgan asfaltga qo’rg’oshin quyilib, so’ng qalin qatlamli unumdor tuproq yotqizilgan. Osma bogga unumdor tuproq tuya karvonlari bilan Frot daryosining quyy qismidagi hududlardan olib kelingan. Boqqa turli o’tlar, gullar, buta va daraxtlar ekilgan. Shuning uchun ham to’rt qavatli supadan iborat ehromning ko’rinishi doim yashnab turuvchi tepalikni eslatgan.

Bog’ni ko’tarib turgan ustunlardan birining ichiga quvurlar joylashtirilgan. Yuzlab xizmatkorlar kechayu-kunduz tinmay charmdan yasalgan chelaklar bilan jihozlangan charxpalakni aylantirib, bir necha kilometr uzoqdagi Frot daryosidan olib kelingan suvni bog’ning tepasiga ko’tarib berishgan. Suv tepadan pastga har bir qavatda taralgan quvurlar tizimi orqali yetkazilgan. Shu bois, Bobilning quruq va issiq iqlim sharoitida osma bog’dagi o’simliklar sun’iy sug’orish yo’li bilan yil davomida bir xilda yam-yashil saqlangan. Bobil sharoitida noyob o’simlik turlari va xushbo’y gullarga boy osma bog’ni yaratish haqiqatan ham mo’jiza edi.

Osma bog’ – cho’ldagi jannat bo’lgan.

Ammo Bobilning boshqa mamlakatlar tomonidan bosib olinishi natijasida Navuxodonosorning saroyi va osma bog’ asta-sekin vayronaga aylana boshlagan. Bobil podshohining saroyida hasham bilan jihozlangan 172 ta xona bo’lgan. Miloddan avvalgi IV asrda mazkur saroy Makedoniyalik Aleksandrga qarorgoh vazifasini o’tagan. Chunki, miloddan avvalgi 331 yilda bobilliklar Aleksandr Makedonskiyga chopar yuborib, Bobilga hukmronlik qilishni so’rashgan. O’sha vaqtlarda dunyodagi eng yirik shaharlardan biri sanalgan Bobilning boyligi va me’moriy obidadarining ulug’vorligidan xabardor Aleksandr ushbu taklifni qabul qilgan.

323 yilda uzoq harbiy yurishlardan charchagan Makedoniyalik Aleksandr betob bo’lgach, dardiga darmon bo’la oladigan yagona joy -yorqin quyosh nurlari, jilg’a suvining shildirashi hamda o’rmon daraxtlari va o’tlarining hidi mujassam bo’lgan osma bog’ga olib borishni buyurgan.

Aleksandr vafot etgach, u tuzgan saltanat tanazzulga uchrab, bo’laklarga bo’linib ketgan. Hukmdorlarning tez-tez o’zgarishi natijasida Bobildagi osma bog’ qarovsiz qolib, o’z holiga tashlab qo’yilgan. Dastlab bog’dagi o’simliklar qurigan, so’ng kuchli toshqin osma bog’ni ko’tarib turgan ustunlar ostidagi asosni yemirgach, inshoot qulab, vayron bo’lgan. Bugungi kunda Bobilda bo’lgan sayyohlarga g’isht va tosh bo’laklariga to’la tepaliklardan birini Semiramidaning osma bog’larining qoldiqlari, deb ko’rsatishadi.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий