Daydi toshlar vodiysi

Spread the love

Harakatlanuvchi toshlar vodiysi – bu geologiyada noyob hodisadir. Vodiy qurib qolgan qadimgi Reystreyk-Playya ko’li tubida, AQSh ning Kaliforniya shtatidagi O’lim vodiysi janubida joylashgan.Vodiy tekislikdan iborat bo’lib, uning tuproqli yuzasida toshlar sekin harakatlanadi. Buni toshlar qoldirgan izlardan ham bilish mumkin.

Bu vodiy suvsiz cho’l bo’lib unda tuproq va suv harorati gohida baland gohida esa past bo’ladi. Kamdan-kam uchraydigan suv havzalari achchiq-sho’r ta’mga ega. Faqatgina kamyob yomg’irlar yog’ishi natijasida hosil bo’luvchi mavsumiy jilg’alar bepoyon ko’ringan vodiy bo’ylab oqadi, ular ham o’ta sho’r ta’mga ega. Yomg’ir yog’gan paytlar faqat tog’ yonbag’irlaridagina ozgina chuchuk suv topish mumki.
Qurib qolgan qadimgi Reystreyk-Playya ko’li hozirda sho’r tuproqli tekis yuzadan iborat bo’lib, uning uzunligi 4,5 km, kengligi esa o’rtacha 2,2 km. Ochiq cho’l kengligi balandligi 3300 m.gacha boradigan tog’ tizmalari bilan qurshab olingan. Manzaraning bir xilligini vodiy o’rtasida joylashgan qoyalargina o’zgacha qilib turadi. Yoz faslida vodiy oftobning kuydiruvchi nurlari ostida qoladi, kunduzgi harorat o’rtacha 50 oC ni tashkil etadi. Biroq qishda vodiyda dovuldek kuchli shamol, qor va xatto izg’irin hukmron bo’ladi.

Ko’l tubining yorilib ketgan yuzasini “harakatlanuvchi toshlar” egallagan. Ularning ko’p qismi Reystreyk-Playyaning janubiy qismida joylashgan dolomit (mineral) do’ngligidan tushgan. Bugungi kungacha olimlar bu hodisaning sababini izohlab bera olmaganlar. Bu sirli hodisani tushuntirib beruvchi bir nechta farazlar mavjud. 1998-yilda Kaliforniyaning daydi toshlari mavzusida dissertasiya himoya qilingan.
Ko’l tubi maydoni bo’ylab ko’plab sudralib yuruvchi tosh palaxsasini ko’rish mumkin. Ularning asosiy yo’nalishi – janubdan shimolga va shimoldan janubga. Lekin gohida toshlar o’z yo’nalishini o’zgartiradi, qarama-qarshi tomonga burilib, ularning yo’llari o’zaro kesisishi ham mumkin. Toshlarning izlari 3-5 metrdan bir necha yuzlab metrlarga cho’zilishi mumkin.
Toshlar yon tomonga aylanib olishi, biror manevr bajarishi, gohida esa ag’darilishi ham mumkin. Ayniqsa, vodiyning o’rtasida ular yanada faollashadilar.
Bu g’ayrioddiy hodisani o’rganish 1948-yildanoq boshlangan. Reystreyk-Playyaning tubida tadqiqot ishlarini olib borgan birinchi geolog Tomas Klement bo’lgan. U 1952-yilda daydi toshlar vodiysiga yo’l oladi. Toshlarning qanday harakatlanayotganligini ko’rish orzusi bilan geolog sahroda uzoq vaqt yashab qoladi. Bir kuni kechqurun vodiyda yog’ingarchilik boshlanadi. Tuni bilan yomg’ir yog’ib kuchli shamol bo’ladi. Ertalab Klement palatkasidan chiqqanida toshlar avvalgi joyidan qo’zg’alganligini ko’radi. Toshlarning tuproqdagi izlari shundan darak berib turar edi. Shu kuni olim bir xulosaga keladi: yog’ingarchilik sababli tuproqli yuza yumshagan va sirpanuvchan bo’lib qolgan. Uning fikricha, yomg’ir katta dumaloq toshlarning oson sirg’alishi uchun imkon bergan. Klementning aytishicha, ayrim toshlar sinxron harakatlangan bo’lsa, ayrim yonma-yon joylashgan toshlarning izlari qarama-qarshi tomonga harakatlanganligini ko’rish mumkin.

Kaliforniyadagi San-Xose Universiteti geologi Pola Messina bu toshlarni 1993-1995-yillar oralig’ida kuzatib bordi va shu mavzuda dissertasiya yoqlab, daydi toshlarni tadqiq qilishga o’z hissasini qo’shdi. Ma’lum bolishicha, ular dolomit toshlar bo’lib, platoni o’rab turgan tog’ tizmasidan vodiyga kelib tushgan. Vodiy yuzasi esa yomg’ir suvlari bilan tog’lardan oqib kelgan mayda tuproq zarrachalaridan tashkil topgan bo’lib, aynan shu tuproqlar toshlarning sirg’alishini ta’minlaydi. Tadqiqotlar natijasida, yomg’irdan so’ng sirpanuvchan bo’lib qolgan qatlamdan bakteriyalarning alohida koloniyalari ham topilgan.
Besh yillik izlanishlar natijasida Messina mazkur hodisa bo’yicha hyech qanday yangi farazni ayta olmadi. U boshqa olimlarning toshlarni harakatga keltiruvchi kuch turli omillarga bog’liq ekanligi haqidagi fikrlarini qo’llab- quvvatlaydi, lekin shu omillarning eng asosiysini topishga muvaffaq bo’lmadi.
2010-yilda NASA boshchiligida daydi toshlar hodisasini o’rganish uchun bir guruh talabalar va 17 nafar tadqiqotchilar vodiyga yo’l oldilar. Kuzatishlar natijasida ma’lum bo’ldiki, og’irligi 320 kg ni tashkil etuvchi vodiydagi eng og’ir tosh 31 kun ichida 18 metr masofani bosib o’tdi. Shuningdek, amerikalik olimlarning kuzatuvlari natijasida toshlarning shakli, og’irligi va o’lchami uning harakatlanishida hyech qanday ahamiyatga ega easligi ma’lum bo’ldi. Har bir tosh o’zicha g’aroyib va tushuntirib bo’lmaydigan hayot tarzini kechiradi. Gohida toshlar o’zidan parallel iz qoldirib juft bo’lib harakatlanadi. Plato yuzasining og’ishi har kilometrda 1-2 smdan oshmaydi. Ko’pgina zigzagsimon zovurlar deyarli gorizonlat hudud bo’yicha o’tadi. Ayrim joylarda izlar tugagan joylarda esa hatto toshlar uchramaydi.
Olimlar zilzila, kuchli yer tortishishi, suv oqimlari va magnetizm toshlarni harakatga keltiradi deb hisoblashar edi. Biroq o’tkazilgan tajribalar va o’lchashlar barcha o’rtaga tashlangan farazlarni yo’qqa chiqardi.Shuningdek, 50-yillarda Jorj Stenli toshlar muz bilan qoplangan yuza ustida harakatlanishini aytib o’tgan. Bu faraz ham tajriba orqali tekshirib ko’rilgan. Mazkur farazga ko’ra, nol darajadan past tungi harorat natijasida cho’l yuzasi muz bilan qoplanadi va natijada toshlar bemalol harakatga keladi. Bu farazni tekshirish uchun NASA ham tadqiqotlar o’tkazdi. Izlanishlardan shu narsa ma’lum bo’ldiki, muz qoplamasi sababli katta toshlar kichik toshlarga qaraganda ko’proq masofaga harakatlanadi, chunki katta toshlar harakatdan to’xtashi uchun vaqt kerak bo’ladi.
Biroq, tadqiqotchilarning fikricha, bu faraz ham mazkur hodisani to’lig’icha ochib bera olamaydi. Olib borilgan bir qancha izlanishlardan so’ng shu narsa ma’lum bo’ldiki, toshlar faolligi va Reystreyk-Playyaning toshli hududi orasidagi bog’liqlik aniqlandi. Vodiyni o’rab turgan tog’larning o’ziga hos geometriyasi tufayli dovuldan so’ng shamol ikki oqimga bo’linib murakkab harakatlanadi. Natijada oqimlar cho’l bo’ylab tartibsiz harakat qiladi. Shamol oqimlari markazda uchrashib kichik tornado hosil qiladi va domiga tushgan toshlarni harakatga keltiradi.
Cho’ldagi barcha toshlar raqamlangan va hatto ayrimlariga nomlar ham qo’yilgan: Mary Ann, John, Karen, Nancy, Silviya va hokazo.
Yana shunisi ham qiziqki, yonma-yon turgan toshlardan biri to’satdan qarama-qarshi tomonga harakatlana boshlaydi, lekin yaqin atrofda turgan boshqa toshlar joyida turaveradi.
Richard Norris boshchiligidagi paleobiolog olimlar harakatlanuvchi toshlar sirini topganliklarini aytib tadqiqot natijalarini PLoS ONE jurnalida e’lon qildilar. Buning uchun 2011-yilning qish faslida tabiiy toshga o’xshash 15 ta toshni (mahalliy ma’muriyat tajriba chog’ida vodiydagi toshlardan foydalanishga ruhsat bermagan) qurib qolgan ko’l tubiga joylashtirildi. Tadqiqotchilar obektlarga yuqori aniqlikka yega navigasion uzatgichlar o’rnatdilar va ular orqali sun’iy va tabiiy toshlarning holati o’zgarishini kuzatdilar.
2013-yil dekabr oyida Reystreyk-Playya ko’li tubi tahminan 8 sm.gacha suv bilan qoplangan va toshlar harakatga kela boshlagan. Ayrim toshlar 5 m/s tezlik bilan 3 millimetrga siljigan bo’lsa, boshqalari bir soniyada bir necha santimetrgacha harakatlangan.
Ayozli tunlardan so’ng kun havo ochiq bo’lan kunduz kunlari toshlar bir necha soniyadan 16 daqiqagacha harakatlangan. Tongda quyosh chiqishi bilan muzlar eriydi. Shamol ta’sirida bu toshlar muz plastinalari va loy tuproq ustida harakatga kelgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, toshlarning harakatga kelishiga bir nechta omillar ta’sir ko’rsatadi: qishda haroratning keskin o’zgarishi, shamol va ko’l tubidagi tuproq hususiyati.
Olimlar obektlarning harakatlanishiga iqlim va iqlim o’zgarishi ta’sir ko’rsatadi, deb taxmin qilmoqdalar. Ularning fikricha, global isish tufayli bu hodisa tobora kamroq ro’y bera boshladi.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий