To’polondaryo

Surxondaryo viloyatidagi daryo. Hisor tizmasining janubiy yon bag’ridan boshlanadi.

Surxondaryoning eng sersuv o’ng irmog’i. Uzunligi 117 km. Suv yig’ish maydoni 2200 km2. Eng yuqori oqimi Sariosiyo yoki Korasuv, so’ngra Talishush deb ataladi. G’ovasoy qo’shilgandan so’ng To’polondaryo nomini oladi.

Boshlanish joyidan Zarcho’p qishlog’iga qadar chuqur va tor, ba’zi joyida kanonsimon vodiydan oqadi. Vodiyning kengligi 20—30 m dan 200 m gacha. Zarcho’p qishlog’idan o’tgandan so’ng daryo vodiysi bir oz keng, yon bag’irlari qiya. Tog’lar orasidan chiqqach, qayirdan tashqari yana 3 ta ko’hna qayir (terrasa) hosil bo’lgan.

To’polondaryoning bir qancha irmoqlari bor. Ulardan eng yiriklari: chapdan — Oybeksuv (21 km), Xovatsoy (42 km), Kishtutsoy (61 km), Dashnobod (64 km); o’ngdan — Shatrut (25 km), Chosh (37 km); Balandsoy (18 km). To’polondaryo asosan, mavsumiy qor va muzliklar suvidan to’yinadi. Havzasida umumiy maydoni 22,5 km2 ga yaqin muzlik va qorliklar mavjud. Qor chizig’i o’rtacha 3900 m balandda. Eng ko’p sutkalik suv sarfi (470 m3/sek.)

1941 yil yanvar oyida va eng kam suv sarfi (5,48 m3/sek.) 1946 yil dekabr oyida kuzatilgan. Yillik suv hajmining 51,8% mart — iyun, 37,4% iyul — sentyabr, 10,8% oktyabr — fevral oylarida oqib o’tadi. Bir yilda o’rtacha 850 ming tonna loyqa olib keladi. Daryo vodiysida yong’oqzor, archazor, yaylovlar bor.

To’polondaryodan chiqarilgan Hazorbog’ kanali Denov, Sho’rchi, Qumqo’rg’on tumanlarini suv bilan ta’minlaydi.

Manba: O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Вам может понравиться

Добавить комментарий