Telefon batareyasi uzoq vaqt xizmat qilsin, desangiz…

Bugungi elekron qurilmalarning eng nozik ehtiyot qismlaridan biri, bu — batareyalardir. Ayniqsa, eng so‘nggi rusumlardagi qo‘l telefoniga ega kishilar batareyaning tezda “o‘tirib” qolishidan nolishadi. Quyidagi tavsiyalarimiz ulardan foydalanish muddatini imkon qadar uzaytirish va to‘g‘ri saqlash bo‘yicha bo‘ladi.

Avvalo, yangi telefon yoki batareya sotib olganlar batareyaning yaxshi ishlashini ta’minlash uchun birinchi 2-3 marta to‘liq quvvatsizlanganidan keyin 10-12 soat davomida zaryadlashi maqsadga muvofiq. Unutmaslik lozimki, batareyani 24 soatdan ortiq tinimsiz quvvatlash uning shikastlanishiga olib keladi.

Mutaxassislar batareyaning yaxshi holatda saqlab turish uchun oyda bir marotaba telefon avtomatik ravishda o‘chgunga qadar quvvatlamaslikni tavsiya qiladi.

Bir necha yuz marta quvvatlantirilgach, uning samaradorligi tabiiy ravishda pasayib boradi. Bu paytda yangi batareya sotib olish foydadan holi bo‘lmaydi.

Faqatgina telefon imkoniyatlariga mos keluvchi batareyalardan foydalaning.

Telefon xotirasidagi ma’lumotlar o‘chib ketmasligi uchun batareyani olishdan avval telefonni o‘chiring.

Quvvatlash moslamasidan foydalanmagan paytda uni elektr manbaidan uzib qo‘ying. To‘liq zaryadlangan batareyani quvvatlash moslamasiga ulangan holda qoldirmang. Bu uning yaroqlilik muddatini kamaytirishi mumkin.

O‘ta issiq yoki o‘ta sovuq haroratda batareyaning ishlash hajmi, vaqti qisqarishi mumkin. Undan +15 darajadan +25 darajagacha haroratda foydalanishga harakat qiling.

Olov ichiga tushgan batareya portlashi mumkin. Tanga, igna kabi metal buyumlar batareyaning “+” va “-” qutblariga ulangan taqdirda qisqa tutashuv ro‘y berishi ehtimoli yuqori. Shuningdek, shikastlangan quvvatlagich va batareyalardan foydalanmaslik, ularni boshqa chiqindilar qatori chiqindixonaga emas, maxsus qayta ishlash shahobchalariga topshirgan ma’qul.

Signal mavjud bo‘lmagan joylarda telefonni o‘chirib qo‘ying. Chunki muntazam ravishda aloqa tarmog‘ini qidirish batareya quvvatini kamaytiradi. Agarda bunday paytlarda telefondan foydalansangiz, uni “uchish” rejimiga sozlab qo‘ying.

Bir martalik quvvatdan uzoqroq foydalanmoqchi bo‘lsangiz, kiruvchi qo‘ng‘iroqlar ovozini imkon qadar pasaytirib, “vibratsiya”ni o‘chirib qo‘ying.

Vaqti-vaqti bilan batareyaning musbat va manfiy qutblarini spirtga botirilgan paxta bilan tozalab turing.

Telefonni quvvatlash vaqtida issiqlik yutuvchi buyumlar ustiga qo‘ygan ma’qul. Masalan, taxta, kitob, metal buyumlar va hokazo.

mAh — milli amper-soatning qisqartirilgan shakli bo‘lib, elektr zaryadi birligi hisoblanadi. U qanchalik baland bo‘lsa, telefondan ko‘proq foydalanish mumkin.

Android operatsion sistemasida ishlovchi telefonlar ekrani ko‘p miqdorda energiya talab etadi. Shu bois, agar android telefon ishlatsangiz, imkon qadar ekran yorug‘lik darajasini pasaytiring.

manba: Sangzor.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий