Tarixda qolgan firibgarliklar

Insoniyat yaralibdiki bir-birini chuv tushirish payida. Buning uddasidan chiqqan shovvozlar shu qadar ko’pki ular haqida hikoya qilib tugatib bo’lmaydi.Eramizdan avvalgi 246 yildayoq qo’lyozmalarni «eskirtirib», qadimiy pergament asarlar sifatida sotgan qalloblar fosh etilgan. Ba’zan firibgarlarning qilmishlari ommaga oshkor bo’lmay qoladi, boplab ketgan ustamon-ku sirini bermasligi tayin, lekin chuv tushganlar ham ko’pincha tilini tishlashga majbur bo’ladi. Shu tariqa tarix g’ildiragi necha-necha firiblarni ortda qoldirgan. Biz bugun ma’lum bo’lgan eng mashhur firibgarliklar o’nligini e’tiboringizga havola etamiz.

10. Jamiyatning eng yuqori qatlami tomonidan uyushtirilgan firiblar ichida Filippin prezidenti Markos va uning xotini Imelda birinchi o’rinni egallashgan. Filippinda bo’lib o’tgan prezidentlik saylovlarida Markos aldov yo’lib bilan yutib chiqqanligi to’g’risida xabarlar tarqalishi bilanoq prezident janoblari va birinchi raqamli Imelda xonim davlatga tegishli 860 million dollarni olgancha samolyotga chiqib g’oyib bo’ladilar.

9 . 1966 yilda Kanada portida bir firibgar o’g’ri soxta hujjjatlar bilan butun boshli kemani o’g’irlab ketadi. Bu jinoyat bir kishi tomonidan o’g’irlangan eng yirik buyum sifatida ham tarixda qolgan.

8. 1989 yilda italiyaning Del Lavoro Milliy banki soxta hujjatlar tufayli 5 milliard dollardan ayriladi.

7 . Me’morlik sohasidagi eng yirik firibgarlik 1961 yilda avliyo Ignasio cherkovi qurilishida amalga oshirilgan deb hisoblanadi. Cherkov ustiga katta qubba qurilishi mo’ljallangan, lekin buning uchun ajratilgan mablag’ noinsof quruvchilar tomonidan «yeb» yuborilgani uchun ish o’lda-jo’lda qolib ketgandi. Shunday bo’lsa-da, ruhoniylar muammoni vaqtincha bo’lsa-da, xaspo’shlashning uddasidan chiqdilar. Rassomlar cherkov shiftiga qubbaning suratini shunchalik ustalik bilan chizadilarki, ancha vaqtgacha qubbaning soxtaligi sezilmaydi.

6 . 1983 «Taym» va «Shtern» gazetalari bir vaqtda Gitlerning kundaliklarini chop etadilar. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, har ikki kundalik soxta bo’lib chiqdi. Shunday bo’lsa-da, nashrlar o’z adadini ancha oshirib oladilar.

5. Rassom Tom Karting 30 yil davomida tasviriy san’at sohasining bilimdonlarini chuv tushirib kelgan. U o’zi chizgan suratlarni buyuk rassomlarning asari deya yaxshigina pullardi. Firib tasodifan ochilib qoldi. Kimdir Kartingning ustaxonasida Mikelanjelo «qalamiga mansub» tugallanmagan suratni ko’rib qolgandi.

4. 1911 yilda Da Vinchining mashhur «Mona Liza» asari o’g’irlab ketildi va dunyo bo’ylab uning soxta nusxalari paydo bo’la boshladi. O’sha ajoyib davrlarda eng kamida olti nafar amerikalik san’at ishqibozi «haqiqiy» «Jokonda» uchun 3 million dollardan pul to’lashgan. Darvoqye, haliga qadar haqiqiy Mona Liza o’g’irlab ketilgan, Luvrdagi surat soxta, degan taxmin bor.

3. 921 yilda firibgar Oskar Xarsell mashhur dengiz qaroqchisi Frensis Dreykning hayot bo’lgan avlodlari bilan birma-bir uchrashib chiqadi va bobolaridan qolgan juda katta merosni qo’lga kiritish imkoniyatidan foydalanish kerakligini shipshitib qo’yadi. U merosga da’vogarlardan kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yaxshigina pul undiradi va… tabiiyki izsiz g’oyib bo’ladi;

2. Artur Fergyuson ismli bir kimsa amerikalik mashhur bankir Teksanni boplab aldaganiga nima deysiz. U 1 million dollar yevaziga Vashingtondagi Oq uyni bir yilga ijaraga olib berishni va’da qiladi. Fergyuson bankirni amerika hukumati shu yo’l bilan prezident va uning oilasiga sarflanadigan mablag’ni iqtisod qilish niyatida ekaniga ishontirgandi.

1. 1925 yilda chex millatiga mansub Viktor Lyustig amalga oshirgan firib hammasidan oshib tushgan va munosib tarzda tarixdagi qallobliklar ichida birinchi o’rinni egallagan. Lustig Yeyfel minorasini temir-tersak yig’uvchilarga shu holida pullab yuboradi. Eng qizig’i, bu operasiyani bir yilda ikki marta amalga oshirishga muvaffaq bo’ladi.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий