Sinalgan davolar

Spread the love

«Xalqimga bir nafim tegmagan kunni umrim hisobiga qo’sha olmayman,» — deydi shoir.

«Elga  xizmat— oliy  himmat» degan  naql  bor.  Donolar  bisotidan  durdonalarni  saralab zarurlarini tanlab, ixchamlashtirib, Siz aziz kitobxonlarga taqdim etdim. Shoyad bu risolam— «Sinalgan davolar» ko’pchilikka nafi tegsa behad xursand bo’lardim.

I. TO’XTASINOV, yozuvchi va jurnalist,

Respublikada xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi.

Kishi tumov bo’lganda

Siz  bemavrid  shamollab  qolsangiz,  dori-darmonlar  bo’lmasa,  tashvishlanmang,  xalq tabobatining sinalgan davolaridan foydalaning:

Davosi  hovlingizda  o’sgan (bo’lmasa  bozorda)  oddiy  sarimsoq  piyoz.  Ikki-uch  donasini ajrating, tozalab  maydalang,  yarim  piyoladan  ko’proq  qaynoq  suv  quyib,  tindiring,  dokada suzing.  Tayyor  tindirmani  kuniga  ikki-uch  mahal,  ikki-uch  tomchidan  burunga  tomizing.

Tindirmani har kuni yangilang. Kor qilmasa, kuniga bir marta qiymalangan sarimsoqni o’n-o’n ikki daqiqa hidlang.

* * *

Shamollashga qarshi choy tayyorlashni bilasizmi? Majnuntolning tomiri, moychechak guli, na’matak mevasidan teng miqdorda oling. Bir piyola qaynoq suvga yig’madan bir qoshiq soling, past  olovda  to’rt-besh  daqiqa  qaynating.  Sovigach  suzing.  Chorak  piyola  iliq  dog’  suvda  bir qoshiqdan kuniga ovqatlanishdan yarim soat oldin iching.

* * *

Qadimda  ota-bobolar  malina  mevasidan  tashqari  shoxlaridan  ham  foydalanganlar. Shoxlarni qishin-yozin ishlatsa bo’ladi. Bir piyola qirqilgan shoxlarni qaynoq suvda10—20 daqiqa qaynatiladi, ikki soatcha tindiriladi. Salqin joyda saqlanadi. Ko’ngil ko’targanda oz-ozdan ho’plab-ho’plab ichiladi.

* * *

Bir  choy  qoshiqdagi  maydalangan  andiz  tomirini  piyoladagi  qaynoq  suvda  o’n  soatcha saqlaysiz,  so’ng  qultum-qultum  qilib  ichasiz.  Qaynatma  tayyorlash:  bir  osh  qoshiqdagi maydalangan  tomirni  bir  piyola  dog’  suvda  yarim  soat  mobaynida  past  olovda  qaynatasiz. Tindirib, sovitilgach, kun davomida uch-to’rt marta bir qoshiqdan ichasiz.

* * *

Marjon  daraxti(qoraqat)ning  quruq  gullari  bir  piyola  dog’  suvda  qaynatiladi. 40-50 daqiqa o’rab qo’yiladi. Tindiriladi. Kuniga ikki-uch mahal oz-ozdan ichiladi.

* * *

O’rtacha  kattalikdagi  bir  dona  tozalab  to’g’ralgan  piyozni  yarim  kosa  sutga  solinadi.  O’n daqiqa davomida tindiriladi. Oz-ozdan ichiladi.

* * *

Ko’k choy tanani tozalaydi. Har kuni tomoq-burunni choyda chayqash odamni tumov bo’lishdan saqlaydi.

* * *

Qoraqatning  kuzgi  va  arg’uvon  gullari(bab-baravar  miqdorda)  olinadi.  Qorishma tayyorlanadi.  Bir  kosa  suvda  besh  daqiqa  o’rtacha  olovda  qaynatiladi.  Yarim  soatcha  o’rab qo’yiladi.  Olib  tindiriladi.  Suziladi.  Me’yorga  qarab  kuniga  uch-to’rt  mahal  iste’mol qilinadi, tumov o’tadi- sog’lom bo’lasiz.

* * *

Qattiq tumovda qizilchaning yangi siqib olingan sharbati burunga tomiziladi. Na’matak mevasidan  damlangan  choyga  asal  qo’shib  ichilsa,  tumovning  oldi  olinadi.  Odamga  quvvat bag’ishlaydi.

Ko’z quvvati

Ko’z gavhari loyqalanganda, muguz parda, ko’z qovog’i yallig’langanda, turli ta’sirlardan kuyishida, qichishib odamni bezovta qilganda asalning suvdagi eritmasi bilan yuvish foydali bo’ladi. Bu eritma3:1, 2:1 va1:1 miqdorida suyultirib borish yo’li bilan tayyorlanadi. Har o’n kunda bir ko’zga quyiladi.

* * *

Tabobat  boy.  Undan  qancha  foydalansa,  shuncha  oz.  Hamma  joyda  o’sadigan  na’matak gullaridan(qo’shimchasiz) tayyorlangan damlama, achchchiq choy, behi urug’i qaynatmasi ko’z shilliq pardasi yallig’lanishini, kiprik to’kilishini to’xtatadi. Ko’z atrofi yaralariga yong’oq mag’izidan tayyorlangan malham foyda qiladi.

* * *

Qo’rga ko’milgan behi, gunafsha, moychechak, semiz-o’t, bangidevona barglari qovoq terisidagi shishlarni va uning yallig’lanishini yo’qotadi. Quyosh nurida uzoq saqlangan shirin anor suvi ko’z qichishini qoldiradi.

* * *

Ko’z kuyib azob berganda damlangan choy, qizilcha(lavlagi) bargining damlamasi yordam beradi. Rayhon bog’lash, ayol ko’krak sutini tomizish og’riqni qoldiradi.

* * *

Agar ko’z oqining sarg’ayishi kuzatilsa, limonning siqib olingan suvidan foydalaniladi, Turli xastaliklarda ko’z ham og’rib qoladi. Shunda tovonga xantap(gorchisa) kukuni sepib, issiq paypoq kiyiladi. Xonaga isiriq solinadi. Piyoz shirasi, shirin bodom qaynatmasi, bo’takuz gulidan tayyorlangan  damlama, malina va na’matak sharbatlari— qaynatmalari yaxshi naf beradi.

* * *

Ko’z xira tortganda baqaterak mevasi asal bilan, tol yelimi surtilsa, quvvati oshadi. Surmako’zni har sanday ofatlardan saqlaydi, quvvat bag’ishlaydi. Sut, aloe(sabur) iste’mol qilish, chilonjiyda, sedana, tok bargi, na’matak qaynatmasi ko’zni quvvatli qiladi.

* * *

Boshingizdan sira- sira qaynoq suv quya ko’rmang, ko’zni xiralashtiradi. Sigir sutiday iliq  suv  foyda  qiladi.  Me’yoridagi  ovqat,  mehnat  va  dam  olishni  to’g’ri  rejalashtirish insonning salomatligini saqlaydi, ko’zga quvvat bag’ishlaydi. Sabzavot va mavjud ko’katlardan unumli foydalanish odam umrini ziyoda qiladi.

* * *

Shabko’rlikni davolash yo’li: quritib tuyilgan quyon o’ti ko’zga surtiladi. Qoni ko’zdan suv oqishini to’xtatadi.

* * *

Oq echki jigarining seli ko’z quvvatini oshiradi.

* * *

Quyon qonining quritilgani ko’z og’rig’idan saqlaydi. Uti ko’zdagi oqlikni ketkazadi.

* * *

Chang, g’ubor, yig’i, mayda xat, kunduzgi uyqu, oq va yaltiroq narsalar, hamda tungi ovqat ko’zga zarar. Qora va qorong’ulik ko’z nurini oshiradi.

 Asab qiynaganda

Asablar… «Asablar kimlarni qulatmas, uyquni yaqin yo’latmas…». Ayniqsa, shu og’dar-to’ntar zamonda. Asabingiz buzilsa, o’zingizga ehtiyot bo’ling, saqlaning, quyidagilarga rioya qiling. Dalaga  chiqing,  tomorqadan  qidirib  arslonquloq  o’tini  toping.  Uni  soyada  quriting, maydalang, bir osh qoshig’ini choydek qaynatib damlang yoki bir piyola qaynoq suvga solingda, kavlab tindiriig, iching, asabiigiz o’rniga keladi.

* * *

Asab ortiqcha buzilsa, oddiy osh qizilchadan damlama tayyorlating. Salqinda tindiring, ko’ngil ko’targancha tabiiy asal bilan biru bir miqdorda aralashtiringda, iste’mol qiling. Ana dori.

* * *

Mehnat jarayonida tez xorib- charchalsa, asab junbushga kelsa, jinsiy a’zolar qiynasa, jenshen  tomiri(birga o’n,  bargi  esa  ikkiga  o’n miqdordagi) spirtda  saqlanadi.  O’n  besh- yigirma tomchidan ichiladi. Aralashma miqdorini o’zgartirib, choy qilib ichilsa ham bo’ladi. Yangi bargini suvda qaynatib, kuniga uch mahal bir qoshiqdan ichsa ham charchoq yoziladi, quvvatga quvvat qo’shiladi.

* * *

Moychechak, arslonquloq va do’lana gullarini (bir- uch) miqdorda aralashtirib damlama qilinadi. Aralashma qaynatiladi. Sakkiz soat dvvomida sovitib tindiriladi. Yurak sanchganda kuniga uch mahal ovqat oldidan bir qoshiqdan ichiladi.

* * *

Rayxon va moychechak oilasidagi o’tlar tomirini to’plab, aralashma hozirlanadi. Bir piyola suvda aralashmadan bir qoshig’i qaynatiladi. Idish og’zi mahkamlab, sovitiladi. Suziladi. Kuniga bir- ikki bor iste’mol qilinadi.

* * *

Dalada o’sadigan oddiy sovun o’t odamning markaziy asab sistemasini me’yorlashtirishga ko’maklashadi. Butun tanani sog’lomlashtiradi. Tayyorlash usuli bir osh qoshiqdagi ko’katni (yangi  terilganimi,  quritilganimi  baribir)  qaynoq  suvga  solib  past  olovda  besh  minut qaynatiladi. Sovitib suziladi. Ovqatlanishdan oldin uch mahal ichiladi. Aroqqa solib 7 – 10 kun saqlangani30 – 40 tomchidan uch mahal iste’mol qilinadi.

* * *

Mo’miyo asab tizimining buzilishini, suyak sinishi, chiqishi, zaharlanish, diqqinafaslik, vaqti-vaqti bilan tutadigan bosh og’rig’i, tutqanoq, ichak yo’llaridagi yaralar, sil va boshqa kasalliklarni davolaydi. Mo’miyo so’zi yunoncha, «takani saqlovchi» degan ma’noni bildiradi. Asab miyaga bog’liq. O’zgarish asab tomirlari ta’sirida bo’ladi. Xotira susayadi. Sezgida nuqson  bo’ladi.  Harakat  o’zgaradi.  Zarba  gangiratib  qo’yadi.  Hush  yo’qoladi.  Chekmaslik, ichkilikdan olovdan qochgandek qochish kasallikning oldini olish garovi. 

Chilla atalasi

Yaxshilab dog’ qilingan qo’y yog’iga maydalangan go’sht solinib, ma’lum miqdordagi toza unni elab,  zarhal  rangga  kirguncha  qozonda  qoviriladi.  Kuydirmaslik  uchun  kapgirda qorishtiriladi.  Me’yoriga  yetgach  suv  quyiladi.  Suv  qaynagach  shopirib,  tuz  solinadi. Sumalakday quyuq tortadi, totli bo’ladi. Suyuqrog’i jon rohati. Atala ichganlarda oshqozon, ichki a’zolar og’rimaydi, fasl almashishiga bardoshli, oyoq- qo’llar muzlashi, og’rishidan forig’ bo’ladilar.

Gullar 

Buyuk alloma Ibn Sino aytadi:

Gulsafsar. Ildizpoyasi sepkil va qon talash kasalliklarini davolaydi. Yuz yuvilsa, tiniqlashtiradi.  ajinlarni  ketkizadi.  Kuyganga  foyda  qiladi.  Bargi  yaralarni  bitiradi. Shirasi asal, sirka bilan eski jarohatlarga ishlatiladi. Tish og’rig’i(ayniqsa yovvoyisi) qaynatmasidan qoladi. Kuloq shang’illashiga davo. Yo’talni tuzatadi. Ko’krakdagi rutubatlarni ketkizadi.

Gulsafsarning  yog’i  ko’p  kasalliklarga  foyda  qiladi.  Ichak  og’riqlariga  foyda  qiladi. Isitmani haydaydi. Burundagi qo’lansa hidnn ketkizadi. Vasvasaga davo. Ildizi sirka bilan ichilsa, jigar va taloqdagi og’riqlarni bosadi.

* * *

Gultojixo’roz. Jarohatlar va yaralarni bitiradi. Shirasi og’izdagi eski yaralar va og’iz og’rig’iga yaxshi dori. Kuydirilgan shirasi yana yaxshi.

* * *

Nilufar. Urug’i va ildizi yaralar uchun foydalidir. Ildizi ichilsa yoki quyuq surtma qilinsa, taloq shishlari uchun foydali. Ildizi suv bilan teridagi dog’ni ketkizadi. Sharbati yo’tal va zotiljamga davo.

* * *

Lola. Shirasini bosh va miyani tozalash uchun burunga tortiladi. Rutubatlarni tortib olish uchun ildizi chaynaladi. Asal bilan qo’shib ishlatilsa, ko’zdagi kasalliklarni yo’qotadi. Lolani qaynatib qattiq bo’lmagan shishlarga ishlatiladi. Chipqon va issiq toshmalarni yoradi. Yong’oq po’chog’i bilan sochni qoraytiradi. Bargi ham davo.

* * *

Xina.  Guli  asab  og’riqlarida  ishlatiladi,  falaj  hamda  tortishish  kasalliklariga qo’yiladigan  malhamlar  tarkibiga  kiradi.  Yog’i  charchoqni  tarqatadi,  asablarni  yumshatadi, singanga foyda qiladi.

Bosh og’rig’ida sirka bilan manglayga surtiladi. Og’iz yaralari va chaqalanishda foydasi  behad.

Uyqu qochsa

Uyqusizlik mutaxassislarning fikricha, asab buzilmshi yokn uning boshlanishidir. Har qanday sharoitda ham tabib- doktorning yordami lozim bo’ladi.

* * *

Dorilarsiz  ham  asabni  mustaqamlash,  uyquni  me’yoriga  keltirish  mumkin  Uxlaydigan xonaning  havosi  sof,  namligi  risoladagidek,  saranjom-sarishta  bo’lsin.  Ko’rpa-  to’shak yumshoq,  pokiza,  yotish  kiyimi  ta’bga  yarasha  bo’lgani  ma’qul.  Boshni  qiblaga  qilib,  oyoq tomonning balandroq bo’lgani yaxshi. Oyoq sovqotsa, issiq paypoq kiying. Uyqu oldidan biror soat sayr qiling, loaqal10—15 daqiqa ochiq havoda o’tiring, iliq suvda cho’miling. Utgan va bo’lajak  ishlarni  ko’p  o’ylamang.  To’q  qoringa  yotmang.  Uyqu  oldidan  hayajonli  kinolarni ko’rish, o’ta ta’sirli kitoblarni o’qish tavsiya qilinmaydi.

Hushdan ketsa

Erta tong. Hamma shoshadi. Avtobus, trolleybus, marshrutkalar odamlarga to’lib– toshgan. To’xtash  joylarda  chiqdi-  chiqdi.Tiqilinch.  Nafas  olish  qiyin…  Bunaqada  keksalar, bemorlargina emas, yosh- yalanglar ham xushdan ketib yiqilishi mumkin. Tabib kelguncha yordam nimadan iborat? Unday odamni darrov o’tqizing, tugmalarini yeching, sof havoga olib chiqing. Qo’l  barmoqlarini  qattiq  uqalang,  kaftlarini  ishkalang,  quloqlarining  yumshoq  joyini bosing… Odatda, shundan keyin odam o’ziga keladi, baribir tabibga ko’rinishi shart.

Bod xuruj qilganda bir miqdordagi xantal va kamfora, tuxum oqi va gliotni aralashtirib, murakkab qorishma qilinadi. Tayyorlash usuli: piyolaga spirt quyiladi, unga tuyilgan xantal solib eritilgdi, so’ng tuxumning oqini ko’shib, quyulguncha qoriladi, suyuqlik hosil bo’ladi.

Uyqu oldidan bod qo’zg’algan joyga qo’l bilan surtiladi, quruq sochiq bilan artiladi.

Тomir tortishganda

Har qanday turida yangi sog’ilgan issiq sutdan foydalaniladi. Tortishgan joy sut bilan uqalanadi.Sovigach  muolaja  qaytariladi.  Shakar  qo’shilgan  qiymalangan  piyozdan  ham foydalanish mumkin. Bu aralashma kasal yerga qo’yiladi. Tomir tortishi tez o’tadi. Pay tortib qolsa iliq suv foyda: dokani to’rt buklab issiq suvga iviting, tortishgan joyga qo’ying. ustiga qog’oz qo’shib bog’lang. Sovigach dokani yangilang.

Nafas qissa

Asalga  to’rt  dona  limon  suvi,  o’n  dona  tozalanib  qirg’ichdan  o’tkazilgan  sarimsoq  piyoz donasi solinadi. Hammasi yaxshilab aralashtiriladi, og’zi berk idishda bir hafta saqlanadi.

Har kuni to’rt osh qoshiqda(ha, to’rt qoshiq! Har bir qoshiq oz-ozdan) ichiladi. Bu tadbir ikki oy davomida muntazam olib boriladi. 

Qorin og’risa

Iliq suv bilan surgi qiling. Unga ozgina moy qo’shing. Rayhon choy qiling. Kamferalik suyuqliq bilan qorinni ishqang. Issiq narsa qo’yish foyda qiladi. Shifokorga borishni ham unutmang.

Bezgakda

Mayda  to’g’ralgan  limon  bir  piyola  suvga  solinadi.  Limon  eriguncha  qaynatiladi. Tindiriladi. Unga bir osh qoshiq aroq qo’shib, o’tga qo’yiladi, yana qaynatilgach, ozgina xinin (bezgak  dori) qo’shiladi.  Bir  qaynagach  olov  o’chiriladi,  ko’pigi  olib  tashlanadn,  salqinda sovutiladi. Uch-to’rt kun nahorda ichiladi. Bezgak taslim bo’ladi.

Sovuq olsa

Chorak  qadoq  karafe(seggderey-  bergi  ovqatga  solinadigan  o’t)  bir  kosa  suv  bilan qaynatiladi. Suv sal sovigach, unga sovuq olgan joy solinadi. Og’rishiga chidash zarur. So’ng sovuq olgan joy quyon yoki g’oz yog’i bilan yaxshilab ishqalanadi. Bu ish kechqurunlari,  hafta davom ettirilgdi. Sovuq yangi olgan bo’lsa, qor bilan qizarguncha ishqalanadi. Sovuq suvga ivitib olingan toza latta sovuq olgan joyga qo’yilib, ustidan issiq narsa bilan bog’lanadi.

So’gal

Qo’rga ko’milgan o’rtacha oq piyoz ikkiga bo’linadi, bir bo’lagi so’galga qo’yiladi. Bog’lanadi. Piyoz sovigach, har to’rt soatda almashtiriladi.

Suvchechak

Eng yaxshi dorisi tufon(choriyam deyiladi). Tufon qaynatiladi(kanakunjutniki durust), choy o’rnida ko’pgina kun bo’yi ichiladi.

Jig’ildon qaynasa

Eng oson davosi sabzi sharbati. Qancha og’ir kechsa, shuncha ko’proq sabzi va uning sharbati istemol qilinadi. Har qanday sharoitda amalga oshirsa bo’ladigan bu tadbir ota- bobolardan qolgan meros.

Yurak o’ynasa

Ko’katlar— mu’jiza. Ishoning. Ardoqlang ularni- Ona Tabiat qo’ynidan tanib oling. Do’stlashing. Umringiz uzoq, salomatligingiz maromida bo’ladi.

Tog’da o’suvchi do’lana ming bir dardga davo. Qaynatmasini(hyech karsa qo’shmasdan o’zini) bir piyoladan  choy  o’rnida  kuniga  uch  mahal  iching.  Uch-to’rt  oydan  keyin  bemor  yuragingiz tinchiganini,  quvvatga  to’lganini  sezasiz.  Mehnat  qobiliyatingiz  joyiga  keladi.

Hansiramaysiz. Zinalardan bemalol chiqa olasiz. Mashina haydaysiz, Dorixonaga yugurishdan qutulasiz.

Qaynatmani tayyorlash usuli: idishga ikki kosa qaynoq suv quying. Danagi va po’sti olingan yetti qoshiq do’lanani soling. Past olovda idishni og’zi berk holda bir necha daqiqa saqlang.

Olovdan  oling,  idishni  yaxshilab  o’ragach,  bir  kecha-  kunduz  tindiring.  Dokada  suzing. Iste’molga tayyor. Muzxonada saqlang. Bir piyoladan ovqatdan ilgari iching.

 Ishtaha bo’g’ilsa

Odamning quvvati u iste’mol qiladigan oziq-ovqatga, turmush shart- sharoitiga bog’liq.

Ishtaha bo’g’ildimi, kuch ketadi. Darmonsizlik boshlanadi. Oldini oling. Oddiy turup, ha ajablanmang,  hovlingizda  yetishtirilgan  yoki  bozordan  olingan  turup  sizga  yordamchi.

Qirg’ichdan o’tkazilganini bir necha kun iste’mol qiling. Davo davrida kuniga yigirma- o’ttiz donadan hantal urug’ini suv bilan yuting. Davo biror oy muntazam davom ettirilsa, ishtaha meyoriga keladi, holsizlanish ketadi. 

Badan bo’shashsa

Yaxshi davo hammom. Xalq iborasi bilan aytganda«Hammom— xazina», ming bir dardga davo. Hammadan arzon va qulay shifolardan bnri hammom- «Hammom bukrini tuzatadi, g’am- g’ussadan  ozod,  kirdan  pok  qiladi», — deydi  mashoyixlar.  Qon  yurishadi,  chehra  ochiladi, «ortiqcha g’uborlar» chiqib ketadi, tomirlar terlab tozalanadi, o’pka, buyrak, yurak va boshqa a’zolar meyorga tushadi, badan yengillashadi, nafas olish osonlashadi.

O’zbek hammomi har vaqt xizmatga tayyor. Sovuqxonada biroz turing. Badan isiydi. O’rta xonaga  o’ting. Ikki-uch  qaytaring.  So’ng  issiqxonaga  kiring.  O’n-  o’n  besh  daqiqa  chidang.

Terlaysiz. Issiqxonadan chiqdingizmi, ter quyilib keladi. Boshdan suv quyishga shoshmang. Nafasni rostlang. Yuvinishni boshlang. Miriqib yuvinsangiz, o’zingizni yengil sezasiz. Rus  hammomi,  sauna,  o’z  uyingizdagi  vannaxonalarda  ko’katlar,  turli-  tuman  dori- darmonlar, asal va kamyob yog’lardan foydalanib, bod va har xil og’riqlarni davolash mumkin.

Yuzni parvarishlash

Ikki osh qoshiq issiq sut, shu miqdorda asal yuzni timiqlashtiradi.

* * *

Qirg’ichdan o’tkazilgan yangi bodring, aroqqa solib ikki hafta quyosh nurida saqlangani yuz terisini muloyimlashtiradi.

* * *

Ajinlar davosi eritilgan asal, kepak va limon sharbatining aralashmasi.

* * *

Soyada tayyorlangan asal va moychechak guli aralashmasi xusnbuzarni daf qiladi.

Tuxum sarig’i, ozgina asal va gliserin aralashmasi terini yumshatadi.

* * *

Nilufar bargidan olingan suyuqlik ajinlarni davolaydi. Tayyorlash usuli: nilufar bargi shishaga solinadi. Unga aroq quyiladi, ikki hafta saqlanadi.

* * *

Dog’  va  sepkilni  yo’qotmoqchi  bo’lsangiz,  petrushkani  maydalab  qatiq  qo’shingda,  yuzga surting.

* * *

Teridagi dog’ni ketkazish uchun yangi sog’ilgan sut va spirt(uch barobar kam) aralashmasi kifoya.

* * *

Husnbuzar toshmasligi uchun o’n kun soyada saqlangan aloe bargidan siqib olingan suyuqlik bilan yuzni artish kifoya.

Soch

Soch to’kila boshlasa, qichitqi o’tdan tayyorlangan damlama ishlating. Bir qoshiq quritilgan qichitqi bir stakan suvda qaynatiladi, bir soat dimlanadi. Sovigach tindiriladi. Shu bilan haftasiga kkki marta soch yuviladi.

* * *

Xina bilan goho- goho yuvilgan soch to’kilmaydi.

* * *

Bir hafta haetila bilan yuvilsa, soch oqarmaydi.

* * *

Lavlagi va mozini tuyib, sochga boglansa jingalak bo’ladi.

* * *

Sochni jingalak qilishning yana bir yo’li: qashqar-beda, mingdevona urug’i va ohak tuyib lavlagininig suvi bilan bog’lanadi.

* * *

Olakulang, tuyilgan murch, zaytun yog’i, ko’rshapalak qoni aralashmasi yangi soch chiqaradi.

* * *

Bemavrid soch to’kilishi kasallik. Soch va tuklarni saqlash va o’stirish uchun umumiy yealematlikii tik-lash muhim ahamiyatga molik.

Yo’talga davo

Qoramtir  sholg’omchalardan  bir  boylamini  olingda,  maydalab  to’g’rang,  ustiga  shakar seping, tindirib, sharbatnni suzing, har soatda bir qoshiqdan iching. Tinimsiz yo’taldan ham musaffo bo’lasiz.

* * *

Turpni archmay, dumini olib o’ra qiling, asal. soling, o’zi bilan yopib, besh- olti soat issiq joyda saqlang. Sharbatini iching. Yana asal to’ldiring. Shamollash va yo’talning davosi bu.

* * *

Sabzi sharbatini teng miqdorda sut bilan aralashtiriladi, yo’talganda kuniga to’rt- besh mahal ichiladi.

* * *

Maska yog’ini tuxum sarig’i, choy qoshig’ida un, ikki barobar asal bilan obdan qoriladi, nafas yo’llari shamollaganda, yo’tal kuchayganda kuniga to’rt mahal ichiladi.

* * *

Nafas qisganda sarimsoqning5-6 donasi tuyilib, bir stakan suvda qaynatiladi. Kuniga bir necha marta choy qoshiqda iste’mol qilinadi. Kasallik ketadi.

* * *

Anjir suvi yo’talni quvadi.

* * *

Shakar  tuxum  sarig’i  bilan  iylansa,  ikki-uch  barobar  ko’payadi.  Bu  aralashma  nahorda ichilsa, yo’tal to’xtaydi.

* * *

Quritilgan  gulhayri  tomiridan15 grammni  yarim  litr  suvda  bir  kecha-  kunduz saqlanadi. Nafas yo’llari shamollaganda kuniga uch-to’rt mahal bir qoshiqdan ichiladi.

* * *

Arpa va sut aralashmasi past olovga qo’yiladi. Kamayganda sut quyib turiladi. Arpa pishgach suziladi. Kuniga uch mahal 2-3 qoshiqdan ichilsa, yo’talga shifo.

* * *

Nafas yo’llari va hiqildoq pardasining yallig’lanishini davolash uchun malinaning bargi va butasidan foydalaning. Bargi va butasi yuvilib, ustidan qaynoq suv quyiladi, past opovda yana besh daqiqa qaynatiladi. Tindirib oz-ozdan ichiladi.

* * *

Shishaga to’rt dona aloe bargidan solinadi, ustiga vino quyiladi. To’rt kun turgach dori tayyor bo’ladi. Uni bronxitda kuniga uch mahal bir osh qoshiqdan ichilsa naf qiladi.

* * *

300 gramm  asal,  yarim  stakan  suvda,  bir  dona  aloe  bargi  bilan  past  olovda  ikki  soat qaynatiladi.  Sovigach  aralashtiriladi,  salqin  joyga  qo’yiladi.  Bu  dorini  o’pkasi shamollaganlar, qattiq yo’tal bo’lganlar bir qoshiqdan uch mahal ichishsa malham bo’ladi.

Yara va og’rik

Shisha qichitqi o’tga to’ldiriladi, spirt quyiladi. Og’zi mahkamlanib, ikki hafta quyosh nuriga qo’yiladi. Suyuqlikka botirib olingan doka yara va kesilgan joyga shifo.

* * *

Gazak olgan yarani tuzatish yo’li: kattaligi o’rtacha piyoz(yaxshisi qizil piyoz) kuydirib pishiriladi, ikkiga bo’linadi, har to’rt soatda almashtiriladi.

* * *

O’n dona sarimsoq piyozni qaynatilgan sut bilan ichilsa, qurtlar qochadi.

* * *

Ich  ketganda  bir  piyola  iliq  sutga  ozgina  margansovka  solib  iste’mol  qilinadi.  Ich to’xtaydi.

* * *

250 gramm spirtda uch kun turgan300 gramm yong’oq mag’zining po’sti6—10 tomchidan uch mahal ichilsa, ich ketishga foyda qiladi.

* * *

Olma va gilos qoqisidan tayyorlangan damlama ichni yumshatadi. Olxo’ri odamga foydali.

* * *

Dolchinni shimib yurish diabetga davo.

* * *

Falajga «meyamaya». Bir  miqdordagi  asal  o’n  barobar  suv  yetti  qismi  qolguncha qaynatiladi. To’rt kun ichiladi.

* * *

Sholg’om nahorda nssiq-issiq iste’mol qilinsa, ko’krak og’rig’iga davo. Ovozni ochadi. Kuchni ziyoda qiladi.

* * *

Qo’y jigari qorinni muloyimlashtiradi. Suti ovozni yaxshilaydi.

* * *

Odamda qulanj(kolit) bo’lsa, bo’ri terisiga o’tirsin. Beliga bog’lasa yana yaxshi. Echki go’sht foyda.

* * *

Tuya yungining kuli jarohatni yo’qotadi.

* * *

Bosh og’riganda limon po’stpog’i peshonaning ikki chekkasiga qo’yiladi. Og’riq daf bo’ladi.

* * *

Kirpitikon o’ti kofur bilan burunga tomizilsa, bosh og’rig’i darhol qoladi.

Tish og’riganda

Sarimsoq piyoz donalarini maydalab, bilak tomirlariga qo’yilsa, tish og’rig’i qoladi.

* * *

Og’riq tish tomondagi quloqqa bargizub o’tining ildizi yoki otquloq tiqiladi.

* * *

Tish og’rigan tomonga tulki tishi bog’lansa og’riq qoladi. Tulkining qo’l- oyog’ini nikris illatiga bog’lansa, kasal tuzaladi.

* * *

Tishni doimo toza tutish yemirilish va og’riqlardan saqlaydi. Kaklik o’ti, tuz, yangi sut tishni yaltiratadi.

* * *

Mavrak  damlamasi  bilan  og’izni  chayqalsa,  tish  og’rig’i  qoladi.  Mavrak  o’ti  yuvilib qaynatiladi. Sovimasdan og’izga olinadi. Bu uch-to’rt qaytarilsa, og’riq to’xtaydi.

Odam a’zolari

Ichdagi qurtlar(gijja)ni haydash yo’li: oshqovoq urug’ini chaqib mag’zi tuyiladi, uni sut bilan nahorda ichiladi.

* * *

Xafaqonlar qo’y sutini baravar miqdorda suv qo’shib sut qolguncha qaynatab oq shakar qo’shib uch kun ichsalar tuzaladilar.

* * *

Kaklik jigari(issiq holda) tutqanoqni qoldiradi. Seli burunga tomizilsa, zehnni tozalaydi, aqlni peshlaydi.

* * *

Miyani  sof  saqlash  xushbo’y  hidli  narsalarga  bog’liq.  Mijoz  e’tibor.  To’q  qoringa uxlamang.

Ovozni saqlash tadbiri

12—15 gramm piyeta mag’zi, maska yog’i nahorda(biror hafta) yalanadi. Bo’g’ilsa, sigir sutida g’arg’ara qilinadi.

Ko’krak og’rib qiynasa, qichqirishdan, qattiq shovqin- suronlardan ehtiyot bo’ling.

* * *

Mijoz  aynishi,  qayg’u-  alam,  uzoq  fikrlash  yurakka  azob.  Sabr-toqatli  bo’lish, xursandchilik orom beradi.

* * *

Ovqatni chaynamay yutish me’dani sovutadi. Sovuq me’da– kasallik.

* * *

Me’da sovib ketgan bo’lsa, zirani qovurib, sirka aralashtirib iste’mol qiling.

* * *

Anor bilan yalpiz, turp urug’i me’daga quvvat.

* * *

Tovuq tuxumining sarig’i turp urug’i bilan balg’amni haydaydi.

* * *

Kashnich qonni tozalaydi, ortiqchasi zarar.

* * *

Sariq yo’ng’ichqani quritib, elangani shakar bilan ichdagi bodlarni haydaydi,

* * *

Aloe bargi, kashnich, turp, sholg’om urug’lari teng miqdorda olinadi, tuyib elanadi, oq piyoz va toza, asalda xamir qilinadi, yarim grammlik soqqalar tayyorlanadi. Bir donadan uch kun nahorda suvda ezib ichilsa, zaiflikdan holi bo’linadi.

* * *

Yosh  sumbul  tomirining  oqlari  ajratib  olinadi,  soyada  quritiladi,  tuyib  dokadan o’tkaziladi, teng miqdorda shakar qo’shib, nahorda bir kaftdan yutiladi. Quvvatsizlik ketadi.

* * *

Qizdirilgan tuz a’zo uchishini qoldiradi. Bo’lmasa tanki tozalovchi dorilar ichikadi.

* * *

To’ng’iz suyagi badanga bog’lansa, odamdagi isitma ketadi.

* * *

Tuya  yungining  kuydirilgan  kuli  burundan  qon  kelishini  to’xtatadi,  o’ti  asal  bilan iste’mol qilinsa, tomoq og’rig’iii qoldiradi.

* * *

Qo’y miyasi gul yog’i bilan bo’g’imlarga surtilsa, og’riqni qoldiradi.

* * *

Sholg’omni  mayda  to’g’rab,  idishga  solinib  ustiga  shakar  sepiladi.  Ikki  soat kaynatiladi. Sovigach sholg’omlari olib tashlanadi. Suvi shishaga quyiladi. Kuniga uch-to’rt marta ichilsa, odam a’zolari sog’lomlashadi.

* * *

Shamollaganda darhol oyoq ostiga qantal(gorchichnik) qo’yib, doka bilan bog’lang, jun paypoq kiyingda, bir- ikki soat chidang. Keyin ildam qadamlab yuring. Yaxshisi, bu tadbirni uxlash oldidan ado eting.

* * *

Na’matak qaynatmasi qorin og’rig’i, kamqonlikka va boshqa ko’pgina xastaliklarga davo. Bu giyoh S vitaminiga boy. «Sog’ bo’laman desang, na’matak qaynatmasini ich», — deydi donolar.

* * *

Sarimsoqning hosiyati ko’p. Uni dumba yog’ ichiga solib xamirga o’raladi, sholi to’pon qo’riga ko’miladi. Xamir yuzi kuya boshlagach, sarimsoq sarg’ayib pishadi. Hidi ketadi. Odamnin hamma a’zolariga dori.

* * *

Ich yurmaslik sababini o’ylaganmisiz! Xastaliklar sababchisi— noto’g’ri ovqatlanish… Dori- darmonni pala- partish iste’mol qilish.

Kamqonlik. O’z- o’zini ehtiyot qilmaslik.

Horish. Kun tartibiga rioya qilmaslik.

Davosi  qizilcha,  sabzi  sharbatidan  ko’proq  ichish.  Ich  yurmasa,  aralashma  sharbatlar iste’mol qilinadi.

* * *

Odam a’zosini tozalash usuli: quritilgan, mayda kesilgan qirq bo’g’im(bargi bo’g’im-bo’g’im bo’lib o’sadig’an giyoh)ni qaynatib choy o’rnida ichiladi.

* * *

Hazm, modda almashishini yaxshilash uchun dengiz g’iyohi(karami, gul karam)dan foydalansa bo’ladi. Qaynatilsa, foydasi oshadi, Dengiz karami odam tanasini me’yoriga keltiradi.

* * *

Tomoq og’rib qoldimi, darhol yangi limon toping, po’stini olib tashlab parrak- parrak qiling. Ulardan har soatda bir donadan og’izga soling, tomoqqa yaqin tutishga harakat qiling, so’ng yutib yuboring. Bu tomoq og’riq(angina) boshlangan vaqtda shifo bo’ladi. Og’riq cho’zilsa, azob bersa, limonning30 foizli suvi bilan og’izni tez- tez chaying. Qutulasiz.

* * *

Bo’g’imlarning kasallanishini asal ariga chaqtirish bilan davolang. Tabiblar qadim zamonlarda ham bu usuldan foydalanganlar. Yo’li oddiy. Ari qanotlaridan ushlanadi, og’rigan joyga ro’para qilinadi, Chaqadi. O’zi o’ladi. Kun o’tadi. Ari chaqqan joydan sal yuqoriroqni ikkita  ariga  chaqtiriladi.  Zaruriyat  bo’lsa,  uchinchi  kuni  uchta,  keyin  to’rt-  besh  aridan foydalaniladi.  Bir-  ikki  kun  tanaffus  qilinadi.  Keyin  davo,  aksincha,  beshdan-birga keltiriladi.  Og’riq  o’tmasa,  bir haftadan  so’ng yangidan  boshlanadi.  Tadbirni uch  martadan ortiq qilib bo’lmaydi.

* * *

Panor  yog’i (kerosin)  bilan  davolash:  yumshoq  latta  yog’ga  botiriladi,  og’rigan  joyga qo’yiladi.  Sochiq  bilan  mahkam  o’raladi.  Yarim  soatdan  bir  soatgacha  saqlanadi,  qizargan joylarga siqma yog’ surkaladi.

* * *

Qo’yanchiq  og’ir  kasal.  Ilgari  tabiblar  qattiq  qizdirish,  haftada  ikki-uch  hammom qildirish bilan davolaganlar. Hozir eng og’irlari ham parhyez bilan shifo topadi.

* * *

Bolalarda  ich  ketish  yoz  oylarida  ko’p  uchraydi.  Hayotga  xavfli  hollari  kam  bo’ladi.

Tabiblar hozirgi tibbiyotda ham lol bu kasalga. Shunday oddiy usul borki, ich ketish kasali ikki-uch  kundayoq  tuzaladi.  Bir  qoshiq  sara  guruchga  yetti  barobar  suv  quyib,  past  olovda qaynatiladi. Olingan suyuqlik— yozg’on dokada suziladi, sovitiladi, ilig’ida oz- oz, tez- tez, har soatda bolaga ichiriladi.

* * *

Kattalarda ich ketishini ham yunon yong’og’i po’stlog’i, aroq sharbati bilan davolanadi. Kuniga ikki mahal ikki qultumdan ichiladi.

* * *

Badan terisini bodring suvi bilan muloyimlashtirsa bo’ladi. Bodring maydalab shishaga solinadi, ustiga aroq yoki spirtli suv aralashtirilib qo’yiladi. Bodring suvi tayyor. Sochiq yoki doka suvga botirilib. dag’allashgan teri, yuzga surtiladi, Bodring suvi badanga dori.

* * *

Yuzni muloyimlashtirish, tanadagi tirishlarni yo’qotish uchun bir dona tuxum sarig’i, choy qoshiqda asal, bir qoshiq gliserin aralashmasini surkash yetarli. Bir- ikki soatdan keyin yuvib tashlanadi. Yuz tiniqlashadi.

* * *

Hiqichoqni hamma biladi. Sababi ko’pchilikka ayonmikan! Hiqichoq odamni qiynaydi, uzoq davom qilsa azoblaydi. Asabga tegadi. Butun badanni larzaga keltiradi. Bir necha qultum

sovuq suv iching. Ikki-uch daqiqadan keyin hiqichoq qoladi. Har ikki qo’l bashmaldog’i bilan sinchaloqda doira yasang. Hiqichoq to’xtaydi.

* * *

Buyrak kasal bo’lganda«ayiq qulog’i» o’tining quritilganini qaynatib choy qilib iching.

* * *

Makka soqoli, gilos va qora gilos po’stidan tayyorlangan damlamani nahorda, kuniga bir necha marta ichish qovuq og’rig’ining davosi bo’ladi.

* * *

Karam va pomidor sharbatlaridan teng miqdorda olib, har kuni uch mahal ovqatdan so’ng ichish bir oz bo’lsada, jigar og’rig’ini pasaytiradi. Ma’lum natijaga zrishish uchun uzoq muddat iste’mol qilish kerak. Xalq tabobatida yetilib pishgan makkaning hosili yig’ishtirilganda soqoli va donlari atrofidagi soqolchalar yig’ib quritiladi, qaynatib choy o’rnida ichiladi. Bu muolaja yarim yilgacha davom ettiriladi.

Jigar va o’t pufagidagi toshlarni eritish uchun qizilcha damlamasini uzoq muddat ichish kerak. Shunda toshlar og’riqsiz eriydi.

Bir necha dona sara qizilcha olinadi, tozalanadi, yuviladi, qaynatiladi, quyuqlashguncha past olovda saqlanadi. Nim stakandan kukiga bir necha marta ichiladi. Tabiblarning fikricha, bu o’tdagi toshlarni eritadi.

* * *

Peshob ravon, mo’tadil yurmasa, tomchi- tomchi bo’lib chiqsa, odamga azob. Kuchalani sutda qaynatib, po’stini olib tashlab, mayda- mayda qilib to’g’raladi, ertalab va kechqurun uch-to’rt donachadan ichiladi. Og’riq kamayadi, peshob ravonlashadi.

* * *

Ich  ketish  asosan  oziq-  ovqat,  suyuqlikni  kam  iste’mol  qilish,  harakatsizlikdan.

Chiqindisiz va hajmi oz, yumshoq ovqat, meva- chevani ko’proq iste’mol qilish, kuniga bir-ikki piyola oddiy suv(yaxshisi nahorda va yotish oldidan) ichish, dam olishdan ilgari yarim soat yurish, har kuni bir vaqtda bo’shanishga odatlanish kerak.

* * *

Nega odamda xorg’inlik va uyquchanlik yuz beradi! Bu badandagi yashin tezligida yuradigan qonga bogliq. Demak, tenaning ba’zi bir burchaklariga quvvat yetib bormaydi.

* * *

Odamdagi  hamma  a’zolar  tabiatan  oqilona  yaratilgan.  Go’dakni  erkalab  ko’tarsangiz xursand  bo’ladi,  o’sishi  tezlashib,  chehrasi  ochiladi,  quvvatga  to’lishadm.  Oqar  daryo  yo’lini to’ssangiz, boshqa yerdan o’ziga yo’l ochadi…

* * *

Markaziy asab tomirlarini avaylang, muskullarni chiniqtiring, har doim harakatda tuting, salomatligingiz me’yorida bo’ladi.

* * *

Asabiylashish va mehnatni noto’g’ri uyushtirish, pala- partish ovqatlanish, chekish, ko’p chekilgan xonada nafas olish, oiladagi notinchliklar yurakka yomon ta’sir ko’rsatadi. Bulardan saqlanish tadbirparini ko’ring. Me’yor odamni har qanday noxushliklardan saqlaydi.

Suyak 

Tanadagi suyaklar yosh ulg’aygan sari o’zgaradi. Foydali moddalar yoshlarda ellik, o’rta yasharlarda65, keksalarda80 foizni tashkil qiladi. Borgan sari suyak mo’rtlashadi. Keksalarda ba’zi suyaklar chinni idishiarga o’xshab qoladi, salga nogironlashadi,  zirqirab  og’riydi.  Keksaning  salobati  yaxshiyu,  ichki  dunyosi  yoshligiga o’xshamaydi. Bel og’riydi, yosh chiqadi, odam o’zgaradi. Chorasi har narsada me’yorga amal qilish, o’zni saqlay bilish.

Yurak

Yurak. Oh yurak! Donolar, shoirlar ozmuncha yozishganmi bu haqda! Tinmaydi. Kema darg’asi, Bir kecha-kunduzda tinch, toto’v yashaganning yuragi o’n ming litr qonni qayta aylantiradi, nozik tomirlarga hayot manbai qonni yetkazadi. E’zozlang, parvarish qiling uni,Qon buzilishi, tana a’zolarining tez  qarishiga  yo’l  qo’ymang.  Chavandozniig  maqtalgan  tulpori  ham «qoqilishi»ni esdan chiqarmaig.

O’pka

O’pka— hayotiy muhim a’zo. Nafas olishda kengayadi, chiqarishda qisqaradi. Holati ko’krak mushaklari, qovurg’alarning sog’lomligiga bog’liq. Keksayish— bu tabiiy. Uni erta, bemavrid kelishiga yo’l qo’ymang. Ogoh bo’ling.

Buyrak

Buyrak— qon tozalovchi ajoyib suzg’ich. Badanni hamma zararli narsalardan tozalaydi. Yoshi  ulg’aygan  badanda  bo’lganidek  buyrakda  ham  o’zgarishlar  sodir  bo’ladi.  Ba’zi  a’zolar ayollarda erlarga qaraganda ilgariroq«qariydi».

Turli muolajalar

Mavridsiz oqsoqlanish asosan oltmishdan oshgan erkaklarda ko’proq uchraydi. Yurganda tez charchaydi.Og’riq kuchayganda to’xtashga, bir oz dam olishga majbur bo’ladi. Og’riq o’tgach, yo’lni davom ettirish imkonn tug’iladi. Kaytalandimi, ahvol og’irlashadi. Odamning rangi oqaradi, sovuq ter bosadi, tinch turganda ham oyoqlar zirqiraydi. Kasallikni vaqtida davolash umrni uzaytiradi.

* * *

Qonniig  badanda  me’yorida  yurishi  salomatlik  belgisi.  Bosim  oshdimi  yoki  birdan kamaydimi!  Chatoq.  Lohaslik.  Bunda,  muskullar  alohida  ahamiyatga  molik.  Yurak  barcha tomirlarga keragicha qon yetkazadi. Shu sababli yurak goh jadal, yo sekinroq harakat qiladi.

Hammasi uning urishiga bog’liq. Bosimning kuchayishi ozg’in kishilarga qaraganda, semizlarda ko’proq  uchraydi.  Bosh  og’rig’i,  gangirash,  quloq  shang’illashi,  ba’zan  burundan  qon  kelishi bosimning ishi. Ko’zning xiralanishi ham shundan.

Hayotini risolaga tushirib olgan, oziq- ovqati meva- cheva, sabzavot, o’simlik yog’i, sut-qatiqdan iborat, parhyezga amal qiladigan odamlar bu kasallikka kam yo’liqadilar.

* * *

Kasalliklarning  ko’pi  mushaklarga,  ayniqsa,  yurak  mushaklariga  sezilarli  ta’sir qiladi. Qon yurishining kamayishini darhol yurak sezadi. Oyoqlar bilinar- bilinmas shishadi.

Siydik me’yoridan chiqadi. Yurak xapqirib kechalari tinch yotishga imkon bsrmaydi. Nihoyat yurak o’ynog’i boshlanadi.

Yurakka orom bersangiz, salomatligingiz saqlanadi.

* * *

Haddan tashqari semirishni havas qilmang. Ba’zilarda«semirish sog’lik, sog’lomlik, men dam olishda shuncha kilo oshdim» degan kayfiyat bor. Semirish ham, ozib ketish ham kasallik.

Ehtiyot bo’ling. Uzingizni me’yorida tuting. Parhyezga rioya qiling.

* * *

Jig’ildon  qaynab,  behuzur  qilsa,  ko’krak  qizishsa,  darrov  bir  piyola  muzdek  suv  iching qoladi.

* * *

O’n ikki barmoq ichakning yaralanishi me’daning ishi, unda me’da suyuqligi ko’payishi yo ozayishiga  bog’liq.  Og’riq  nimadan!  Odam  bukilib  qoladi.  Bemorlik  uzoq  vaqt  davomida bilinmaydi. Kasallik odatda erta bahor, kech kuzga to’g’ri keladi. Me’dada qon turib qoladi…

Bu yomon odatlarga moyil, johil odamlarda ko’proq uchraydi. Tuzalish yo’li bormi! Bor. Avvalo parhyezga  rioya  qilish.  Yog’li  go’sht,  qovurilgan  narsa,  qalampir,  sirka,  o’tkir  sharbatlarni kamroq  iste’molga  kiritish, ko’proq  sut,  tuxum,  yog’siz  go’sht,  maska,  o’simlik  yog’i,  sabzavot, xamir ovqatlar, faqat oq non yeyish tavsiya etiladi.

* * *

Odam badanida kerakli moddalarni ishlab chiqaruvchi bezlar bo’ladi. Gipertrofiyada bu bezlarning, o’sishi xavfli. Kecha zaruriyatga tez- tez boriladi.

Borib- borib bo’shanish uzoqqa cho’ziladi, siydik tomchilab chiqadi… Yaxshisi shifokorga uchrashing.

* * *

Bavosil— qon tomirlarining noqulay joyda yiriklashishidir. Shish kattalashadi, zo’rayadi, og’riq kuchayadi. Ich yurmasligining oldini oling, orqa teshikni toza saqlang, ehtiyot choralarini ko’ring.

* * *

Uyqusizlikning  eng  yaxshi  davosi  parhyez— meva-cheva,  sabzavot,  xom  meva,  poliz mahsulotlaridan  tayyorlangan  sharbatlar.  Yotish  oldidan  piyoz  iste’mol  qilinsa  uyqu keltiradi,  tanga  orom  beradi.  Oyoqni  yotish  oldidan  iliq  suvda  yuvish,  asal-arinning sharbatini ichish yaxshi.

* * *

Yorongul  giyohining  tomirini  olib,  suvda  qaynatasiz,  qaynatmani  sovitib,  dokada suzasiz. Bu suyuqlikni  har  kuni  qazg’oqli  boshga surkaysiz,  qazg’oq  ketadi.To’kilgan  sochlar qayta chiqadi, dag’allari risolaga tushadi.

Suyuqlikka piyoz suvi va ozgina konyak aralashtirilsa yaxshi. Bir miqdordagi konyakka to’rt baravar piyoz va olti baravar yorongul tomirining sharbati qo’shiladi.

Gul  tomirlarini  tozalab,  muzlatib  qo’yilsa,  yangi  hosilgacha  saqlasa  bo’ladi.  Issiqda ayniydi.

* * *.

Uyqu  oldidan  oyoqlarni  issiq  suvda  vanna  qilinadi,  quritiladi,  qadaq- qavariqqa kesilgan limon parchasi bog’lanadi. Uch-to’rt kunda qadoq- qavariq butunlay yo’qoladi. Oyoqlar orom oladi.

* * *

Uch yuz gramm sarimsoq tozalanib, shishaga solinadi, ustiga spirt yoki aroq quyiladi, uch hafta saqlanadi, kuniga20 tomchidan iste’mol qilinganda xotira yaxshilanadi.

* * *

Kuygan joyga darhol sovuq suvga solingan doka bilan tuz bosing. Yangi tuxumni oq-sarig’i bilan yaxshilab aralashtirilgani kuygan joyga davo bo’ladi.

* * *

Qadoqni yo’qotish. Bir parcha limon po’sti bug’langan qadoqqa qo’yiladi. 2—3 kundan keyii asta ko’chiriladi.

Piyoz  po’sti  shishaga  solinadi.  Botguncha  sirka  quyiladi.  Ikki  hafta  saqlanadi.  Sirka to’kib tashlanadi. Piyoz quritilib qadoqqa bog’lansa shifo bo’ladi.

* * *

Surunkali hiqichoqqa ukrop urug’idan tayyorlangan damlama foyda beradi.

* * *

Oyoq terlashiga borniy kislota foyda beradi. Oyoq issiq suvda yuviladi. Panja oralariga qo’l bilan surtiladi. Yaxshilab ishqalanadi. Paypoq kiyiladi. 8 — 10 soatdan keyin oyoq iliq suvda yuviladi. Bu tadbir ikki-uch hafta davom etadi.

* * *

Ilon  chaqqanga  to’ng’iz  yuragi  shifo  beradi.  Suyagi  isitmaga  dori, (bog’lanadi  yoki tutatiladi).

* * *

Badandagi  oq  dog’larni  yo’qotish  uchun  anjir  bargini  tomiriga  qo’shib  para- para qilinadi, uch-to’rt soat qaynatiladi. Suzib sharbati olinadi. Kuniga uch marta oq joylarga qo’yiladi. Jarohat qizarib shishsa foyda. Shish qaytguncha dorilash to’xtatiladi.

Pishmagan yong’oqdan6 donasini yanchib, ikki yuz grammcha anjir bargi bilan ikki soat davomida qaynatiladi. Suziladi. Kuniga uch marta surtiladi.

* * *

Qand kasalining yaxshi davosi parhyez.

* * *

O’z  salomatligingizni,  a’zolarni  yaxshi  saqlash  uchun  ichni,  hamma  a’zolarni  keraksiz chiqindilardan vaqtida tozalang. Doimo o’zingizni ozoda tuting.

* * *

Ichni tozalash uchun bahor faslida uch-to’rt bor parhyez kifoya. Spirtli ichimlik ichmaslik, chekmaslik, xamir ovqatlar iste’mol qilmaslik. Yotish oldidan yarim piyola dog’ suvni yengil terlaguncha maydalab ichishu quruq sochiq bilan badanni artish lozim.

* * *

Badanni toza tutish, zararli oziq- ovqat va kayf qiladigan ichimliklarni ichmaslik, foydali taomlarni iste’mol qilish, mehnat va dam olishni mujassamlashtirish, toza havo, g’animat quyosh nuridan bahramand bo’lish, mulohaza bilan gapirish, tajang bo’lmaslik, tabiat bergan  ik’omlardan  hamda  huquq  va  imtiyozlardan  to’g’ri  foydalanish  salomatlikni mustahkamlashga kafildir.

* * *

Tomoq yallig’langanda sut- qaymoqli choy iching. Shifobaxsh o’simliklardan foydalangan yaxshi. Yo’tal kuchaysa quruq mato bilan yurakni ishqang, sariyog’ surtib, badanga yediring. Yangi sariyog’,  ikkita  tuxum  sarig’i,  bir  qoshiq  toza  bug’doy  va  ikki  qoshiq  asalni  qorishtiring. Aralashmani to’rt- besh mahal bir qoshiqdan iching. Yarim  kilogramm  maydalangan  piyozga400 gramm  shakar  qo’shib,  bir  litr  suvda  asta qaynatasiz, sovitib50 gramm asal qo’shasiz, ovqatdan so’ng bir osh qoshiqdan ichasiz.

* * *

Bitta  limonni  o’n  daqiqa  qaynatib  suvini  oling,  bir  qoshiq  gliserin  bilan  asal to’ldirilgan piyolaga soling-da, aralashtirib har kuni uch mahal bir qoshiqdan ovqat oldidan iching. Qorishmani uyqu oldidan ichish foyda.

* * *

Har  qanday  kasallikni  zo’raytirmasdan  oldini  olgan  ma’qul.  Betoblik  nishonasi bilindimi, uni davolashga kirishing, betob bo’lmaslik harakatini ilgariroq qiling. Buning uchun  quyidagilarga  e’tibor  berilsa  bas: vaqtida  shifokorga  uchrash,  o’zboshimchalik  bilan davolanmaslik; shifokorning aytganini vaqtida qilish. Uni keraksiz savollarga tutmaslik; obdan tekshirtirish. Ishonch. Rivoyatlarga kamroq ishonish. Shifokor ko’rsatmalarini buzib, o’z – o’ziga zarar yetkazmaslik. Salomatlik haqida sog’lomlik davrida qayg’urish. Har yili ko’rikdan o’tish. Mehnat va dam olishni muvofiqlash. Ruhan tetik bo’lish, yoshga qarab ish tutish, parhyezga rioya qilish. Hayotda mo’tadillikka amal qilish.

Ana shular sihat- salomatlik garovi hisoblanadi.

I.TO’XTASINOV

Ibn Sino nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992-yil Toshkent

Вам может понравиться

Добавить комментарий