Sovutgich xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Sovutgich maishiy texnika vositalari orasida muhim o’rin egallaydi. U oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning sifatini saqlashda bizga beminnat yordam beradi. Hayotimizda hyech bo’lmaganda bir marta har birimiz sovutgich xarid qilishimizga to’g’ri keladi. Mazkur texnikadan kundalik turmushimizda muntazam foydalanishimiz bois, har taraflama optimal bo’lgan sovutgichni sotib olish, shubhasiz, maqsadga muvofiqdir. Quyida sovutgich xarid qilayotganda e’tibor qaratish zarur bo’lgan jihatlarni keltirdik.

Hajm va o’lcham. Sovutgichni xarid qilishdan oldin uni o’rnatadigan joyni belgilab olish kerak. Shu bilan birga oiladagi insonlarning sonini hisobga olish ham zarar qilmaydi. Bugungi kunda sovutgichlar turli xil shakl va o’lchamlarda ishlab chiqarilmoqda. 160-200 sm ushbu moslama uchun o’rtacha balandlik hisoblanadi. Bunda uning eni va chuqurligi 60 santimetrdan kam bo’lmasligi kerak, albatta. Odatda, mazkur o’lchamdagi ikki kamerali sovutgichlarning hajmi 250-350 litrni tashkil qiladi.Shuningdek, sovutgichlarning kichik o’lchamli variantlari ham sotiladi. Bir kamerali sovutgichning hajmi ko’p hollarda 80-200 litrga teng bo’ladi.
Ayniqsa, ko’p farzandli oilalar va umuman ko’pchilik foydalanadigan sovutgichlardan Side-by-side shaklidagisini alohida aytib o’tish lozim. Ikki eshikli bunday sovutgichlar qo’shimcha opsiya va texnologiyalar bilan jihozlanadi. Bunday sovutgichlarning eni 120, balandligi 180 va chuqurligi 70 santimetrgacha yetishi mumkin.Sovutgichning o’lchami va hajmini foydalanish maqsadi va o’rniga qarab tanlagan ma’qul.
Material va rangi. Oshxonaning dizaynidan kelib chiqib, muayyan rangdagi sovutgichlarni ham tanlash mumkin. Biroq shuni yodda saqlash kerakki, sovutgichni uzoq yillar ishlatish uchun sotib olasiz, oshxonaning interyeri esa bir necha yilda o’zgartiriladi. Shuning uchun mutaxassislar oq va kulrang rangdagi sovutgichlarni tavsiya etishadi (O’zbekistonda ham aynan mana shu ranglar ancha xaridorgir).
Bundan tashqari, sovutgich sotib olayotganda uning korpusi qaysi materialdan ishlanganiga ahamiyat berish kerak. Ko’pincha, sovutgich uchun polimer bilan qoplangan uglerodli po’latdan foydalanishadi. Bunday materialni tozalash va profilaktika qilish bir muncha qulay. Yana bozorda zanglamas po’latdan qilingan sovutgichlarni ham uchratish mumkin. Biroq ularning narxi sezilarli darajada qimmat bo’ladi. Ustiga-ustak, bunday qoplamani tozalash oson emas.
Kameralar soni. Odatda, sovutgichlar uch xil form-faktorda taqdim etiladi. Bir kamerali: bunday sovutgichlar kichik oilalar, ofis, dala-hovli va talabalar uchun juda mos keladi. Ikki kamerali: ushbu shakldagi sovutgichlarda muzxona bilan sovutish bloki ajratilgan bo’ladi. Ishlatish bir muncha qulay. Mahsulotlarni muzlatish uchun yirikroq muzlatish kamerasiga ega ikki kamerali sovutgich xarid qilgan afzal. Uch kamerali sovutgich: odatda bunday turdagi sovutgichlar meva-sabzavot, ko’kat, dengiz mahsulotlari saqlashga mo’ljallangan “neytral” sektorga ega bo’ladi. Ushbu sektor ham ko’pincha “nam” va “quruq” saqlash zonalariga ajraladi. Anglaganingizday, uch kamerali sovutgichlar boshqa turdagi sovutgichlarga qaraganda qimmatroq narxda sotiladi.
Sovutish tizimi. Zamonaviy sovutgichlarda bir nechta sovutish tizimlari mavjud.
a) Statik sovutish tizimi
Ushbu tizimning ishlash mexanizmi quyidagicha: kompressor faol bo’lgan paytda bug’latgich ham ishlaydi. Bunday vaqtda sovutish blokida harorat pasayib, bo’linma sovitiladi. Natijada orqa panelda kondensat hosil bo’ladi va u bir muddatdan keyin erib, maxsus bo’limga tushadi. Bunday tizimning faoliyati uncha qulay emas. Odatda, bunda muzxonani qo’lda eritishga to’g’ri keladi. Shu bilan birga, statik tizimda harorat bir tekisda taqsimlanmaydi.
b) Dinamik sovutish tizimi
Dinamik tizimning ishlash mexanizmi statik sovutish tizimi bilan deyarli bir xil. Biroq mazkur tizimda sovutgich bloklari bo’ylab harorat bir tekisda taqsimlanadi va mahsulotlarning uzoq saqlanishini ta’minlaydi.
v) No-Frost tizimiBunday tizimli sovutgichlarda ham bug’latish mexanizma mavjud, ammo u sovutgichning bevosita sovutish blokida joylashtiriladi. Majburiy ventilyasiya sababli sovutish blokida qirov hosil bo’lmaydi.
Sovutgichni boshqarish. Har bir sovutgich boshqarish usuli bilan ajralib turadi. Arzonroq sovutgichlar elektromexanik boshqarish elementlari bilan jihozlangan bo’lib, sozlamalar aylanadigan regulyator yordamida o’rnatiladi. Bunday turdagi boshqaruv usuli tok kuchining o’zgarishlari barqaror.Sovutgichning qimmatroq modellari elektron boshqaruv panellariga ega. Ko’pincha bunday panellar sovutgich eshigiga joylanadi, displey va takomillashgan boshqaruv tizimi bilan ta’minlanadi. Elementlarni sensor yoki mexanik tugmalar orqali sozlash mumkin.
Shu bilan birga sotuvda masofadan boshqariladigan sovutgichlarga duch kelish mumkin. Bunday sovutgichlarga Wi-Fi modul o’rnatilib, smartfon orqali uni distansion tarzda boshqarish imkoniyati mavjud.
Energiya sarflash tasnifi. Sovutgich xarid etayotganda, albatta, uning energiya sarflash tasnifi bilan qiziqib ko’ring. Ishlab chiqaruvchilar qurilmaning eshigiga, ko’p hollarda, uning energiya sarflash tasnifini bildiradigan stikerlarni yopishtirishadi. Mazkur tasnifga binoan energiya sarfining 7 xil darajasi mavjud (A dan G gacha). Bunda A eng kam energiya sarfini G esa eng ko’p energiya sarfini bildiradi. Sovutgichning muntazam ishlashini hisobga olsak, energiya iste’molini tejash maqsadida kam tok sarflaydigan sovutgichni xarid qilish tavsiya etiladi.
Muhitga oid tasnifi. Bunday tasnifda sovutgichdan qanday haroratdagi muhitda foydalanish ko’rsatilgan bo’ladi. Odatda, 4 ta muhit tasnifi farqlanadi:
Klass (+16 °S do +32 °S);
Klass SN (+10 °S do +32 °S);
Klass ST (+18 °S do +38 °S namlik holati bilan);
Klass (+18 °S do +43 °S).
Qo’shimcha funksiyalar:
Ta’til rejimi: bunday rejimni sovutgichdan uzoq muddat foydalanmaganda qo’llash mumkin. Rejimni faollashtirishdan oldin sovutgichdan barcha mahsulotlarni chiqarish talab etiladi. Ushbu rejimda sovutgich passiv ishlash holatiga o’tadi.
Bakteriyaga qarshi qoplam: ba’zi sovutgichlarni ichki blokiga ishlab chiqaruvchilar tarkibida kumush ionlari bo’lgan qoplamlarni o’rnatadilar. Bunday qoplamlar mikroblarni o’ldirish bilan birga, noxush hidlarni ham bartaraf etadi.
Tezkor sovitish va muzlatish rejimlari: bunday rejimlar mahsulotlarni tezda muzlatish va sovutishga xizmat qiladi. Ushbu rejimlarda kameralardagi harorat keskin tushiriladi.
 
Muz generatori: muayyan shakldagi muz bo’laklarini hosil qilishga mo’ljallangan forma va tizim. Ayni vaqtda arzon sovutgichlarda ham uchratish mumkin.
Ovozli xabar: ushbu funksiya sovutgich eshigi yaxshi yopilmay qolganda asqotadi. Shu bilan birga, ba’zi modellarda harorat sozlangan darajadan oshib ketsa ovozli xabar yangraydi.
manbaa: tafsilot.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий