Solkashlik— mevali daraxtlarning yil ora hosil berishi.

 Bu xususiyat, asosan, urug’li mevalilarga xos. Solkashlik noklarda, odatda, olmaga qaraganda juda kam uchraydi. Solkashlik, asosan, agrotexnikaga bog’liq. Parvarishi yaxshi (tuprog’i ishlanadigan, o’g’itlanadigan, sug’oriladigan, butab turiladigan) o’simlik to’qimalarida kerakli miqdorda oziq moddalar to’planib, gul kurtaklarining shakllanishiga, ya’ni kelasi yil hosiliga zamin yaratiladi va bunday daraxtlar har yili hosil beradi.

Odatda, mevali daraxtlar ko’p gul ochadi. Olma va nok daraxtlarining 10— 15% guli meva tugsa, serhosil hisoblanadi. Agar daraxtda gul juda ko’p bulsa, bir yillik novdalar sust usadi, barglari maydalashadi. Natijada daraxtlar kelgusi yili hosil uchun kerakli miqdordagi gul kurtaklarini shakllantira olmaydi. Shu davrgacha har yili hosil berib kelgan daraxt solkash bo’lib qoladi.

Solkashlik meva naviga ham bog’liq. Ayrim olma navlari (masalan, Simirenko) yaxshi tabiiy sharoitda yetarlicha parvarish qilinsa, ayrimlari esa (masalan, Delishes) qo’shimcha parvarish qilingandagina har yili beradi. Solkashlikni yo’q qilishda yoki uni kamaytirishda payvandtagning ahamiyati katta. Masalan, kuchsiz o’suvchi payvandtag (paradizka, dusen)ga ulangan olma daraxti har yili hosil beradi. Solkashlikni bartaraf etishda har bir navning xususiyatini hisobga olgan holda tashqi muhit sharoiti, ayniqsa, agrotexnika tadbirlari majmui katta ahamiyatga ega. Har yili hosil berishga yordam beruvchi tadbirlarni ishlab chiqishda bog’larga ekiladigan navlar tarkibini tuzish, agrotexnologiya talablarini to’liq va sifatli o’tkazish muhim rol o’ynaydi.

Вам может понравиться

Добавить комментарий