Samarqandda Islom Karimov maqbarasi ochildi

Bugun, 2 sentabr kuni O’zbekiston Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezident Islom Karimov dafn etilgan maskanda barpo etilgan yodgorlik majmuasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko’ra, marosimda O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda marhum prezidentning bevasi Tatyana Karimova ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo me`morchiligi an`analari bo’yicha qurilgan maqbara Islom Karimov vafotiga bir yil to’lgan kunda ochildi.

Prezident Islom Karimov dafn etilgan Hazrat Xizr masjidi majmuasi hududida maqbara qurilishi loyihasi Respublika komissiyasi hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ob`yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish Bosh boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilib, taqdim etilgandi.

O’zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan mazkur loyihani YuNeSKOning Butunjahon merosi markazi va IKOMOS (Yodgorlik va me`moriy obidalarni saqlash Xalqaro kengash) bilan muvofiqlashtirish ishlari olib borildi.

Butunjahon merosi markazi va IKOMOS tashkilotlari yodgorlik obidasini qurish loyihasi bilan tanishib chiqdi, mazkur xalqaro tashkilotlar mutaxassislari 2016 yilning dekabrida Hazrat Xizr masjidiga kelib, qurilish ishlarini YuNeSKO mezonlariga muvofiq holda, ya`ni Butunjahon me`rosi ob`yektining tarixiy ko’rinishini saqlab qolgan holda amalga oshirish borasidagi tavsiyalarini berdi.

Qurilish ishlarida mahalliy ishchilar bilan birga hindistonlik ustalar ish olib bordi, maqbarada foydalanilgan qimmatbaho toshlar ham Hindistondan olib kelingan. Yog’och o’ymakorligi bilan bog’liq barcha ishlar O’zbekiston xalq ustasi Nasrullo Sohibnazarov va Mirjalol Asadov tomonidan shogirdlari bilan birga, shuningdek, qo’qonlik Muhammadamin ishtirokida bajarildi. Ganch o’ymakorligi bo’yicha ishlarni O’zbekiston xalq ustasi Mansur Murodov hamda Amriddin Najmiyev bajarishdi. Mayolika va mozaika montaji bilan Rahmon Tohirov boshchiligidagi guruh shug’ullandi, devorlarni naqshlash ishlarida O’zbekiston xalq ustasi Abdug’ani Karimov boshchiligidagi guruh band bo’ldi.

Maqbara atrofida ayvon bunyod etildi, maqbara yonida joylashgan Hazrati Xizr masjidi restavratsiya qilindi. Shohi Zinda va Hazrati Xizr qabristonlari devorlari yangicha ko’rinish oldi.

Qurilish va obodonlashtirish ishlari tunu-kun davom etib, 3 smenada 2 mingdan ziyod ishchi mehnat qildi.

Fotolar muallifi: Sherzod Ikramutdinov 

manbaa: kun.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий