Qadimgi Yunonistondagi muhabbat ramzi

Miloddan avvalgi IV asrda qadimgi Yunonistonda – Kichik Osiyodagi Kariya tarixiy viloyatining markazi bo’lgan Galikarnasda hukmdor Mavsolga bag’ishlab uning rafiqasi Artemisiya II maqbara qurdirgan. Qadimgi dunyoning yetti mo’jizasidan biri, deb tan olingan ushbu obida hozirgi Turkiyaning Oy-din viloyatidagi Bodrum shahri hududida bo’lgan.

Galikarnas maqbarasini qurish ishlari Kariya hukmdori hali hayot bo’lgan vaqtda, miloddan avvalgi 353 yilda boshlangan. Kariya malikasi Artemisiya obidani bunyod etish ishiga o’sha vaqtdagi Yunonistonning eng mashhur me’morlarini, shu jumladan, Efesdagi Artemida ibodatxonasini qurish va jihozlashda ishtirok etgan quruvchilarni taklif etgan. Maqbara me’morlaridan biri bo’lgan Pliniy obidani shunday tasvirlagan: janub va shimol tomondan uzunligi – 63 fut (19,4 metr), old va orqa tomonga qarab umumiy uzunligi – 440 fut (135,5 metr), balandligi – 25 tirsakka (qariyb 12 metr) yetuvchi 36 ta ustun bilan o’rab olingan. Ustunlar-ning tepasiga esa asosining o’lchami obidaning pastki qismiga teng bo’lgan piramida qad ko’tarib, uning tepasiga marmar to’rtburchak o’rnatilgan. Marmar to’rtburchakning ustida esa to’rtta ot qo’shilgan aravada Mavsol va Artemisiya mag’rur turgan. Inshootning umumiy balandligi 146 futga (45 metr) yetgan. Maqbaraning tashqi maydoni 5000 kvadrat metrdan oshgan. Obida atrofiga esa sher va otliq jangchilarning haykallari o’rnatilgan.

Galikarnas maqbarasi (Bodrum, Turkiya)

Maqbara pishiq g’isht va marmardan qurilib, Galikarnas shahrining baland qismida joylashgani bois, uzoq-uzoqlardan ko’rinib turgan. Obidaning me’moriy tuzilishi va qurilish uslubi o’sha vaqtlardagi Yunonistonda bunyod etilgan obidalardan farq qiladi. Qadimiy yunon maqbaralari to’rtburchak shaklida qurilib, balandligi old tomon uzunligidan oshmagan. Galikarnasdagi maqbara deyarli kvadrat shaklida, balandligi esa asosining uzunligidan oshib, minorasimon shaklni eslatadi. Galikarnas maqbarasi sharq va g’arb me’morchiligi an’analarini o’zida mujassam etgan bo’lib, mazkur inshootga o’xshash obida Yunonistonda boshqa yo’q edi. Yaqin Sharqning qator mamlakatlarida Galikarnasdagi maqbaraga o’xshash obidalar keyinchalik ko’plab qurilgan.

Maqbara shunchalik mustahkam qurilgan ediki, o’n to’qqiz asr davomida turli tabiiy va ijtimoiy ta’sirlarga dosh berdi. Faqat XIII asrda Kichik Osiyoda yuz bergan kuchli zilzila natijasida uning tepa qismi qulab tushgan. 1522 yilda esa maqbara vayronalaridagi materiallar Muqaddas Pyotr (hozirgi Turkiyadagi Bodrum) qal’asini qurish uchun olib ketilgan.

XIX asrning o’rtalarida Kichik Osiyo bo’ylab sayohat qilgan yevropalik sayyohlar Muqaddas Pyotr qal’asi o’rnida qayta tiklangan Bodrum qal’asining devorlari nafaqat tosh bo’laklaridan, balki yirik marmar bo’laklaridan ham terilganligiga e’tibor berishgan. Buning hayron qolarli joyi bo’lmasa-da, Bodrum qal’asida ishlatilgan marmar bo’laklari nafis ishlov berilgani, turli odamlar va ma’budlarning rasmlari o’yib ishlangani bilan kishi e’tiborini tortadi. Bu haqda o’sha paytdagi Britaniyaning Tur-kiyadagi elchisi eshitgach, Bodrum shahriga kelgan. Uzoq davom etgan muzokaralardan so’ng, Britaniya elchisi Turkiya tomonidan Bodrum qal’asi devoridan 12 ta marmar bo’lagini ko’chirib olish uchun ruxsat olishga erishdi. Marmar bo’laklarini Britaniya muzeyiga olib borib tekshirgach, saqlanib qolgan qadimgi yozuvlar hamda olimlarning xulosalariga ko’ra, mazkur marmar bo’laklari Galikarnasdagi mashhur maqbaradan olingani aniqlandi.

1846 yilda maqbara vayronalarini Charlz Tomas Nyuton bosh-chiligidagi Britaniya muzeyi ekspedisiyasi tadqiq qilgan. Ingliz tadqiqotchilari Galikarnas maqbarasini Bodrum qal’asidan uncha uzoq bo’lmagan joydan qidirishga qaror qilishgan. Chunki qal’a devorlarida ishlatilgan marmar bo’laklarining kattaligi sababli ularni uzoqqa tashib borish birmuncha mashaqqatli, degan xulosaga kelishgan.

Nyuton Bodrumda o’tkazilgan to’qqiz oy mobaynida Galikarnas maqbarasining qoldiqlarini topishga muvaffaq bo’ldi. Qazilmalar natijasida Mavsol va Artemisiyaning maqbara tepasida turgan ikki metrli haykallari, otning bir metrdan ortiq uzunlikka ega bo’lgan boshi, bronzadan yasalgan jilov topilgan. To-pilgan otning boshi birmuncha shikastlangan edi. Pastga qulagan otning boshiga yetgan shikastni tadqiq qilish natijalariga ko’ra, Nyuton Galikarnas maqbarasining balandligi 45 metr emas, 60 metrdan baland bo’lgan, degan xulosaga keldi.

Olib borilgan tadqiqotlar natijasida britaniyalik muta-xassislar maqbaraning dastlabqi ko’rinishini aks ettiruvchi bir nechta loyihani ishlab chiqishgan. Ushbu loyihalardan biri tashqi ko’rinishidan qadimgi Galikarnas maqbarasini eslatuvchi AQShning Nyu-York shahridagi Manxettenda joylashgan Grand mavzoley (Ulkan maqbara)ga asos qilib olingan.

 

Вам может понравиться

Добавить комментарий