O’zbekiston bo’ylab sayohat qilishga undaydigan yetti sabab

«Oldingda oqqan suvni qadri yo’q !». Ushbu maqolni kundalik hayotda ko’p marotaba eshitamiz. O’zbekistonda yashab turib, mamlakatimizning bizning qalbimizdagi o’rnini his qilish juda qiyin. Odatda O’zbekistonni tark etgan odamgina uni qanchalik sevib yetishini anglab yetadi.

Biz tug’ilib o’sgan ushbu yurtni o’rnini dunyodagi boshqa biror bir hudud bosib beraolmaydi.  Buni chetda yashab yurgan yoki chet elda bir necha yil umrguzaronlik qilgan har bir o’zbek yaxshi biladi. Ba’zilar sizga u hudud o’z yurtidan qadrli bo’lganligini aytishi mumkin, lekin menga ishonavering, u ich-ichidan baribir O’zbekistonni sog’inadi, qo’msaydi, har zamonda hech bo’lmasa o’sha bolaligida chopib yurgan mahallasini, anhorda do’stlari bilan cho’milganiyu, qo’shni bog’ga o’g’rilikka tushganini qo’msab eslaydi. Mana shu vatanni sevish uchun bizda yuzlab, hatto minglab sabablar bor. Uning go’zalligi bo’lsa o’sha sabablardan biridir.

Bugun ona yurtimiz O’zbekiston bo’ylab sayohat qilishga undaydigan yetti  sabab haqida yozmoqchiman.

1. Bir necha ming yillik tarix asosida shakllanga yashash falsafasi.

Bugungi O’zbekiston hududi bir necha ming yillik tarixga ega bo’lib, ushbu hududda minglab buyuk insonlar yashab o’tgan, ushbu hududga minglab buyuk insonlar qadam qo’ygan. Aynan ushbu hudud jahon tarixidagi eng buyuk uchta imperator ya’ni Iskandar Zulqarnayn, Chingizxon va Amir Temurni ko’rgan. Bir necha ming yillik tajriba ushbu hududda o’ziga xos hayot falsafasini, yashash uslubi, mentalitetni shakllantirgan.

O’zbekiston bo’ylab sayohat bizga turli xil viloyatlardagi urf-odatlar, afsonalar, yashash-tarzini o’rganish imkonini beradi. O’zbekistonnning har bir nuqtasida shakllangan o’ziga xos mehmondo’stlik sizni lol qoldirishi mumkin. Haqiqiy o’zbek mehmondo’stligini, uning urf-odatlarini bilmoqchi bo’lsangiz chekka qishloqlar tomonga yuravering. Masalan, Nurato tog’lari orasida oqib o’tuvchi soylar atrofidagi qishloqlar sizni butunlay lol qoldirishi mumkin

  1. Kemalar qabristoni va Sahro gavhari

Qoraqalpog’iston Respublikasiga sayohat qilsangiz, ushbu sayohat bir umrga esingizdan chiqmasligi aniq. Sababi aynan Qaraqolpog’iston Respublikasida butun dunyodan tashrif buyiradigan turistlar uchun juda qiziqarli bo’lgan ikkita narsa bor. Bulardan birinchisi rus avangardistlarining eng noyob asarlari to’da bo’lgan Nukusdagi Savitskiy muzeyidir. XX-asrning ilk yarmida Stalin tomonidan eng ajoyib rus rasmmolarining ijodiga bosim o’tkazilgan, to’xtatib qo’yilgan. O’sha davrda Nukusda yashab yurgan vatandoshimiz Igor Savitskiy o’sha rassomlarning asarlarini yagona muzeyda to’play olgan. Bugungi kunda muzey o’zining boy kolleksiyasi orqali umuman jahondagi eng boy muzeylardan biriga aylana oldi. Uni hatto AQSHning CNN telekanali “Sahrodagi Luvr” deb atadi.

Qaraqalpog’iston Respublikasi hududida eski baliqchilar porti bo’lgan Mo’ynoq shahri bor. Oldin Orol dengizining qirg’og’ida joylashgan ushbu shahar endilikda cho’l-u biyobonning o’rtasida qolmoqda. XX-asrning eng yirik fojeasi bo’lgan Orol dengizining qurishi tufayli ushbu shahar endilikda Orol dengizidan yuz kilometr masofada joylashgan. Mo’ynoqga sayohat qilib Orol fojeasini tushinib yetishingiz, bir vaqtlar dengiz ostida bo’lgan tuproqqa qadam qo’yishingiz mumkin. Eng qizig’I bo’lsa albatta Mo’ynoq oldida joylashgan kemalar qabristonini borib ko’rishdir. Faraz qiling to’rt tomoningizda yirik cho’l, cho’lning o’rtasida bo’lsa bir necha kema, xuddi filmlardagidek… Sizga sahna qanchalik egzotik tuyilmasin, bu bugungi kundagi reallik hisoblanadi va Orol dengiziga sayohat orqali dunyoda yagona bo’lgan ushbu sahnaga guvoh bo’lishingiz mumkin.

  1. Ming bir kecha ertaklari bo’ylab sayohat

Yoshligimizda hammamiz sobiq SSSR ijodkorlari tomonidan olingan “Olovuddin” filmini ko’rganbmiz. Shuningdek “Ming bir kecha” va shunga o’xshagan ko’plab ertaklarni o’qiganmiz. O’sha davrni ko’z oldimizdan o’tkazganmiz, o’sha davrga sayohat qilgimiz kelgan. Bu sayohatni amalga oshirish uchun bizda katta imkon bor. Xiva shahrining markazi bo’lgan Ichan Qal’a o’ziga xos buyuk tarixiy ansambldir. Ichan qal’aga kirgan odam shu zahoti O’rta asrlardagi Sharq shahriga tushib qoladi va xayollar uni turli davrlarga sayohatga olib keladi. Xayolingizda malika Shaxrizoda uchar gilamda oldingizga uchub kelayotgandek.

Osmon ostidagi muzey deb e’tirof etilgan Xiva shahri bugungi kunda O’rta Asrlardagi Sharq shaharlarining qanday ko’rinishda bo’lganligini bilish, ularda sayohat qilish uchun dunyodagi eng qulay shahardir. Agar Xivaga sayohatga borsangiz Oq Sheyx Bobo tepaligiga chiqib inson qo’li bilan yaratilgan ushbu mo’jiza shaharda quyoshning botishini, uning qizg’ish nurlari ulkan tarixga guvoh bo’lgan binolarning pishi-g’ishtlarida tovlanishiga guvoh bo’lishni esdan chiqarmang. Bunaqasini boshqa joyda topa olmaysiz…

  1. Chingizxon bosqinidan oldingi arxitektura haqida taassurotga ega bo’lish.

O’n uchinchi asrning boshida mamlakatimiz xalqining boshiga balo yog’iladi. Insoniyat tarixidagi eng qonxo’r shox Chingizxon Markaziy Osiyo bo’ylab jangga kirishadi. U Markaziy Osiyo xalqini qiribgina qolmasdan, shaxarlarimizga o’t qo’yadi, shu bilan ungacha bo’lgan davrda qurilgan, ulkan arxeologik yodgorliklar yonib kul bo’ladi. Lekin, taqdir taqozosi bilan sharif shahar Buxoroda bir necha tarixiy yodgorlik saqlanib qoladi.

Ushbu yodgorliklar bugungi kunda Chingizxongacha bo’lgan davrda mamlakatimiz hududida arxitektura qanchalik taraqqiy qilganligini ko’rsatib beradi. Islom dunyosidagi eng tarixiy mavzoley Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi, o’z davrida dunyoning eng baland binosi bo’lgan buyuk Minorai Kalon va mamlakatimiz hududiga eng tarixiy masjid – Mogaki Attor masjidi arab bosqinidan keyin Chingizxonning qonli urushigacha bo’lgan davr arxitekturasidan guvohlik beruvchi noyob tarixiy yodgorliklardir. Ming yillik tarixga qaramasdan, ushbu yodgorliklar g’urur bilan bosh ko’tarib sharif shahar Buxoroda dunyoning barcha davlatlaridan kelgan turistlarni qabul qilmoqda.

  1. Amir Temur poytaxtiga sayohat.

Samarqand shahrining yoshi ham, uning Jahon tarixida ahamiyati ham bugungi kunda Rim, Afina, Istanbul kabi afsonaviy shaharlardan ko’p bo’lsa ko’pki, lekin kam emas. Aynan shu uchun bo’lsa kerak, Buyuk Ipak yo’lining yuragida joylashgan ushbu buyuk shaharni bugungi kunda har bir Yevropalik sayohat qilishni orzu qiladi. Ushbu shahardagi tarixiy yodgorliklar o’zining go’zalligi, buyukligi bilan dunyoni lol qoldirmoqda.

Samarqanddagi Registon maydoni dunyo bo’ylab shunchalik mashhur bo’ldiki, bugungi kunga kelib u dunyoda O’zbekistonning ramziga aylana oldi. Shoxi Zinda yodgorligi, Bibi Xonum masjidi, Go’ri-Emir maqbarasi kabi bir necha tarixiy yodgorliklar go’zallikda Markaziy Osiyoda yagonadir. Imkon bo’lishi bilanoq davlatchiligimiz tarixidagi eng buyuk rahbar Amir Temur va uning olim nevarasi Ulug’beklarning poytaxti bo’lgan Samarqand shahriga sayohatga shoshiling, ishoning,  bu sizga bir umrlik xotira bo’lib qoladi.

  1. O’zbek oshxonasi.

Manti, lag’mon, sho’rva, somsa… O’zbek oshxonasi shunchalik taomlarga boyki, sanab oxiriga yetolmaysan. Uning ustiga har bir viloyatning o’z taomi bor, ushbu taomni ham bir necha tayyorlash uslubi bor.

Birgina palovning yuzdan ortiq xili bor. O’zbek oshxonasini kashf etish uchun mamlakat bo’ylab bir necha marta sayohat qilish kerak. Haqiqiy kabob (shashlik) yeyish uchun G’ijduvonga, tuxumbarak uchun Xorazmga, somsa uchun Jizzaxga, norin uchun Toshkent tomonlarga borish kerak. Shuning evaziga bo’lsa kerak, o’zbek hech qachon o’z taomlaridan voz kecha olmaydi. Har safar biror bir viloyatga borganda o’sha viloyatning o’z taomini tatib ko’rish esdan chiqmasin…

  1. Ko’chmanchilar hayotidan bir kun…

Mamlakatimiz hududining ulkan qismi sahrolardan iborat. Mendeleyev jadvaldiga barcha elementlarni o’z tuprog’i ostiga sig’dirgan Qizilqum cho’li O’zbekiston hududidining ulkan qismini egallab turadi. Ushbu hududda bir necha ming yillardan beri ko’chmanchi xalqlar yashab kelgan. Ularning hayot tarzi faqat ko’chmanchilarga xos bo’lgan fasafani  shakllantirgan, ularning o’ziga xos madaniyati, urf-odati, taomlari bor.

Aydar Ko’l qirg’oqlaridan uzoqda bo’lmagan hududdagi o’tovlarda siz bir kechani o’tkazishingiz, cho’lda quyosh botishini kuzatishingiz, yulduzlarga to’la tiniq osmonga tikilib qozoq qo’shiqchisi Oxun tomonidan ko’ylangan qo’shiqlarni olov atrofida tinglashingiz mumkin. Aytgancha, tuyada sayohat qilish esdan chiqmasin…

Mamlakatimizni sevishdan aslo to’xtamang, bunga minglab sabablar bor, qolaversa bunaqasi yer yuzida boshqa yo’q!

Manba: kashfiyot.blogspot.com Muallif: Firuz Allaev 

Вам может понравиться

Добавить комментарий