O`zbek so`mi qanday dunyoga kelgan edi?

– O`zbekiston Mustaqilligining uchinchi yo to`rtinchi yili edi, – deya gap boshlaydi O`zbekistonning birinchi Prezidenti qoshidagi sobiq Davlat kotibi Rahim Rajabov. – Milliy valyutamiz yo`q edi, O`zbekiston Rossiya rubli bilan faoliyat yuritmoqda edi. Ayni paytda Mustaqillikka erishgan davlatimiz o`z milliy pulini chiqarishi yuzasidan ish olib borilayotgandi.

Sobiq ittifoqdosh respublikalar, jumladan, O`zbekistonni ham yagona rubl hududida ushlab turish Rossiya uchun foydali edimi? Rossiya davlat banklaridan bizga rus banknotalari etarli miqdorda muntazam kelib turar edi. Lekin bu holatning biz uchun na ma`naviy, na moddiy va na moliyaviy foydasi bor edi. Haqiqiy – ham siyosiy, ham iqtisodiy mustaqil davlat sifatida e`tirof etilish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro muassasalarga to`laqonli a`zo bo`lish uchun O`zbekiston o`z milliy chegarasi, konstitusiyasi, gerbi, madhiyasi va, albatta, o`z milliy valyutasiga ega bo`lishi shart edi.

Lekin shuncha vaqt o`tsa ham hamon o`zimizning milliy pulimizga ega emas edik. Yangi pul ishlab chiqarish oson emasligini davlat rahbari ham, iqtisodchilar, mutaxassisu moliyachilar ham yaxshi tushunishar edi.

– Agar shu paytda, – deya davom etdi yoshi to`qsonga qarab ketayotgan, lekin hamon tetik, so`zamol va umuman, ajoyib inson Rahim Rajabov.

Shu erda kichik bir chekinish qilishimizga to`g`ri keladi. Rahim ota Rajabov haqidagi ta`riflarimizni tasdiqlash uchun u kishi bilan bu galgi uchrashuvimiz haqida aytib beray. Biz haydovchi Abdulaziz Mirzaev bilan Professorlar mahallasida u kishining uyini topolmay, qo`l telefoniga qo`ng`iroq qildik. Bu paytda Toshkentda oppoq qor yog`ayotgan edi. Bir mahal elkasiga to`n kiygan va qo`lini baland ko`targancha, “Mana men, bu erdaman, bu yoqqa kelinglar”, deb ko`cha boshidan bizni imlayotgan kishiga ko`zimiz tushdi. Ha, bu Rahim aka edi.

Rahim Rajabov bilan birinchi marta bundan 30 yillar muqaddam uchrashgan edik. Qorachadan kelgan, serharakat, gapini kesib-kesib gapiradigan bu kishi menda o`ta bilimli va madaniyatli inson sifatida taassurot qoldirgan edi. Toshkentdagi bir qator yirik zavodlarda, Davlat konstruktorlik byurosida direktor, bosh muhandis lavozimlarida mehnat qilgan. Yillar deymizmi, hayot yo keksalik deymizmi, o`z ta`sirini o`tkazmay qolmas ekan. Hozir biroz cho`kkan, toliqqanroq ko`rindi ko`zimga. Lekin ko`zlari hamon ziyrak va diqqat bilan tikilib turadi. Harakatlari chaqqon, avvalgidek ehtiros bilan so`zlaydi. Yurish-turishi esa, bu yoshdagi qariyalar uchun havas qilsa arzigulik darajada.

– Agar biz o`sha paytda milliy pulimizni chiqarayapmiz, deb ovoza qilsak bormi, Rossiya O`zbekistonga qog`oz pul berishni taqqa to`xtatib qo`ygan bo`lar edi. Ana unda asosiy moliyaviy muloqot vositasidan ham mahrum bo`lgan yosh mustaqil respublikaning ahvoli, qariyb 22 millionli xalqning hayoti, sanoat, qurilish, qishloq xo`jaligini boshqarish nima bo`lishi faqat Allohga ma`lum edi. Ittifoqning tarqalib ketishida o`zlari tashabbus ko`rsatgan bo`lsalar-da, biz mustaqil bo`lganimizni unchalik ham xushlamas edi. Buni tushunadigan tushunadi, tushunmaydiganlarga tushuntirib ham bo`lmaydi.

Lekin bir narsa oydek ravshan edi. Davlatlararo munosabatlarda barcha masalalar – qishloq xo`jaligi, sanoat yo qurilish va hatto mudofaa masalasida ham hamkorlik qilish mumkin edi. Faqat pul masalasida emas. Zero, pul o`ta nozik – siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy masala. Boshqa davlatning pul birligida xo`jalik yuritish esa kutilmagan tomonlari bilan qaltis va nihoyatda xavfli ekanini hayotning o`zi isbotlayotgan edi. Katta yoshdagi yurtdoshlarimiz yaxshi eslasa kerak, Rossiya davlat banki eng katta pul birliklaridan bo`lgan 50 rubllik banknotani hech qanday e`lonsiz to`satdan almashtirib, aholi shaxsiy jamg`armasini qo`ying, hatto endi oyoqqa turayotgan kichik va o`rta tadbirkorlaru katta biznesmenlarni ham ag`dar-to`ntar qilib tashlay, degan edi.

Prezident shu haqda o`ylar edi. Axir, Rossiya davlatni, xalqni boshqarish qonun-qoidalariga zid holda, bir kechaning o`zida 50 rubllik qog`oz pullarini bekor qildi-ku?!

Вам может понравиться

Добавить комментарий