Oyoqdagi quruq qadoqlar qanday paydo bo‘ladi va ularni qanday yo‘qotish mumkin?

Bunday yoqimsiz muammoga ko‘pchilik duch keladi. Oyoqdagi qadoqlar nafaqat unchalik yaxshi ko‘rinmaydigan, go‘zallik bilan bog‘liq bo‘lgan muammo. Qadoqlar ba’zan ma’lum bir noqulaylik va kuchli og‘riq keltirib chiqaradi. Ular o‘z vaqtida davolanmasa sog‘likka jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Qadoqlar qanday paydo bo‘ladi va ularni qanday yo‘qotish mumkin?

Quruq qadoq nima?

Quruq qadoq – bu o‘lik hujayralarning bir joyga to‘planib qolishi. U terining ma’lum bir joyiga uzoq vaqt bosim berilishi yoki ishqalanishi natijasida paydo bo‘ladi. Bosimlar paydo bo‘lishining bir necha sabablari mavjud. Bu sabablarni esa ikki guruhga ajratish mumkin – tashqi va ichki.

Tashqi sabablarga quyidagilar kiradi:

  • juda tor yoki o‘lchami noto‘g‘ri tanlangan oyoq kiyim;
  • noqulay yoki baland poshnali oyoq kiyim;
  • barmoqlarni siqib turadigan, uchi haddan tashqari tor bo‘lgan oyoq kiyim;
  • tagcharmi juda yupqa oyoq kiyim.

Odamning salomatligiga bog‘liq bo‘lgan ichki sabablar esa quyidagilardan iborat:

  • oyoq kaftining o‘zgarishi (ko‘pincha yassi oyoqlik);
  • umurtqa bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar;
  • terining yoshga doir o‘zgarishlari;
  • o‘ziga xos qadam tashlash;
  • ortiqcha vazn;
  • endokrin kasalliklar (shu jumladan, qandli diabet);
  • organizmda vitaminlar va mikroelementlar yetishmasligi;
  • zamburug‘li infeksiya.

Quruq qadoqlar qanday sabablarga ko‘ra paydo bo‘lishidan qat’iy nazar ularni davolash zarur.

Quruq qadoqlar ko‘pincha:

  • barmoqlar orasida;
  • jimjiloqda;
  • bosh barmoqning tashqi tomonida;
  • barmoqlarning ostki qismida paydo bo‘ladi.

Bunday qadoqlarning paydo bo‘lishi ancha noqulaylik tug‘diradi.

Quruq qadoqlarni maxsus va zamonaviy tibbiyot vositalari yordamida davolashning ko‘plab usullari mavjud.

Zamonaviy farmatsevtika sanoati quruq qadoqlarni davolash va ularning oldini olish uchun juda keng assortimentda dori-darmonlarni taqdim qilmoqda. Ularni dorixonalardan olish mumkin. Bu dori-darmonlarning asosi salitsil va sut kislotasi, natriy gidrookis, shuningdek qoncho‘p (chistotel)dan iborat. Ular maxsus plastirlar, nastoyka, tomchi yoki gel ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Juda og‘ir holatlarda esa lazer va suyuq azot yordamida maxsus shifokorlik davolash tadbirlari qo‘llaniladi.

Qadoqni xalq tabobati usullari bilan davolash tarafdorlari ham bor. Lekin ahvolni yomonlashtirmaslik va salbiy oqibatlarga olib kelmaslik uchun yaxshisi bu sohada to‘g‘ri davolash usulini tanlashga yordam beradigan tajribali mutaxassisdan maslahat olgan ma’qul.

Qadoqlarni davolash uzoq davom etadigan va qiyin jarayon hisoblanadi. Shuning uchun quruq qadoqlarni davolashdan ko‘ra ularning oldini olgan osonroqdir.

Quruq qadoqlar paydo bo‘lishining oldini olish uchun quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:

  • qulay, to‘g‘ri tanlangan yumshoq va egiluvchan tagcharmli oyoq kiyim;
  • oyoq kaftlari o‘zgarishida ortopedik pataklar;
  • oyoq kiyim belgilangan maqsadiga mos kelishi zarur (masalan: krossovka – sport uchun, kundalik kiyish uchun – tumshug‘i keng oyoq kiyim);
  • kundalik poyabzal tanlashda baland poshnalilardan voz keching (4 sm gacha);
  • tabiiy matoli, choksiz paypoqchalar yordamida terini himoya qiling;
  • quruq teriga yordam beruvchi oziqlantiruvchi va namlantiruvchi vositalardan foydalaning;

Quruq qadoqni mustaqil ravishda olib tashlash tavsiya qilinmaydi. Bu bilan faqat mutaxassis shug‘ullanishi kerak! Oyoqlaringizni ehtiyot qiling va sog‘ bo‘ling!

manbaa: antiqa.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий