O’simliklar qanday oziqlanadi?

Qizigi shundaki, o’simliklarning ham ozuqa ishlab chiqaradigan «fabrikasi» bor. Yashil barglar ana shunday «fabrika»dir. Olma va shaftoli mevalari shirinligini hammamiz yaxshi bilamiz. Demak, ularning tarkibida qand moddasi bor. Ammo u qayerdan paydo bo’ladi? Ularni shaftoli va olma daraxtlarining yaproqlari ishlab chiqaradi. Ular buning uchun zarur mahsulotlarni tuproq va havodan oladi.

Shunday komponentlardan biri bo’lmish karbonat angidrid, gazini yaproqlar havodan yutib oladi. Namlikni esa daraxt ildizlari tuproqdan oladi. Bu ikki modda o’simliklarga qand ishlab chiqarish uchun yetarlidir. Shuni ham qayd etish kerakki, yaproqlarda ozuqa Quyosh nurlari ta’sirida sintezlanadi.

Ayrim o’simliklarning esa shirin mevalari yoki sharbati bo’lmaydi. Ammo bu, ularning yaproqlari qand ishlab chiqarmaydi, degan gap emas. Shunday o’simliklarda ishlab chiqarilgan qand zudlik bilan ta’msiz kraxmal yoki oqsilga aylanib ketadi. Albatta, o’simliklarning oziq-ovqat «fabrikasi»ga ham mashinalar kerak bo’ladi. Yaproqlarda mashina vazifasini yashil tanachalar xloroplastlar o’taydi. Ular tarkibida yashil modda — xlorofill mo’l bo’lgani uchun ham yashil rangda ko’rinadi. Quyosh nuri «mashinalar»ni harakatga keltiradigan quvvat vazifasini o’taydi.

Umuman olganda, ozuqa ishlab chiqarish jarayoni quyidagicha kechadi: o’simliklarning ildizi tuproqdagi namni so’rib oladi; suv undan o’tib poyaga, poyadan o’tib shoxlarga, shoxlardan o’tib esa yaproqlardagi tomirlarga tushadi; so’ngra u tomirdan har tomonga oqib, hujayralarga tushadi va xloroplastlarga yetib boradi.

Yaproqlarga suv bilan birgalikda ilgari o’simliklarning o’zi ishlab chiqargan, ammo ozuqa moddalari to’planadigan joy — ildizlar, mevalar va urug’larga tushmagan ozuqa ham yetib keladi.

Yaproqlar bir vaqtning o’zida tarkibida karbonat angidrid gazi bo’lgan havoni yutadi. Gaz va suv o’rtasida Quyosh nurining ta’sirida kimyoviy reaksiya yuzaga keladi hamda kraxmal yoki qand hosil bo’ladi. So’ngra hosil bo’lgan ozuqa moddalari tomirlar bo’ylab butun o’simlik tanasiga tarqaladi. Bundan tashqari, o’simliklar ozuqa ishlab chiqarish jarayonida yutilgan keraksiz moddalar va ajralib chiqqan mahsulotlardan qutulishi ham kerak bo’ladi. Shuning uchun havoning foydalanilmay qolgan katta qismi fotosintez jarayonida kislorod bilan boyigan holda yaproqning ostki qismida joylashgan hujayralar o’rtasidagi kichik teshikcha — og’izchadan atmosferaga ajralib chiqadi.

Ilk marta qachon o’g’itdan foydalanilgan?

Yerni unumdor qilish va o’simliklar o’sishini tezlashtirish uchun tuproqqa sepilgan har qanday modda o’g’itdir. O’g’itlar nima uchun kerak? Aslida ular hosildorlikni oshiradi va oriq tuproqni boyitadi.

Pishib yetilayotgan o’simliklar tuproqdagi ozuqa moddalarini so’rib oladi. Ular shu yo’l bilan tuproqning ozuqa elementlari zaxirasini kamaytiradi. Uni to’ldirish uchun dehqon ug’itlardan foydalanadi.

Qachondir yashagan tirik mavjudotlar va o’simliklar chirib, tabiiy ug’itga aylanadi. Ular sirasiga o’simliklar, yaproqlar chirindisi, hayvonlar suyagi va urug’lardan tayyorlangan un, shuningdek, go’ng kiradi. Kimyoviy o’g’itlar turli manbalardan olinadi.

Inson qadim zamonlardan beri o’g’itlardan foydalanib keladi. Masalan, xitoyliklar bundan ming yillar muqaddam hayvonlar va o’simliklarning chiqitlarini o’g’it sifatida ishlatishgan.

Miloddan oldingi II asrda rimliklar ekinlarni almashlab ekishgan, tuproqqa ohak qo’shishgan, no’xat va loviya ekayotib, yerni o’g’itlashgan. XVII asr davomida Yevropaning turli yerlarida go’ngdan o’g’it sifatida foydalanilgan, shaharlardagi chiqitlar dalalarga olib chiqilgan, yerni boyitish uchun yo’ng’ichqa ekilgan.

Benjamin Franklin 1748 yili Amerikada so’ndirilgan ohakning nimalarga qodir ekani-ni namoyish etdi. U Filadelfiya atrofidagi shosse bo’ylab katta harflar shaklida ohak qatlamini yerga surdirib chiqadi. Harflar «Bu yer ohaklangan» degan so’zlarni hosil qiladi.

Bir oz vaqt o’tgach, oq harflar yo’qolib ketadi, ammo maysalar unib chiqishi bilan yana yozuv paydo bo’ladi, chunki maydonning o’g’itlangan qismidagi maysalar boshqa joylardagiga nisbatan gurkirab, bo’liq o’sayotgan edi.

Nitrobakteriyalar nima?

Chor atrofda hayot uchun o’ta zarur, ammo foydalanish uchun «tutib olish» kerak bo’lgan narsa nima ekanini bilasizmi? Bu — azot.

Biz nafas olayotgan havoning 4/5 qismi azot gazidan tarkib topgan. Biz uni qanday yutgan bo’lsak, shunday chiqaramiz. Undan kislorodni «suyultirish» uchun foydalanamiz. Negaki, uni birato’la ko’p miqdorda yutib bo’lmaydi. Barcha tirik hujayralar tarkib topgan modda — protoplazma hosil bo’lishi uchun kislorod kerak. Asosiy ozuqa materiyasi bo’lmish protein esa tarkibida azot bo’lgan moddalardan hosil bo’ladi.

Shunday qilib, azotni havodan ajratib olish o’ta muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon azotning yigilishi deb ataladi. Bu jarayonning asosiy qismini bakteriyalar bajaradi.

Azotni yig’uvchi bakteriyalarning ikki turi mavjud. Ularning bittasi o’simliklarning ildizida, ikkinchisi esa tuproqda erkin holda bo’ladi. Ular qanday qilib azotni «yigishadi»? Bu bakteriyalar azotni to’g’ridan-to’g’ri havodan olishadi va kislorod bilan biriktirib, proteinlar hosil qilishadi.

Ildiz bakteriyalari faqat loviya, sebarga, yo’ng’ichqa va no’xat kabi ekinlar ildiziga o’rnashib oladi. Ammo ular bu o’simliklarga keragidan oshiqcha azot yig’adi, natijada ularning ildizida keragidan ortiq azot yig’ilib qoladi. Ekinlar qurib qolganda yoki ustki qismi urib olinganda, oshiqcha azot yerga o’tadi. Dalalarga ustma-ust qishloq xo’jalik ekinlari ekilganda va hosil yig’ib olinganda, azot tuproqqa qaytmaydi. Tuproq shu tariqa ekinlarni undirish xususiyatini yo’qotadi. Shuning uchun ham dehqonlar o’g’itdan foydalanishadi. Tuproqqa natriy selitrasi, ammoniy sulfati, hayvon va parrandalarning tezagi singari azot o’rnini bosadigan o’g’itlar bilan ishlov beriladi.

Bugungi kunda tuproqdagi azot miqdorini qayta tiklash uchun uni sun’iy ravishda yig’ish usullaridan foydalaniladi.

Вам может понравиться

Добавить комментарий