Nima uchun ijodkorlarning uylari to’zib yotadi?

Hamma narsa o’z joyida va hamma ish, o’z vaqtida bo’lishi kerakligi haqida barchamiz doim gapiramiz. Omadning kaliti bu tartib deb o’ylaymiz. Aslida qanchalik haqmiz?

Uyda, maktabda, ishda, umuman olganda esimizni taniganimizdan buyon tartibli bo’lishga va turgan joyimizni yig’ishtirib yurishga majburmiz. Boshqacha qilib aytganda, tartibsizlik omadsizlikka olib keluvchi ulkan qadamdir. Lekin, men bu gapga unchalik qo’shilmagan bo’lar edim.

Siz fikrlarimga qarshi chiqishingiz mumkin, lekin yaqinda o’tkazilgan ruhshunoslarning ko’rsatmalari, mening gaplarimni tasdiqladi. O’tgan yili Minesotta Universiteti olimlari, betartiblik omadsizlik degan fikrga qarshi chiqishdi.

O’z shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, ijodkorlar va aqilli odamlarning ish stollari tartibsiz degan bo’lardim. Mening o’zim har kuni o’z xonamni yig’ishtirish uchun, taxminan yarim soat vaqt ajrataman. Ish stolim esa qog’ozlar, kitoblar, bo’yoqlar-u, mo’yqalamlar bilan to’la. Xonamni oyim urushmasliklari uchun yig’ishtiraman, desam aldamagan bo’lardim. Devorlarim ham kapalaklar va turli rasmlar bilan to’la, shkaflarimda ham esimdan chiqmasligi uchun yozilgan qog’ozchalar talaygina.

Ish stolingiz betartibmi? Hyechqisi yo’q bu sizning ish stolingiz, shuning uchun ham o’zingizni yaxshi his etasiz va ijodingiz qaynaydi. Narsalarni o’z joyiga qo’yishni hyech odat qilolmadingizmi? Aybga buyurmang-u men ham xuddi shunaqaman. Bu odatlar yaxshi emasligini bilaman. Lekin aynan mana shunday tartibsizlik meni yana rasm chizishga yoki yangi maqolalar ustida bosh qotirishimga yordam beradi.

Minesottalik olim Ketlin Vos, tartibsizlik va narsalarni o’z joyiga qo’ymaslik odati faqatgina buyuk kishilarga xosligiga ishonadi. Hali buyuklikka erishmagan inson, mana shu tartibsizligi bilan cho’qqilarga ko’tarilishi mumkin deydi. Chunki betartiblik insonni ruhlantirar ekan.

Yaratuvchilik qobiliyati uchun maxsus joy kerak emas aslida. Lekin bu qobiliyat odatda betartiblik bilan chambarchas bog’liqdir. Misol uchun, Albert Enshteyn “narsalar sochilgan ish stoli, yaratuvchanlikdan darak, lekin ish stolida hyech narsa bo’lmasa- chi?” degan edi.

Bilasizmi, Enshteynning ish stolida bo’lmagan narsaning o’zi bo’lmagan ekan. Uning xonasi xuddi er-xotinning urushib, bir biriga narsa uloqtirgan va singan uyumlarga to’la xonaga o’xshagan.

Enshteyn yolg’iz yashagan, Mark Tveyn ham. Menimcha, Mark Tveynning stoli Enshteynning stolidan ko’ra tartibsizroq bo’lgan. Chunki Mark Tveyn o’z zamonasining eng tasavvurga boy insonlardan bo’lgan.

Maqolamizni o’qib, bo’ldi hoziroq o’rnimdan turib, xonamni yoki ish stolimni betartib qilib, ijodkorga aylanaman deb o’ylayapsizmi? Shoshilmang, lekin mayli urunib ko’ring. Bilasizmi, yaratuvchilik qobiliyati kuchli insonlar, betartib bo’lishi tabiiy hol. Ammo betartiblik bilan yaratuvchilik qobiliyatini kashf etib bo’lmaydi, deb o’ylayman.

Betartib bo’lsangiz ham, ajoyib san’at asarlari yaratish qo’lingizdan kelishiga ishonaman. Betartib bo’lmasangiz, undan ham a’lo, ko’pchilikka yoqasiz.

Вам может понравиться

Добавить комментарий