Nega yoshlar eshitish qobiliyatini yo’qotmoqda?

Aksariyat odamlarda eshitish bilan bog’liq muammolar yetmish yoshlarga yaqin paydo bo’ladi, degan fikr mavjud. Organizm keksayishi bilan quloqning ta’sirchan hujayralari ham keksayadi. Biroq oxirgi o’n yillar ichida “Yomon eshityapman” degan shikoyat bilan yoshi hali qirqqa to’lmagan kishilar ham shifokorlarga murojaat etyapti.

Odamlarning qulog’i bitmoqda
Eshitish bilan bog’liq muammolar endi yoshlar va hatto o’smirlarni ham qamrab olayotir, deyishmoqda turli mamlakat olimlari. Xususan, Garvard oliy maktabi mutaxassislari 12-19 yoshli 4000 nafardan ortiq o’smir qatnashgan tadqiqot natijalarini nashr etdi. Unga ko’ra, ularning 17% yaxshi etishmas ekan. Germaniya Otolaringologlar uyushmasi shifokorlari 16 dan 20 yoshgacha bo’lgan yoshlarning 20%da ichki quloq faoliyatida buzilishlar borligini aniqladi. Avstraliyalik ekspertlar ham bu borada bong urayotir: ularning hisob-kitoblariga ko’ra, mamlakatdagi har uch kishidan ikkitasi eshitish bilan muammolarga ega ekan. 18-35 yosh oralig’idagi odamlarning 70% esa quloqlarida doim shovqin turishidan shikoyat qilmoqda. Bu, shifokorlarning fikricha, bo’lg’usi karlikning alomati hisoblanadi.
Sabablar nimada?

Ular bir nechta. Biroq shifokorlar ko’proq yoshlarning musiqani baland tovushda tinglashini sabab qilib ko’rsatmoqda. Baland tovush quloqni shikastlaydi. Buning uchun ba’zida tovush balandligi ruxsat etilgan darajadan bir necha marta yuqori (55 dB kunduzgi gigiyenik shovqin me’yori hisoblanadi, diskotekalarda esa u ba’zida 120-140 dB ga yetadi) bo’ladigan tungi klublarda bir marta bo’lishning o’zi kifoya.

Pleyer orqali musiqa tinglaganda esa quloq shikastlanishi har kuni yuz beradi. Olimlarning kuzatuvlariga ko’ra, yoshlarning aksariyati musiqani, ayniqsa transportda, tashqi shovqinlarni “yopish” uchun to’liq tovush quvvatida tinglar ekan. Natijada, bevosita quloq pardasiga 100 dB quvvatdagi tovush boradi.

Aytish joizki, bu har kuni bir necha soatlab yuz beradi. Oqibati esa ayanchli: musiqaga qiziquvchi o’smirlarning ko’pchiligi yigirma yoshdan keyin yuqori tondagi tovushlarni farqlashga qodir emas.

Aytish joizki, yaqinda xorijda “aypod avlodi” atamasi ham paydo bo’lgan. Pleyerlar kichik shaklga kelib, ularni cho’ntakda olib yurish imkoniyati tug’ilishi bilan quloq muammolariga ega odamlar soni geometrik progressiyada ko’paya boshladi. Shu bois mutaxassislar pleyerni kuniga ko’pi bilan bir soat tinglashni tavsiya etadi. Bunda uning tovush balandligi 80% dan oshmasligi kerak. Shuningdek, ular “naushniklar”dan foydalanishni ham maslahat bermaydi. “Naushniklar” tovushni boshqalardan izolyasiya qilib, uni maksimal darajada quloqqa yo’naltiradi.

Eshitish qobiliyatining pasayishiga katta shaharlardagi yoshlarning tezkor hayot sur’ati ham sababchi. Doimiy vaqt tig’izligi, ishdagi yuklamalarning ko’pligi o’zining ko’ngilsiz natijasini berayotir. Masalan, “HeadHunter” kompaniyasining tadqiqotchilar guruhi tomonidan o’tkazilgan so’rovlardan biri shuni ko’rsatdiki, kasal bo’lib qolgan xodimlarning 80% davolanmasdan, ishga qatnashda davom etar ekan. Buning sababi turlicha: kimdir ish uchun haddan tashqari mas’uliyatni his qiladi, kimdir maoshini yo’qotishdan qo’rqadi… Faqat og’ir holatlardagina xodim shifokorga murojaat qilib, ma’lumotnoma rasmiylashtiradi. O’RVI va shamollashlarni esa umuman kasallik sifatida tan olishmaydi.

Holbuki, oddiy rinit ham eshitish bilan bog’liq muammolarga olib kelishi mumkin. Yallig’lanish osongina o’rta quloq va burun-halqumni birlashtirib turuvchi yevstaxiy naychasiga o’tadi va otit kasalligini rivojlantiradi. Agar u o’z vaqtida davolanmasa, kelajakda karlikka olib kelishi mumkin. Shuning uchun, agar shamollagan paytingizda, qulog’ingiz bitib qolganini his qilsangiz, albatta shifokorga murojaat qiling.

Вам может понравиться

Добавить комментарий