Mazlumxon suluv maqbarasi

Mazlumxon suluv maqbarasi— qoraqalpog’istonning Xo’jayli shahri yaqinidagi me’moriy yodgorlik (13—14-asrlar). Mizdaxqon tepaligida joylashgan. Maqbara 5  xonadan iborat. Uning asosiy  qismi  yer  ostida  joylashgan.  Maqbara  sahniga  yarmigacha  ko’milgan  ravoq  orqali zinali yo’lakdan tushiladi. Yo’lak ustki va ostki qismga ajratilgan. Ularning o’rtasiga gumbazli chorsi xona— dahliz (2,25×2,30) qurilgan. Pastki yo’lakning o’ng tomonida yana bir gumbazli xona (2,92×3,00 m) joylashgan. Yulak zinalaridan katta xonaga (7,40 x7,50 m) tushiladi. Xona ichi ravoqli taxmonlar hisobiga keng ko’rinadi. Sharqiy va shimoliy Ravog’ida sag’analar joylashgan. Sag’analar13— 14-asrlarga xos quyma koshinlar bilan chiroyli va nafis bezatilgan. Bezaklar orasiga falsafiy mazmundagi forscha she’rlar bitilgan. Sag’analar ustidagi xatlar to’la saqlanmaganligi sababli kimlar dafn qilingani noma’lum. Rivoyatga ko’ra, bu yerdagi sag’analardan biri Xorazm shohining Mazlumxon ismli go’zal (suluv) qiziniki bo’lgan  deb  taxmin  qilinadi.  Sag’ananing  tomi 8 qirrali  gumbaz  bilan  yopilgan.  Gumbaz darchalari ganch panjarali. Panjaralarning dumaloq teshikchalariga xona ichini bir tekis yoritib turuvchi doyra shaklidagi qabariq shishalar joylashtirilgan.  Katta xonaning chap tomonidagi ravoq orqali kichik xona (4,30×4,50 m)ga o’tiladi. Uning devorlari sirkor g’isht va koshin bilan bezatilgan. Katta xona sahnidagi shohsupaning butun sathiga zangori va oq koshindan (sakkiz va uch-burchak shaklda) girih naqshlar ishlangan.

manbaa: ziyouz.com kutubxonasi

Вам может понравиться

Добавить комментарий