Kunchiqar yurt

Osiyoning Tinch okean qirg’oqlariga yaqin joylashgan Yaponiya -butun dunyoni lol qoldirib kelayotgan mo’jizakor mamlakatlardan biri.Chunki, relyefi asosan tog’liklardan iborat, tabiiy resurslarga kambag’al bo’lgan mazkur mamlakat aholining tadbirkorligi va ishbilarmonligi tufayli bugungi kunda iktisodiyotning rivojlanish darajasiga kura dunyoda yetakchi o’rinlardan birini egallab turibdi. Osiyodagi juda ko’p mamlakatlarga xos qadimiy tarix va madaniyatga ega bo’lgan Yaponiya sayyohlar e’tiborini doimo o’ziga tortib kelgan.

Yapon me’morchiligi uziga xos.

Yaponiya orollardan iborat mamlakat, uning umumiy maydoni 377,9 ming kv.km, shundan 374,7 ming kv.km – quruqlik, 3,2 ming kv. km suv havzalaridan iborat. Xududining beshdan uch qismini to’rtta yirik orol – Xokkaydo, Xonsyu, Sikoku va Kyusyu tashkil etadi. Uning tarkibiga 3000 dan ortiq katta-kichik orollar kirib, mamlakat xududi yoy shaklida shimoli-sharqdan janubi-g’arbga tomon 3500 km.ga chuzilgan.

Yapon tilida mamlakat nomi «Nihon» yoki «Nippon», ya’ni «Kunchiqar mamlakat» deb ataladi. Quyosh tasviri mamlakat bayrog’ida o’z aksini topgan.

Yaponiya demografik jixatdan ham o’ziga xos davlat. Hozirgi vaqtda mamlakat hududida 127,4 mln. kishi istiqomat qilib, aholining o’rtacha zichligi 1 kv.km.ga 335 kishini tashkil etadi. Hududining 15 foizini tekisliklar, qolgan kismini tog’liklar tashkil etuvchi Yaponiya dunyodagi aholisi eng zich joylashgan mamla­katlardan biridir. Aholining 78 foizi – shaharlarda, 22 foizi –qishloq  joylarida istiqomat qilishi ham e’tiborga loyiq.

Osakadagi zamonaviy binolar

Tokio, Iokogama, Osaka, Nagoya, Sapporo va boshka qator shaharlar yirik aglomerasiyalarni hosil qilgan. Yaponiya shaharlarining o’ziga xos tomoni shundaki, ularda tarix bilan hozirgi zamon uyg’unlashib ketgan. Osmono’par baland imoratlar bilan bir qatorda, hozirgacha sayqalini yo’qotmay kelayotgan tarixiy qal’alar o’zaro uyg’unlikda o’zgacha ajoyib manzarani kasb etadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Yaponiya aholisi tez qarib bormokda. Agar 1985 yilda 15-64 yoshdagi har 8 kishiga bitta 65 yoshdan oshgan aholi tug’ri kelgan bo’lsa, 2020 yilga borib bu ko’rsatkich muvofiq ravishda 3 kishiga 1 kishini tashkil etishi mumkin.

Ma’muriy jihatdan Yaponiya 47 ta prefekturaga bo’lingan. Boshqaruv tizimiga ko’ra – konstitusion monarxiya davlati. Mam­lakat Konstitusiyasiga ko’ra, imperator – «davlat va xalq birligining ramzi» hisoblanadi. U mamlakatdagi barcha qarorlarni va davlat lavozimlariga tayinlashni Vazirlar mahkamasi tavsiyasiga binoan amalga oshiradi.

Yaponiyaning tabiati nihoyatda rang-barang. Mamlakat xududida kishi uzoq davom etadigan sovuq mintaqalar, subtropik iqlimga ega bo’lgan doimiy iliq hududlarni uchratish mumkin. Yaponiya orollar yoyining Tinch okeani geosinklinal oblastida joylashgani sababli, mamlakat hududida yiliga o’rtacha 1500 dan ortiq zilzilalar ro’yxatga olinib, ularning to’rtdan bir qismi yer sirtida seziladi. Zilzilalar natijasida Tinch okeanida hosil bo’ladigan suna­mi to’lqinlari Yaponiya hududiga katta zarar keltiradigan tabiiy hodisalardandir.

Yaponiya orollari

Yapon orollarida 200 dan ortiq vulqonlar mavjud, ulardan 40 tasi harakatda. Yaponiyaning eng yirik nuqtasi – Fudziyama tog’i (3776 m) kelib chiqishiga ko’ra vulqon natijasi hisoblanadi.

Yaponiya — past va o’rta balandlikdagi tog’lar o’lkasi bo’lib, mavjud tog’ yonbag’irlarining to’rtdan uch qismi 15 foizdan ortiq qiyalikka ega. Shu bois, bu yerdagi daryolarning aksariyati qiya va tezoqar. Ular nisbatan qisqa (eng yirik daryolarining uzunligi 400 km. dan kam) va uncha chuqur bo’lmagani bois, kema qatnovi uchun noqulay. Ammo o’rmon mahsulotlarini tashish (oqizish)da mavjud daryolardan keng foydalaniladi.

Xududining asosiy qismi tog’lardan iborat bo’lishiga qaramay, Yaponiya tabiiy resurslarga uncha boy emas. Ammo dengiz transporti uchun qulayligi iktisodiyotning turli tarmoqlarini, ayniqsa, kam metall iste’mol qiluvchi sohalarni rivojlantirish uchun talab etiladigan xomashyoni Janubi-sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan  nisbatan  arzon narxlarda tashib keltirish uchun sharoit yaratgan.

 Yapon kriptometriyasi.

Yaponiya xududining 60 foizidan ortig’i o’rmonlar bilan qoplangan, bu yerda 170 dan ortiq yog’ochbop daraxt turlari mavjud.

Janubiy orollar hududini sub­tropik o’rmonlar qoplagan. Yaku orolida balandligi 40-50 metr,

diametri 5 metr va yoshi 2000 yildan oshuvchi noyob kriptometriya, ya’ni yapon kedridan ibo­rat o’rmonlar saqlanib qolgan.

Tekislik hududlarida yuksak dehqonchilik madaniyati rivojlangan. Yaponlar tog’ yonbag’irlarida terrasa shaklida dehqonchilik qilish, eroziyaga qarshi turli tadbirlarni amalga oshirish hamda

tuproqqa ishlov berishning yuqori samarali usullarini qo’llash borasida katta tajribaga ega. Mamlakatni o’rab turgan dengizlar turli tabiiy mahsulotlarga juda boy.

Hozirgi globallashuv tendensiyalarining ta’siriga qaramasdan, yaponlar o’z boy madaniyatini saqlab qolishga katta e’tibor beradigan va o’zining uzoq tarixiga chuqur extirom bilan qaraydigan xalq.

Mamlakatda yaratilayotgan mo’jizalarni ko’rish uchun har yili dunyoning turli qismlaridan millionlab sayyohlar Yaponiyaga tashrif buyuradi. Iqlim sharoitidan kelib chiqib, mamlakat shimolida ko’plab qishki sayyohlik – tog’-chang’i maskanlari barpo etilgan. 53,9 km. li Seykan suv osti tunneli Xonsyu va Xokkaydo orollarini o’zaro tutashtirgan. O’rtacha tezligi soatiga 250-300 km bo’lgan 250 dan ortiq «Sinkansen» tezyurar poyezdlari mamlakatning eng yirik shaharlarini bir-biri bilan bog’laydi. Shuningdek, mamlakatda 173 ta xalqaro maqomga ega aeroport mavjud.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий