Ko‘prik hayot belgisi

Yo‘l, ko‘prik qurishning savobi benazirdir. Tarixiy manbalarda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ bobolarimizning bunyodkorlik ishlari haqida ko‘p va xo‘b yozilgan. Ko‘prik qurgan kam bo‘lmas, ravon yo‘lda g‘am bo‘lmas, deydi xalqimiz. Bu naqlning naqadar hayotiyligiga bugun o‘zimiz guvohmiz.

Eramizning boshlaridanoq Yunoniston hamda Rim imperiyasi, Eron, Turkiya davlatlarining gurkirab, rivojlangan davridayoq anhor va kanallarga yirik transport ko‘priklari qurila boshlaydi. Qadimda yog‘och, tosh, osma, keyinchalik fan-texnika rivojlana boshlagach, mustahkam temir beton ustunli ko‘priklar bunyod etildi. Sayyoramizda 200 dan ortiq mamlakat bo‘lib, ularning har birida o‘ziga xos ko‘priklar mavjud. Hindistonning Bombay, hozirgi Mumbay shahri nafaqat Bollivud kinostudiyasi, balki Bandra Varli dengiz ko‘prigi bilan dong taratgan, desak mubolag‘a bo‘lmas. 2009-yilning oxirlarida foydalanishga topshirilgan mazkur hayot yo‘liga sobiq bosh vazir Rajiv Gandining nomi berilgan. Osma ko‘prikni ko‘pchilik muhandislik san’atining mo‘’jizasiga qiyoslaydi. Uzunligi 5,6 kilometrni tashkil etuvchi Arab dengizidagi Varli va Bandra orollarini bog‘laydigan bu yo‘l 13 million aholiga ega supermegopolis mumbayliklarning mushkulini oson qilmoqda. 8 yo‘nalishli yo‘l, ayniqsa tig‘iz paytda odamlar vaqtini qariyb 10 barobarga tejaydi. Ko‘prikdan o‘tish pullik, avtotransport turiga qarab yuz rupiygacha- taxminan ikki AQSH dollari miqdorida haq to‘lanadi. “Bandra Worli Sealink”ni qurish uchun 327 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflangan bo‘lib, unda XXR, Misr, Singapur, Tailand, Serbiya,
Shveysariya kabi 11 davlatning uch mingdan ortiq mutaxassislari ishtirok etdi. Asr qurilishi 10 yil davom etib, unga qirq ming tonna po‘lat, 90 ming tonna beton ishlatilgan. Ilgari oraliq masofasi 8 kilometrni tashkil etgan Bandra va Varli shaharchalarigacha bo‘lgan masofa erta tongdan, to kech oqshomgacha kuzatiladigan avtomobil tiqinlarida 60-90 daqiqada bosib o‘tilgan bo‘lsa, endi bor-yo‘g‘i 6-8 daqiqa kifoya qiladi. Dengizdan 9 metr balandlikda qad rostlagan bu ko‘prik 6 metrlik kuchli to‘lqinlaru, zilzilalar, soatiga 125 kilometr tezlikda harakatlanuvchi shamolga ham dosh bera olar ekan. Bu inshootda xavfsizlik choralari kuchaytirilan. Maxsus moslamalar orqali tunu kun yuqoridan va suv ostidan qo‘riqlab turiladi.
Ko‘priklar qurish Xitoy arxitekturasining ajralmas, muhim bo‘g‘iniga aylangan. Bu bir necha ming yillarga borib taqaladi. Ko‘priklar millat faxriga aylangani ham rost. Bugungi kunda XXR 3 million 457 ming kilometrlik yo‘lga ega bo‘lib, ularni 533 tadan ortiq ko‘priklar bog‘lab turadi. Xitoyda dunyodagi eng yirik ko‘priklardan 7 tasi joylashgani e’tiborga molikdir. Sin, Sun, Xan dinastiyalari hukmronligi davrida bunyod etilgan ko‘priklar hozir ham minglab sayyohlarning diqqatini o‘ziga jalb etib kelayotir. Umuman olganda, XXR arksimon ko‘priklar qurilishi bo‘yicha dunyoda yetakchilik mavqeini saqlab turibdi. Shandun provinsiyasidagi doimo sayyohlar bilan gavjum bo‘lguvchi Sindaoda 36 kilometr uzunlikka ega ko‘prik ishga tushirildi. Sariq dengizini Szyaochjouvan ko‘rfazi sohillari bilan birlashtirib turuvchi ko‘prik va suvosti tonneli qurilishi bir yarim milliard AQSH dollariga tushdi. Endilikda Sindaodan Xuandao va Xundao orollariga eltuvchi yo‘l ancha qisqardi. 7 ming 800 metr masofali tonnel dunyodagi eng uzuni sanaladi. Shundan to‘rt kilometri ko‘rfaz ostidan o‘tadi. U kattaligi jihatidan jahonda uchinchisi deb e’tirof etilgan. 6 yo‘nalishli trassadan kuniga 100 mingtadan avtomobil o‘tmoqda. 2009-yilning dekabrida Chjenjouda yer yuzidagi tengi yo‘q ulkan avto-temir yo‘l ko‘prigi qurib bitkazildi. Ikki pog‘onali bu inshootning uzunligi 22,8 kilometrga teng. Poezdlarning soatiga 350 kilometr, mashinalarga esa 100 kilometr tezlikda harakatlanishga ruxsat berilgan. Yomg‘ir va shamoldan saqlovchi yopiq ko‘priklar borligini bilsangiz kerak. Xunan provinsiyasidagi Laoche daryosidagi bu ko‘rinishdagi ko‘prik kurrai zamindagi eng uzuni sifatida jahon rekordini qayd etgan. Mazkur noyob inshoot dun elatining madaniy merosi sifatida talqin etiladi. Xubey, Guychjou provinsiyalari, Guansi-Chjuan muxtor o‘lkalarida ham avtomobil egalarining joniga oro kiradigan bunday ko‘priklar oz emas.
18-asrning oxirlarida, aniqrog‘i 1779-yili Buyuk Britaniyaning Kolbrukdeyl shahridan oqib o‘tuvchi Severn daryosi ustida metalldan ishlangan birinchi ko‘prik barpo etildi. 19-asrda temir yo‘l magistrallari qurilishi tufayli ko‘priksozlikni rivojlantirish taqozo etilgan. 1877-yili Gustav Eyfel Portugaliyadagi Doro daryosida quyma temirdan ishlangan arksimon ko‘prik soldi. Keyinchalik, Sizrandagi Volga va Krasnoyarskdagi Yenisey daryolarida ham ana shunday mustahkam ko‘priklarga asos solindi. Temir betondan ishlangan ko‘priklar urf bo‘la boshladi. Po‘latdan farqli o‘laroq uni doimiy ravishda bo‘yab turishga hojat yo‘q. Birinchi zamonaviy uslubdagi osma ko‘prik Shvetsiyaning Stromsund shahrida 1956-yili ochildi. Keyinchalik Gruziya, Ukraina, Latviya va Rossiyada ham ularning tajribasi qo‘llanilgan. Har bir davlat o‘ziga xos uslubda qurilgan ko‘priklarga ega. AQSHdagi Bruklin, Londondagi Tauer, Pragadagi Karlov, Yaponiyadagi Akasi-Kayke, Myanmadagi U Bayn va Turkiyadagi Yevropa va Osiyo qit’alarini tutashtirib turuvchi Bosfor ko‘priklarini kim bilmaydi, deysiz. Yaponiyada kuchli zilzilalarga dosh bera oladigan Marvarid ko‘prigi bo‘lib, 3 ming 911 metrlik osma yo‘l dunyodagi eng uzun deb topilgan. Seuldagi 1 ming 140 metrli favvorali ko‘prik esa, “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. Piyodalar, avtomobil, temir yo‘l ko‘prigi u yoqda tursin, suv ko‘prigi ham borligiga ishonasizmi? Germaniyaning Magdeburg shahrida Elba-Xarel-Srednegerman kanallari oralig‘ida faqat barja, parom va sayr qayiqlari foydalanadi. Meksikadagi “Valuarte” nomini olgan dunyodagi eng baland ko‘prik bor. Uni ispan tilida “Qal’a” yoki “Suyanchiq” deb atashadi. Sinaloa va Duranga shtatlarini bog‘lovchi ko‘prikning balandligi 403 metr, uzunligi 1 ming 124 metrni tashkil etadi. Uning tagiga Eyfel minorasi bemalol sig‘adi. Ko‘prik Janubiy Amerikadagi ushbu mamlakatning Tinch va Atlantika okeanlarini bir-biriga bog‘laydigan trassaning bir qismiga aylandi.

Biroq, ko‘prik loyihalari mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda ishlab chiqilmaganligi tufayli, noxush voqealarning ham guvohi bo‘lyapmiz. Uni tiklayotgan vaqtda tabiat kataklizmasi, masalan kuchli shamol yoki zilzilalar e’tiborga olinishi kerak. 1297-yili Buyuk Britaniyadagi Stirling ko‘prigida kechayotgan jangu jadallarda ko‘prik og‘irlikni ko‘tara olmay qulab tushgan. 1845-yili tumanli Albiondagi yana bir Yarmut, 1967-yili AQSHdagi Kumush ko‘prik ham ana shu tarzda vayron bo‘lgan. Anjer (Fransiya, 1850 y.), Misr (Sankt-Peterburg, 1905 y.), Takom (AQSH 1940 y.) ko‘priklariga ham ko‘p sonli harbiylar to‘planib qolganligi, tebranish amplitudasining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan, oqibatda uning konstruksiyalari katta og‘irlikka dosh bera olmagan. Britaniyadagi Dandi daryosiga qurilgan Fyort-of-Tey ko‘prig‘i 1879-yili kuchli to‘lqin tufayli buzilib, 75 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. 1953-yili YAngi Zelandiyadagi Vangaexu ko‘prigi sel kelishi oqibatida yaroqsiz holga kelib qolgan. O‘shanda 151 nafar odam hayotdan ko‘z yumgan edi. Uzoqqa bormaylik, 1989-yili Kaliforniyadagi Oklend ko‘prigi kuchli zilzila oqibatida buzilib, tinch aholidan 42 nafari qurbon bo‘lgandi. Nafaqat tabiiy ofatlar, balki terrorchilik hujumlari oqibatida ham ko‘priklar yo‘q qilinmoqda. 2002-yili Hindistondagi Dxava daryosi uzra o‘tkazilgan temir yo‘l ko‘prigida sodir etilgan xunrezliklar oqibatida 130 kishi o‘lgan. Cho‘ntak, uy, mashina o‘g‘rilari haqida ko‘p eshitganmizu, ko‘prikni o‘marganlar ham yo‘q emas ekan. 2010-yilning dekabrida Orenburgda yashovchilardan biri butun ko‘prikni buzib, temir-tersakka sotib yuborgan. 2007-yilning 29-dekabrida kech oqshom Xabarovskdagi issiqlik magistrali ustidan o‘tuvchi ko‘prik ham g‘oyib bo‘lgan. Makedoniyadagi Srna va Rayets daryolari ustiga qurilgan ikkita 9 metrlik 200 tonnalik ko‘prikni o‘g‘irlab, pullab yuborgan ikki fuqaro qo‘lga olingan.

Вам может понравиться

Добавить комментарий