Keksalik degan kasallikni davolash mumkinmi?

Biz kasalliklar haqida qancha ko’p bilgan sarimiz fan ularga qarshi kurash yo’llarini ham topib bormoqda. Qachondir biz shu paytga qadar davolab bo’lmas, deb hisoblab kelingan kasallik – keksalikka qarshi chora topa olamizmi? Ba’zi mutaxassislar “ha,” demoqda.

Insoniyat davolash yo’llarini topgan kasalliklarni sanasak, ado bo’lmaydi: poliomeylit, o’lat, qizamiq, qoqshol, sariq bezgak, chechak, bog’ma, suvchechak – dunyoning aksariyat qismi allaqachon ushbu kasalliklardan butunlay forig’ bo’lgan.

Ko’pincha emlik va boshqa kuchli dorilar insonga hayot uchun xavfli bakteriya hamda viruslarga qarshi kurash imkonini beradi.

Biroq butun insoniyat tarixi davomida davosi topib bo’lmas kasalliklar doimo uchrab kelgan va biz – hammamiz ayni keksalik kasaliga yo’liqishdan qochib qutilolmaymiz. Keksalikni davosi haligacha topilgan emas.

Biz qarigan sarimiz hujayralarimiz oldingidek ishlashdan to’xtaydi, qayta tiklanuvchanlik xususiyati so’nib boradi, oqibatda esa tanani saraton, yurak-qon-tomir xastaliklari, artrit va Alsgeymer sindromi kabi kasalliklar ishg’ol qila boshlaydi.

Keksalik bilan bog’liq kasalliklar har kuni yuz minglab insonlarni hayotdan olib ketadi. Dunyoda har yili esa juda ulkan mablag’ nima bilan tugallanishi ma’lum qarish jarayonini sekinlatishga sarflanadi.

Demensiya yoki keksalikdagi aqliy zaiflikni to’xtatish mumkinmi?

Miyamizni qanday qilib «texnik ko’rik” dan o’tkazamiz?

Bundan tashqari ba’zi tadqiqotchilar bizning qarishga nisbatan qarashlarimiz tub-tubidan noto’g’ri yo’lda ekanligini ta’kidlaydilar. Ularning fikricha, organizmning qarish jarayoni ham xuddi kasalliklarni davolagan kabi davolanmog’i lozim. Ular keksalikni davolash mumkin, degan fikrdalar.

Keksalikni davolash yoki butunlay to’xtatish ustida bosh qotirayotgan ushbu olimlarning ba’zilari bilan suhbatda bo’ldik.

Bu olimlarning qarish jarayoniga nuqta qo’yishga bo’lgan umidi ilm-fan sohasidagi so’nggi kashfiyotlarga asoslangan.

Biologik nuqtayi-nazardan organizm qarishi, irsiy va ekologik omillar ta’siridan kelib chiqib, turlicha tezlikda kechishi mumkin. Tanada sodir bo’ladigan kichik ishdan chiqishlar haqidagi ma’lumot bizning DNKda yig’ilib boradi va hujayralar ham nuqsonlar bilan faoliyat yurita boshlaydi. Oqibatda, inson tanasida qarish alomatlari yuzaga keladi.

Tanada sodir bo’ladigan bunday jarayonlar davomida biz «sog’lom qarish,» deb nomlaydigan natija yoki surunkali xastaliklar bilan egallab olingan og’ir keksalik yuzaga chiqadi.

Keksalikka qarshi kurashga otlangan olimlar, hozircha, tibbiy hayolot bosqichida turibdilar. Biroq dunyoda insoniyatni keksalikdan xalos qilishga ahd qilgan tibbiy markazlar istalgancha topiladi. Hayvonlar ustida o’tkazilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, qarish jarayonini sezilarli sekinlatish mumkin. Ayni holat insonda ham shunday natija berishiga umid qilinmoqda.

Masalan, tajribalar davomida qandli diabetga qarshi qo’llaniladigan mashhur «Metformin» preparati kemiruvchilarga berib ko’rilganda, u hayvonlar umrini uzaytirgani aniqlandi.

Ayni paytda «Calico Labs» (ushbu markaz Google’ga tegishli Alphabet kompaniyasining bir tarmog’i bo’lib, bu yerda, yangi texnologiyalar yordamida, biologiya qanday qilib inson hayotiy davomiyligini nazorat qilishi o’rganiladi) tadqiqot markazi vise-prezidenti bo’lgan Sintiya Kenyon 1990 yillar boshida o’tkazgan tajribalarida, mobodo, yumaloq chuvalchang genetik kodidagi atigi bir harf o’zgartirib qo’yilsa, u ikki barobar ko’p (odatiy uch hafta o’rniga olti hafta) umr ko’rishini ko’rsatib bergan edi.

Umrni uzaytirish yo’llarini o’rganuvchi taniqli mutaxassislardan biri bo’lmish britaniyalik gerontolog Obri Di Grey Bi-Bi-Si bilan suhbatda hayotiy davomiylikni qanday uzaytirish borasidagi fikrlari bilan o’rtoqlashdi.

Di Grey – SENS (Strategies for Engeenired Negligible Senescence – Muhandislik yo’li bilan keksalikni sekinlatish bo’yicha strategiyalar) Fondining raisi va ilm-fan bo’yicha direktori. Uning izohlashicha, fond o’rta va keksa yoshdagi odamlarga 30 yoshlilar ham havas qiluvchi jismoniy va aqliy faollikni qaytarishda yordam beruvchi davolash usullari ishlab chiqishni maqsad qilgan.

«Albatta, biz ularni xotirasini o’chirib yubormaymiz,» qo’shimcha qiladi u.

Di Grey «30 va 70 yoshlar orasida sodir bo’luvchi yoqimsiz o’zgarishlardan xalos bo’lishni istashi» haqida so’zlaydi.

Di Greyga ko’ra, hujayralarning shikastlanishi, qarish jarayoni nazoratiga mas’ul va keksalik bilan bog’liq xastaliklar asosida yotuvchi yettita asosiy biologik omillar mavjud.

Omillardan biri – hujayralarning tiklanish xususiyati tezkorlikda so’nib borishidir. Yana biri – hujayralar nazoratsiz ravishda bo’linib borishi bilan bog’liq (xuddi saratondagi kabi). Uchinchisi – vaqti yetsa ham, hujayralarning nobud bo’lmasligidir (bu holat ham saratonda ko’zga tashlanadi).

To’rtinchi omil – hujayralamizning quvvat manbasi bo’lgan mitoxondriyalar DNKsining shikastlanishi. Beshinchi omil – hujayralar ichida qoldiq mahsulotlar to’planib qolishi. Oltinchi omil – hujayralar tashqarisida qoldiq mahsulotlar to’planib qolishi va, nihoyat yettinchisi, to’qimalar cho’zilishi va bukilishiga imkon yaratuvchi hujayralararo moddalar, hujayra tashqarisidagi matritsa qattiqligining ortishidir.

Di Grey va uning hamkasblari yuqoridagi har bir omilni bartaraf qila oladigan usullarni kashf qilganliklari haqida aytmoqda.

«Birinchi muammoni ildiz hujayralar terapiyasi orqali yengish mumkin,» deydi Di Grey.

Natijada organizm qarish jarayoni davomida nobud bo’lgan hujayralar o’rniga yangilarini qabul qiladi.

Vaqti kelsa ham, nobud bo’lmayotgan hujayralarga nisbatan murakkabroq usullarni qo’llashga to’g’ri keladi.

«Nazariy jihatdan, biz bunday hollarda turli usullar bilan organizmda hujayralarni o’ldiruvchi oqsillar ishlab chiqaradigan ‘o’zini yo’q qiluvchi genlar’ni hosil qilishimiz mumkin,» tushuntiradi Di Grey.

Biroq faqatgina keraksiz hujayralarni yo’q qiladigan genlarni hosil qilish – muammoli vazifa. Hozircha genlar kerakli hujayralarni ham nobud qilmoqda.

Di Grey ta’kidlashicha, yuqorida sanab o’tilgan usullar qarish jarayonini butkul to’xtatib qo’yish uchun salohiyatli emas, lekin ularni qo’llab, umrni o’rtacha 30 yilga uzaytirish mumkin.

Di Grey kelajakda «yoshartiruvchi texnologiyalar» yaratilishiga ishonadi.

Masalan, 60 yoshli odam biologik holatini 30 yoshga qaytirish mumkin bo’ladi. Biroq oradan 30 yil o’tib, hujayralar yana 60 yillik holatga qaytadi.

Di Greyning umid qilishicha, yaqin kelajakda hujayralarni qayta-qayta yoshartirish usullar topiladi. Natijada 60 yoshli odam 150 yoshga to’lgunga qadar uning hujayralarini bir necha marta yoshartirish imkoniyati paydo bo’ladi.

Biroq bunday ishonch va va’dalarga ehtiyotkorlik bilan yondoshmoq lozim. Shu vaqtga qadar biror tadqiqot tanamiz yoshartirish dasturlarini muammosiz qabul qila olishini tasdiqlay olmagan.

Xuddi ko’p apdeyt qilinsa, kompyuter qotib qolgandek, organizmda ham ayni hol kuzatiladi.

Lekin Di Grey bunday shubha bilan qarash qarishga qarshi kurashni faqatgina sekinlashtiradi, texnologiyalar yaratilishiga xalaqit beradi.

«Muammo shundaki,» deydi Di Grey – «biz qarishni oldini olib bo’lmaydigan jarayon sifatida qabul qilishga o’rganib qolganmiz. Oqibatda uning oldini olish yo’lidagi har qanday harakat kulgi ostiga olinadi, psevdo ilm-fan sifatida qabul qilinadi.»

Di Grey qarishga qarshi kurashayotgan yagona mutaxassis emas. Harvardda genetik sifatida faoliyat yurituvchi Jorj Cherch ham ko’plab kasalliklarga qarshi kurashib bo’lmaydi, degan fikrni noto’g’ri yondashuv sifatida baholaydi.

«Agar ekologiya va genetikani boshqarishni o’rganib olsak, yosh va bardam holda hozirgidan uzoq umr kechiruvchi odamlar paydo,» deydi u.

Umrni uzaytiruvchi usullardan biri «vampircha davolash» deb ataladi. Bu usulda keksalik bilan bog’liq aqliy faoliyat susayishiga yo’liqqan bemorlarga 18-30 yosh o’rtasidagi odamlar qoni quyiladi. Yaqinda e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko’ra, bunday usulda davolangan keksalar holati sezilarli yaxshilangan. Alsgeymer xastaligining ilk bosqichlarida bo’lgan bemor o’z kuchi bilan kiyinish va yuvinish hamda ba’zi uy ishlarini bajarishni boshlagan.

Bu usul ustida tadqiqotlar davom etmoqda. Amerikaning «Ambrosia» kompaniyasi esa allaqachon keksa bemorlarga 16 yoshdan 25 yoshgacha bo’lganlar qonini quyish xizmatini taklif qilmoqda. Bir marta qon quyishning narxi – 8 ming AQSh dollari.

Kompaniya quyilgan yangi qon keksa tanada uxlab yotgan hujayralarni “uyg’otishi”, Alsgeymer kasalligining ilk bosqichida bo’lgan bemor ahvolini yaxshilashi va, hattoki, 60 yoshli shaxsdagi oq sochlarni sezilarli kamaytirishi haqida va’da qilmoqda.

Biroq «Ambrosia» o’tkazgan tadqiqot xulosalari hali ishonchli markazlar tomonidan tahlil qilinmagan. Skeptiklar kompaniyani «plasebo ta’siri» (bunda davolovchining ijobiy natijaga bo’lgan kuchli ishonch bemorga ham yuqadi va, natijada, bemor, aslida hyech bir ijobiy o’zgarish sodir bo’lmagan bo’lsada, o’zini yaxshi his qila boshlaydi)ni hisobga olmayotganlikda tanqid qilmoqda.

Shunday bo’lsada, qon quyish bo’yicha hayvonlarda o’tkazilgan tajriba natijalaridan xulosa qilinsa, bu usul biologik asosga ega ekanligini ko’rish mumkin.

2013 yilda Harvard olimlari tomonidan ildiz hujayralar ustida o’tkazilgan tajribalar shuni ko’rsatdiki, qari sichqonning quvvati yosh sichqon qonida mavjud bo’lgan GDF11 komponenti orqali tiklanishi mumkin ekan. Biroq hozircha amalda ijobiy natijaga erishilmadi.

Boshqa bir tadqiqotchilar shunchaki kamroq kaloriya iste’mol qilgan holda umrni uzaytirish mumkin, degan fikrni o’rtaga tashlamoqdalar.

O’limni qanday davolash mumkin?

Hozirgi kunda odamlar endigina vafot etgan yaqinlarini bir kun kelib ilm-fan o’lganlarni tiriltira olishiga ishongan holda kriogen usulida muzlatib qo’ymoqdalar. Shu vaqtga qadar esa bunday muzlatish xizmatlarini taklif qiluvchi kompaniyalardan birortasining mijozlari hayotga qaytganicha yo’q.

Amerikalik taniqli kashfiyotchi va futurolog Rey Kurtsveyl boqiylikning boshqa yo’lini taklif qilmoqda. U bir kun kelib, inson tanasi tabiiy qonuniyatlardan ham o’zib ketadi, deb o’ylaydi.

«Kelajakda bizda nobiologik tana bo’ladi. Biz nanotexnologiyalar yordamida tana yaratamiz, virtual tana va virtual olam yaratish yo’llarini kashf qilamiz hamda bu olam biz uchun haqiqiysidan qilcha farq qilmaydigandek tuyiladi.»

Hozircha bunday fikrlash ilmiy fantastika, deb qabul qilinadi. Biroq insoniyat qanday yo’l bilan bo’lsada, umrni uzaytirishga muvaffaq bo’lsa, jamiyat uchun bu hol ulkan muammoga aylanishi mumkin.

Umrning uzayishi sayyoramizda aholi zichligi keskin ortib ketishiga sabab bo’lishi mumkin. Di Greyning aytishicha, undan umrning uzayishi boylar va diktatorlar qo’lidagi qurolga aylanib qolmaydimi yoki haddan ziyod uzoq umr insonni zeriktirib qo’ymaydimi, deb ko’p so’rashar ekan.

Di Grey aholi soni oshishi bilan boshqa texnologiyalar yordamida mavjud muammo bartaraf etiladi, deb hisoblaydi. Masalan, sun’iy oziq-ovqat mahsulotlari yaratiladi, insoniyat muqobil energiya va tabiiy zaxiralardan yanada samaraliroq foydalana boshlaydi.

Biroq Di Grey fikrlarining ojiz tomoni shundaki, u o’z bashoratlarida texnologik inqiloblarga haddan oshiq umid qiladi. Bunday inqiloblar sodir bo’ladimi yoki ular kutilgan samara beradimi, degan savollarga hozircha javob bilmaymiz.

Ammo haqiqat shundaki, agar biz tarixdan olimlarning bunday intilishlariga doimo shubha bilan qarab kelgan bo’lganimizda, hozirda vaksinalar va antibiotiklar yaratilmagan bo’lardi, insonning o’rtacha umri esa 40 yoshdan oshmas edi.

Tibbiyot so’nggi 200 yil ichida erishgan yutuqlar shuni ko’rsatmoqdaki, insoniyat har qanday kasallikka qarshi kurasha oladi. Ehtimol, yaqin kelajakda qarilikning davosi ham topilib qolar.

manbaa: bbc.com

Вам может понравиться

Добавить комментарий