Turkiyalik tadbirkorning O’zbekistonda faoliyatini tugatishiga nima sabab?

Spread the love

O’zbekistonga xorijiy sarmoyadorlarni rom etish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish muhim vazifaga aylangan bir pallada, turkiyalik ishbilarmon Shamil Dinjyel bu yerdagi faoliyatini tugatishi mumkinligini bildirmoqda. Gap shundaki, u «Setash kimyo» kompaniyasining Toshkentdagi filial zavodiga rahbarlik qiladi, ammo Shamil «​qilinayotgan ishdan foyda emas, balki zarar ko’rishni​ boshlagani»​ haqida gapirib berdi.

«Avvalambor, men bilan suhbatlashganingiz uchun minnatdorligimni izhor etaman. Negaki, meni qiynab turgan masala bilan na mutasaddi vakillar, na hukumatning ishi bor. Murojaatlarim yengil-yelpi, yuzaki o’rganilmoqda. Men 60 yillik tajribaga ega, jahon bozorida mustahkam o’rinni egallagan kompaniya vakili sifatida Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan pigment va kimyoviy rang unsurlarini ishlab chiqaruvchi zavodni Toshkentda qurilishiga bosh-qosh bo’ldim», deb so’zini boshlaydi u.

Ma`lum qilinishicha, 2017 yilning o’zida o’zbekistonlik tadbirkorlar sifatli pigment xarid qilish uchun Turkiyaga tashrif buyurib, 900 tonna xom-ashyo mahsulotini import qilgan. Bu ko’rsatkichning yanada ortishi, mintaqada trikotaj-tikuv mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zaruriy xom-ashyolar mavjudligi soha kelajagini belgilab beradi.

«Biz xaridorlarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida Markaziy Osiyoda kompaniyamiz filialini tashkil etishga qaror qildik. Bundan tashqari, Toshkentdan turib, qo’shni mamlakatlarga eksport qilish salohiyatiga egamiz», deb so’zida davom etadi u.

Dinjyelning aytishicha, faoliyati boshlanganiga endigina 1 oy bo’lgan zavodning tez orada yopilib ketishiga asosiy sabab – soha faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlada  inobatga​ olinmagan ayrim holatlar.

Masalan, 2016 yili O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «​2017-2019 yillarda to’qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to’g’risida»​gi qarorida mazkur sanoatni modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va jadal rivojlantirishni ta`minlash va yana bir qator vazifalarni bajarish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilgandi.

Qarorning 14-bandida ta`kidlanishicha, to’qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog’ining nooziq-ovqat iste`mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarga 2020 yilning 1 yanvariga qadar turli soliq hamda bojxona imtiyozlari, preferensiyalar berildi. Shuningdek, nooziq-ovqat iste`mol tovarlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom-ashyo va materiallar, shu jumladan, tasdiqlangan ro’yxat asosida import qilinuvchi uskunalar, butlovchi buyumlar uchun bojxona to’lovlari to’lashdan ozod etilgan.

Masalaning mohiyati shundaki, «Setash kimyo» kompaniyasi mahsulotlari aholi iste`mol qiladigan nooziq-ovqat mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shug’ullanmaydi. Chunki kompaniya import qilishi zarur bo’lgan xom-ashyolardan kimyoviy unsurlar, rang va pigmentlar tayyorlanadi. Ko’rinib turibdiki, buni nooziq-ovqat iste`mol tovarlari, deyish mantiqqa zid. Ammo o’zbekistonlik ishbilarmonlar aynan Turkiyaga qatnab, boj to’lovisiz pigment va rang bo’yoqlarni trikotaj-tikuv mahsulotlarini tayyorlash uchun import qilmoqda. Vaholanki, bu O’zbekistonda ham mavjud.

«Barchasining asl sababi: biz xom-ashyoni import qila turib boj to’lashimiz, mahalliy tadbirkorlar esa to’lamaydi. Biz ishlab chiqargan mahsulot tan narxi mutanosib ravishda qimmatlashgan. Bu holatda ikki xil yondashuv mavjud: biz ham xom-ashyo import qilishimizda alohida imtiyozlarga ega bo’lishimiz kerak. Yoki ichki bozordagi xaridorlarimiz xom-ashyoni import qilishda boj to’lovini amalga oshirishi talab etiladi», deb fikrini bildirdi turk tadbirkori.

Shamilning aytishicha, O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni chetdan olib kirish mamlakat iqtisodiyotiga katta foyda keltirmaydi. Qolaversa, bu xom-ashyo materiallari yirik sanoatni kuchlantiruvchi ahamiyatga ega.

«Biz xom-ashyo uchun import bojini to’lab, pigment ishlab chiqaryapmiz. Mahalliy hamkorlarimiz esa kompaniyaning Turkiyadagi bo’limlaridan tayyor xom-ashyoni xarid qilib, boj to’lovisiz import qilmoqda. Demak, biz O’zbekiston bozoridan chiqib ketsak ham bo’ladi. Turkiyadan turib, eksport hajmini oshirish maqsadga muvofiq bo’lib qoldi», deb fikrini yakunladi u.

Barchani o’ylantirib qo’ygan vaziyat shundaki, iqtisodiyot – tirik organizm, unga qanday muomala qilsangiz, shunday aks javobni qaytaradi. Ulgurji xom-ashyoni boj to’lovisiz import qilish o’rniga mahalliy ishlab chiqarishni yo’lga qo’ygan foydali emasmi? Yoki mahalliy pigment ishlab chiqaruvchi tadbirkorga ham imtiyoz taqdim etilar? O’ylaymizki, O’zbekiston hukumati ayni vaziyatga o’z vaqtida munosabat bildiradi.

Вам может понравиться

Добавить комментарий