Jismoniy shaxslarga taksi xizmatlari ko’rsatish huquqi beriladi

Spread the love

Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanali xabar berdi.

Farmon lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ulardan o’tishning soddalashtirilgan mexanizmlarini belgilashga qaratilgan. Unda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini rasmiylashtirish yondashuvlari va tamoyillari tubdan qayta ko’rib chiqilgan.

Farmonda lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi davlat siyosatining asosiy vazifalari belgilandi. Mazkur asosiy vazifalar orasida jamoatchilik nazorati, o’zini-o’zi boshqarish, fuqarolik-huquqiy javobgarlikni sug’urtalash va boshqalar kabi tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil uslublaridan keng foydalanish ko’rsatilgan.

Davlat siyosatining belgilanayotgan muhim ustuvorliklari va asosiy vazifalaridan kelib chiqib, huquqni qo’llash amaliyotini, milliy qonunchilik va xorijiy mamlakatlarning qonunchiligini tahlil qilish asosida, mazkur hujjat bilan 42 turdagi lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini bekor qilish nazarda tutilmoqda. Ularning orasida — neft mahsulotlarini avtomobillarga yonilg’i quyish shoxobchalari va moy almashtirish punktlari orqali sotishni lisenziyalash, bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirishga ruxsat berish, tashqi reklamani joylashtirishga ruxsatnoma va boshqalarni sanab o’tish mumkin.

Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalarida bir necha turdagi lisenziyalarni va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish talab etiladiki, bu tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha sarsongarchilik va moliyaviy xarajatlarni orttiradi. Lisenziyalar va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish mexanizmini soddalashtirish maqsadida shuningdek 38 turdagi lisenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini 17 turga birlashtirish nazarda tutilmoqda.

Byurokratik g’ovlarni olib tashlash, tadbikorlik subyektlarining murojaatlarini tezkor ko’rib chiqilishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 25 turdagi lisenziyalar va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari ichki rasmiylashtirish tartib-taomillarini maqbullashtirish evaziga qisqartirilmoqda, shuningdek 9 ta turdagi faoliyatni lisenziyalash tartibi lisenziyalash bo’yicha funksiyalarni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga topshirish yo’li bilan soddalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, 5 turdagi lisenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish funksiyalar respublika davlat boshqaruv organlaridan ularning hududiy boshqarmalariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga o’tkazilmoqda.

Bundan tashqari, farmonda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 19 turdagi lisenziyalarni va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Masalan, 2018 yil 1 iyundan:

telekommunikasiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va xizmat ko’rsatish, qimmatli qog’ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish, baholash, veterinariya va turizm faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilmoqda;
rieltorlik tashkilotlari uchun ustav kapitalining majburiy miqdoriga nisbatan qo’yiladigan lisenzion talablar bekor qilinmoqda, olindan to’lov olmagan holda rieltorlik xizmatlarini ko’rsatish imkoniyati berilmoqda;
yengil avtomobilga ega bo’lgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor shaklida yo’nalishli taksi sifatida yo’lovchilarni tijorat asosida tashish huquqi berilmoqda;
ko’chma savdoni amalga oshirishga ruxsatnoma yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham, ruxsatnoma amal qilish muddatini o’n ikki oydan ortiq bo’lmagan muddatga berish huquqi berilmoqda, bitta ruxsatnoma bilan bir nechta joyda ko’chma savdoni amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.
Muhim yangiliklardan biri bu tibbiyot va farmasevtika faoliyati, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo’lishi bilan bog’liq faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, ko’chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari va teleradioeshittirishlarni tarqatish tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat ko’rsatish huquqini beradigan lisenziyalardan tashqari, faoliyatning ayrim turlari bilan shug’ullanish huquqini beradigan barcha lisenziyalar ularning amal qilish muddati cheklanmagan holda berilishidir.

Shu bilan birga farmonda lisenziyalovchi organ lisenziya berish to’g’risidagi arizani ko’rib chiqish muddati davomida lisenziya berish yoki lisenziya berishni rad etish to’g’risida qaror qabul qilmasa, lisenziya da’vogariga ko’rsatilgan muddat o’tganidan so’ng arizada ko’rsatilgan faoliyat turini amalga oshirish huquqi berilishi belgilangan

Вам может понравиться

Добавить комментарий