Voqea tafsilotlariga ko’ra, 1989 yilda tug’ilgan ayol, uning bo’yi yetgan singlisi, 3 yoshli va 6 oylik farzandlarining — jami 4 insonning murdasi oila istiqomat qilib kelayotgan uydan topilgan.

Dastlabki surishtiruv xulosasiga ko’ra, tabiiy gazdan zaharlanish, deyilgan baxtsiz hodisa sinchiklab o’rganilganida qotillik ekanligi ma`lum bo’ldi. KUN.UZ axborot manbasining xabar qilishicha, vafot etganlarning barchasi pichoqlab o’ldirilgan.

Jinoyatchi o’z qilmishini yashirish maqsadida uyga o’t qo’ygan. Biroq, yangi qurilgan imoratning plastik derazalari havo o’tkazmaganligi sababli, yong’in rivojlanmay qolgan. Huquqni muhofaza etuvchi organlar qotillik 30 dekabr kuni yuz bergan, degan farazni ilgari surishmoqda.

Voqea tafsilotida o’ldirilgan ayol ikki marta turmush qurgani, 3 yoshli farzandi avvalgi turmushidan, 6 oylik chaqalog’i keyingisidan ekanligi aytiladi. Ayolning ayni paytdagi, ikkinchi turmush o’rtog’i 1 yanvar kuni Qozog’istonning Olmaota shahriga jo’nab ketganligi ham ma`lum qilinmoqda. Andijon viloyatida ro’y bergan ushbu rezonansli holat bo’yicha rasmiy ma`lumot e`lon qilinmagan.

manbaa: kun.uz