500 milliard dollarlik megashahar: Saudiya Arabistoni Dubay bilan raqobatga kirishmoqchi

Spread the love

Saudiya Arabistoni Qizil dengiz bo’yida NEOM ​nomli yangi shahar qurilishini e’lon qildi. 26 500 kvadrat km maydonni egallaydigan ulkan shahar Nyu-Yorkdan 33 barobar katta bo’ladi. NEOM ​Saudiyaning Misr va Iordaniya bilan chegarasi yaqinida qad rostlaydi. Hozir hali qurilmagan shahar uchun veb-sayt va Tvitterda yangi sahifa ham ochilgan.

NEOM ​energetika, suv, biotexnologiya, oziq-ovqat, yuqori texnologiyalar sanoatiga ixtisoslashgan bo’lishi va ko’ngilochar-dam olish xizmatlarini ko’rsatishi rejalashtirilgan. Shahar to’laligicha qayta tiklanadigan energiya (quyosh va shamol energiyasi) bilan ta’minlanadi. Loyihaga ko’ra, shaharni to’liq qurib bitkazish uchun 500 milliard dollar kerak bo’ladi. Qurilish uchun Saudiya Qirolligining eng katta jamg’armasi, mahalliy va xorij investorlari sarmoyalari sarflanishi kutilmoqda.

“NEOM ​dunyoning eng muhim iqtisodiy tomirlaridan birida joylashgan. Xalqaro savdoning qariyb o’n foizi shu hudud orqali o’tadi. Uning strategik joylashuvi hududni Osiyo, Yevropa va Afrikani bog’lab, dunyo aholisining 70 foizi sakkiz soatdan kamroq fursatda yetib bora oladigan global markaz sifatida jadal rivojlanishiga imkon beradi”, deyiladi loyihada.

NEOM ​shahri mustaqil iqtisodiy hudud sifatida mintaqada BAAning Dubay shahriga raqobatchi bo’lishi kutilmoqda. Ammo yangi megashahar Dubayni orqada qoldirishi oson kechmaydi. “Agar u dunyoning markazi bo’lishga da’vo qiladigan bo’lsa, Dubaydan ko’ra afzalroq bo’lgan biror yangi narsani taklif qila olishi kerak. Bu esa mushkul vazifa. Mintaqada Dubay tajribasidan ko’r-ko’rona foydalanishga urinishlar yaxshi natija bermagan”, – deydi London Iqtisod maktabi tadqiqotchisi, saudiyashunos Steffen Hyertog.

manbaa: sof.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий