Ijtimoiy tarmoq – ezgulikmi?

Spread the love

Ko‘z oldingizga keltiring: Katta bir uy. Minglab xonalarda 10 yoshdan 100 yoshgacha bo‘lgan sanoqsiz odamlar izg‘ib yuradilar, nimalardir haqida o‘zaro suhbatlashadilarl. Xonalar devorlari turli suratlarga, hikmatli-hikmatsiz so‘zlarga, she’rlarga to‘lib ketgan, bir xonadan musiqa ovozi yangrasa, boshqasida video ko‘rishadi, yana bir xonada hamma o‘yinlar bilan mashg‘ul. Kimdir tanishgan, kimdir do‘stlashgan, boshqasi esa urishgan. Ishqilib, hayot qaynaydi.

Ijtimoiy tarmoqlar virtual olam – Internetdagi xuddi shunday «ari uyasi»dir. Ular paydo bo‘lganiga unchalik ko‘p bo‘lgani yo‘q. Hammasi kimningdir xayoliga Internetdagi hamfikrlarini yig‘ish g‘oyasi kelib qolganidan boshlandi. Dastlab qiziqishlari yoki kasblari bo‘yicha birlashdilar, keyin bu g‘oya kengayib, do‘stlar, tanishlar, hamkasblar ularga qo‘shila boshladilar…

Hozirda yirik ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar soni millionlab, milliardlab kishiga yetgan. Ular o‘zaro muloqot qiladilar, saytlarga o‘zlarining, yaqinlarining fotosuratlari, videolarini qo‘yadilar, u yoki bu mavzuda fikr almashadilar. Kimlardir bu saytlarda o‘zlarining unut bo‘lib ketgan tanishlarini, bolalikdagi do‘stlarini topadilar. Ba’zida aqlga to‘g‘ri kelmaydigan hollar ham uchraydi – ikkita yon qo‘shni bir-biri bilan Internet orqali gaplashib o‘tirashadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faqat do‘stlar, tanishlarni emas, mashhur insonlarni ham uchratish mumkin. Yulduzlar o‘z sahifalarini ochib, unda hayotlaridagi qiziqarli voqealarni yozadilar, suratlarni berib boradilar. Lekin, mashhurlar ismi bilan ochilgan sahifalar har doim ham ularga tegishli bo‘lavermaydi. Masalan, bir yulduzning nomidan ochilgan 50-60ta sahifalarning ichida bittasi unga tegishli bo‘lishi mumkin!

Tarmoqlar ichida ko‘plab hamjamiyatlar ochilgan – ularni istalgan foydalanuvchi o‘z qiziqishiga qarab ochishi va do‘stlarini taklif qilishi mumkin. Hamjamiyatlarning mavzulari xilma-xil – futbol, tikuvchilik, avtomobil… Ishqilib, insoniyat nimaga qiziqsa, hammasi. Hamjamiyat ichida uning a’zolari o‘zaro fikr almashadilar. Ba’zi hamjamiyatlarga istagan kishi a’zo bo‘lishi mumkin, ba’zilari esa yopiq sanalib, unga faqat a’zolardan birining tavsiyasi bilan yoki hamjamiyat ma’muri ruxsati bilan qo‘shilsa bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda pullik xizmatlar ham bo‘ladi. Masalan, kimgadir chiroyli otkritka yoki virtual sovg‘alar yuborish, turli imtiyozlarga ega bo‘lish kabilar. Odatda, ijtimoiy tarmoqlar ma’’muriyati o‘z a’zolari bilan juda xushmuomala bo‘ladilar, ularni imkon bo‘ldi deguncha yaxshi gaplar bilan «siylab», turli bayramlar bilan muntazam tabriklab turadilar.

Har yaxshining bir kamchiligi bo‘lganidek, tarmoqlarning ham bir qancha yomon tomonlari bor. Avvalo, bu – psixologik qaramlik. Ko‘pgina foydalanuvchilar bunday saytlarga bir kirgach, kun bo‘yi qolib ketadilar, tuni bilan o‘tirib chiqadiganlar ham bor. Natijada, ularning ongida haqiqiy hayot bilan virtual olam aralishb ketadi. Inson virtual olam – bu xayolot ekanligi, real hayotga doim ham to‘g‘ri kelavermasligini unutib qo‘ysa, buning oqibatlari ayanchli bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlar nima uchun kerak?

Internet deganda bugungi kunda ko‘pchilik aynan ijtimoiy tarmoqlarni tushunadigan bo‘lib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlar huddi magnit kabi odamlarni o‘ziga tortib, ularning butun bo‘sh vaqtlarini egallab oladigan bo‘lib qoldi. Xo‘sh, bu saytlarni kim, nima uchun ishlatadi?

Aksariyat kishilar bu yerda o‘zlariga do‘st qidiradilar, eski tanishlarini topishga, do‘stlik munosabatlarini o‘rnatishga/tiklashga harakat qiladilar. Bu yerdagi «tenglik» tufayli siz real hayotda yaqiniga ham yo‘lay olmaydigan mashhur yulduz bilan yoki yana boshqa kimlardir bilan suhbatlashib, do‘stlashishingiz mumkin. Lekin, yuqorida aytganimizdek, yulduz deb o‘ylaganingiz, aslida, birovning nomidan kirgan qo‘shni bola bo‘lib chiqishi ham hech gap emas.

Boshqa foydalanuvchilar ko‘proq tarmoq ichidagi hamjamiyatlardan foydalanadi. Hamjamiyatlarning turlari shunchalik ko‘pki, sizni qiziqtirgan mavzuga oidini albatta topasiz. Agar topa olmasangiz… o‘zingiz tuzib qo‘ya qolasiz.

Tarmoqlarda ish bo‘yicha ham aloqalar o‘rnatish, suhbatlar yuritish keng avj olgan. Ko‘pchilik birlashib biror loyiha ustida ishlashi, keyin uni hayotga birgalikda tatbiq etish uchun ijtimoiy tarmoqlar juda qo‘l keladi. Bundan tashqari, ish bo‘yicha professional maslahatlar olish mumkin.

O‘yinlar, kliplar, suratlar va video ham odamlarni jalb qiluvchi vositalardir. Ayniqsa yoshlar ijtimoiy tarmoqlarga ulardagi o‘yinlar uchun kiradilar.

Aynan ana shu jozibali va aqlni chalg‘itib qo‘yadigan darajada qiziqarli bo‘lgani uchun ham psixologlar ijtimoiy tarmoqlarni nomaqbul, xatto xavfli deb baholaydilar. Me’yorni bilmasa, mustahkam irodaga ega bo‘lmasa, foydalanuvchining ruhiyatiga bunday saytlar salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydilar.

Eng faol foydalanuvchilari – bular…

Inson nima uchun ijtimoiy tarmoqlarga kiradi? Hammaning maqsadi har xil – kimdir shunchaki gaplashish niyatida bo‘lsa, boshqasi qalloblikni kasb qilgan bo‘ladi. Xo‘p, tarmoqlardagi «kunda-shunda»lar kimlar?

Avvalo, bular – qaysidir sababga ko‘ra real hayotda muloqotga to‘ymagan shaxslardir. Do‘stlari ko‘p bo‘lmagan yosh yigit yoki qiz, uy bekasi va boshqalar. Ayniqsa o‘ziga mos muhitdan boshqa muhitga tushib qolgan kishilar ijtimoiy tarmoqqa ko‘p murojaat qiladilar. Masalan, boshqa shaharga ko‘chib o‘tganlar, o‘qish, ish uchun chet elga ketganlar – ular hayotdagi yolg‘izlikni mana shu tariqa «yengish»ga harakat qiladilar.

O‘ziga ishonmaslik ham ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolishga olib keladi. Bu ayniqsa o‘smirlarga xos. Real hayotda o‘zining u yoki bu holatidan, ko‘rinishidan iymanib, tanish, do‘st orttira olmaganlar o‘zlarini Internetga uradilar. Chunki bu yerda istagan qiyofangda namoyon bo‘lishing mumkin, kim bilib o‘tiribdi? Aynan ana shuning uchun, tarmoqda tanish topishga juda ehtiyot bo‘lish kerakligini aytadilar – Internetdagi siz ko‘rgan qiyofa, siz tasavvur qilgan odam hayotda butunlay boshqacha bo‘lib chiqishi mumkin!

Kattalarga esa, ijtimoiy tarmoqlar kundalik tashvishlardan, ish-ro‘zg‘or-ish yo‘nalishi bo‘ylab tinimsiz qatnovdan chalg‘ish uchun bahonadir.

Tarmoqlar xayolparastlar uchun ham juda qulay. Boyib ketish, «Mers» sotib olish, dam olgani uzoq o‘lkalarga jo‘nash… Bunday orzularning chek-chegarasi bormi? Lekin, yumshoqqina o‘rindan turib, niyatiga erishish uchun peshonasini terlatish o‘rniga, ba’zi odamlar ijtimoiy tarmoqda o‘zlariga o‘xshagan «orzumand»larni topib oladilar-da, birgalikda xayol suradilar. «Qaniydi hozir dengiz bo‘yida bo‘lib qolsam…», «Xazina topib olsam bormi…» – bunday xayollar bilan qancha vaqt o‘tib ketadi. Bu vaqtning ichida uddaburo odam ishiniyam bitkazib, niyatiga ham erishib bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kunini o‘tkazadigan toifalardan biri – qalloblardir. Ular tarmoqlar ichida «izg‘ib» yurib, foydalanuvchilarni suhbatlarga, turli hamjamiyatlarga jalb etadilar. Bu orqali ulardan kerakli ma’lumotlarni olishga harakat qiladilar. Bu ma’lumotlar turli maqsadlarda ishlatiladi – birovning sirini hammaga oshkor qilib, «mag‘zava ag‘darish»dan tortib, o‘g‘rilikkacha borishi mumkin. Ularning eng yaxshi quroli – yurakka «jiz» etib sanchiladigan mavzu ochadilar-da, dardingizni doston qilishga undaydilar. O‘zlari esa, siyqasi chiqqan, umumiy gaplar bilan kifoyalanib qo‘yadilar.

Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda suhbatdoshlarga juda talabchan bo‘lish kerak, bir gap aytishdan oldin yaxshilab o‘ylash lozim. Ayniqsa, hayajonlanib turganda, g‘azab kelganda, xafa bo‘lganda, umuman nimadandir qattiq ta‘sirlanganda, yaxshisi, ijtimoiy tarmoqqa kirmaslik kerak. Chunki kuchli ta’sir ostida, gapdan gap chiqib, nimalardir yozib qo‘ygan, keyin esa afsuslanib yurganlarni juda, juda ko‘p ko‘rdik.

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarni bir so‘z bilan yaxshi yoki yomon deb bo‘lmaydi. Menga qolsa, ularning yomoni yaxshisidan ko‘p derdim. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning oltin qoidasi – «hamma narsada me’yorni bilish»ga amal qilish kerak.

Ijtimoiy tarmoqlar xavflimi?

Internetdan foydalanuvchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilganda, «Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanasizmi?» savoliga so‘ralganlarning 90 foizi «Ha» deb javob berdilar. «Qiziqarli», «U yerda eski do‘stimni topdim», «Muloqotni yoqtiraman» – asosiy izohlar shular bo‘ldi. Lekin, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish qiziqarligina emas, balki xavfli hamdir.

Virtual olamda muloqot qilaverib, odam haqiqiy hayotda atrofdagilaridan uzilib qoladi, suhbatga kirishib ketishi qiyinlashib boraveradi. Tibbiyotchilar bunday tobelik haqida anchadan buyon tashvishlanib gapiradilar. Qolaversa, Internetda suhbatdoshingiz kim ekanligini aniq bilasizmi? Axir, virtual suhbatdoshingiz sizga ko‘rinmaydi-ku. Uning ko‘z qarashlarini, imo-ishoralari, gapirish ohangini sezmaysiz-ku? Qalloblar, firibgarlar bundan ko‘p foydalanadilar. Firibgarlar-ku o‘z yo‘liga, chunki yurtimizda hali kompyuter orqali birovning hisobraqamidan pul yechib olingani yoki boshqa kiber-o‘g‘rilik haqida eshitmadik.

Lekin birovning nomidan boshqalarga xatlar yuborish Internetda ko‘p kuzatiladi. Misol uchun, gaplashib yurib, kimgadir pochtangizni buzib kirishi uchun yetarli ma‘lumot taqdim etganingizni o‘zingiz ham bilmay qolasiz. Keyin pochtangizga spamlar yog‘ilib kelayotganligidan, yaqin do‘stingiz, dugonangiz siz bilan gaplashmay qo‘yganidan, boshqalar sizga g‘alati gaplar aytayotgani, yozayotganidan hayron bo‘lib yurasiz. Bularning sababi esa, juda oddiy – sizning nomingizdan hammaga bema’ni gaplar yozib yuborilgan bo‘ladi.

Ulardan tashqari, kimningdir achchiq haziliga chuv tushib qolish xavfi ham bor. Deylik, bir qiz bilan tanishdingiz, ismi Laylo bo‘lsin, yoshi 19da deb yozilgan, chiroylikkina rasmlarini qo‘ygan. Uzoq muddat yozishdingiz. Xayolingizda sevgi qasrlarini qura boshladingiz ham. To‘xtang! Qayerdan bilasiz, u haqiqatda Laylomi? Yoshi rostdan ham 19 dami? Rasmlar – o‘zinikimi? Umuman, aslida ham QIZ BOLAmi? Birorta qiladigan ishi yo‘q, betamiz yigit qiz bolaning nomidan kirib, Internetdan rasmlar topib qo‘yib, sizning ustingizdan kulmayaptimikan?

Ijtimoiy tarmoqlarda yozganlaringiz sizning ziddingizga ishlashi ham mumkin. Yuzaki «erkinlik»ka ishonib, tilingizga kelganini yozib yuborasiz-u, keyin afsuslanib yurasiz. Ijtimoiy tarmoqda ishxonasi yoki o‘zining shaxsiy hayoti haqida «ochilib» gapirgach, ertasiga ishdan ayrilganlar ko‘p. Dunyo tor, deydilar, ijtimoiy tarmoqdagi yozganlaringiz albatta yaqinlaringiz qulog‘iga yetib borishini, do‘st-u dushmanga yoyilishini hecham unutmang.

Xakerlar, noinsof dasturchilarning ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati – alohida doston. Fishing hujumini uyushtirib, kerakli manzil, login, parollarga ega bo‘lgach, ular pochtangizni g‘irt keraksiz xatlarga to‘ldirib tashlaydilar. Bu ham mayli, sizning nomingizdan boshqalarga shunday nomalar yo‘llaydilar. Agar sahifangizdan «qiziqarli» surat yoki videotasvir topib olsalar, bir pasda butun dunyo siz bilan «tanishib»oladi. Internetga chiqib ketgan ma’lumotni esa, qaytarib yig‘ib bo‘lmaydi!

Albatta, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilishning xavfsizlik qoidalari mavjud: begonalar bilmasligi kerak bo‘lgan ma’lumotlar (telefon, pasport raqami, uy manzili)ni kiritmang. Pochtangizdagi xavfsizlik darajasini maksimal qilib belgilang. Parollarni murakkabini tanlang – harflar, sonlar, belgilardan iborat bo‘lsin.

Nimadandir ta’sirlanib turganda ijtimoiy tarmoqlarga kirmang. Nima deganingizni ertasiga siz unutasiz, Internet esa, aslo «unutmaydi».

Suhbatdoshingizga nisbatan sergak bo‘ling. Kimligini aniq bilmaguncha, gaplashishdan tiyiling.

Hammasidan yaxshisi, ijtimoiy tarmoqda hech qachon «yorilmang». Eski do‘stlar bilan real hayotda uchrashing, ekran ortidan yozishgandan ko‘ra, yuzma-yuz o‘tirib gaplashgan ming marta afzal, to‘g‘rimi?

Ijtimoiy tarmoqlarga tobelik

«Ijtimoiy tarmoqlarga tobelik» atamasi yaqinda paydo bo‘ldi. Oldinlari umumiy qilib, «Internetga tobelik» deb atalardi. Ammo ijtimoiy tarmoqlar keskin rivojlanib, ta’sir kuchi juda oshdi. Bu borada Internetdagi boshqa resurslarni orqada qoldirib ketdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarga tobelik» alomatlari qanday?

Avvalo, insonda virtual va real hayot o‘rtasidagi chegara yo‘qola boradi. Uning uchun Internetdagi tanishlari hayotdagi yaqinlaridan afzalroq bo‘lib qoladi. Ijtimoiy tarmoqda o‘tirganida Internet uzilib qolsa, o‘zini qayerga qo‘yishni bilmay qoladi. Ijtimoiy tarmoqdagi qandaydir ilonga aylangan ayol haqida hamma narsani biladi, lekin qo‘shnisi bir yil oldin o‘g‘illi bo‘lganidan bexabar. Eng yomoni, bu o‘zgarishlar odamning o‘ziga sezilmaydi. Yaqinlari bilan o‘rtasida jarlik paydo bo‘layotganini payqasa ham, bunda atrofdagilarni ayblaydi. Tushunishmaydi, deydi. Aslida esa, o‘zi hayotdan chetlanib borayotgan bo‘ladi.

Odatda yolg‘iz insonlar ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketadilar. Lekin bu yolg‘izlik ko‘p hollarda yuzaki bo‘ladi. O‘zini past baholaydigan yosh ayol, tengdoshlari bilan chiqisha olmayotgan o‘smir, suhbatlashishni jondan ortiq ko‘radigan odamlar – mana shular tarmoqlarni gullatayotgan toifalar. Bora-bora, ular real hayotda ham gaplashish mumkinligini unutib qo‘yadilar. Ular uchun virtual suhbatdan azizroq narsa qolmaydi. Hatto yonlariga do‘stlari kelib qolsa, tezroq uni jo‘natib, yana saytga qaytishga intiladilar. Shu sababli Internetning uzilib qolishi – ular uchun katta fojea! Ular uchun Internetdan tashqaridagi hayot qiziqarli bo‘lmay qoladi. Chunki bu yerda «layk» qo‘yib bo‘lmaydi, yoqmagan odamni «ignor» qila olmaysan…

Eng qiyini mana shundaylarning yaqinlariga bo‘ladi. Chunki qadrli insonlari ularning ko‘z oldilarida kundan-kunga uzoqlashib boradi. Munosabatlar sovub, gaplashishga mavzu topilmaydigan bo‘lib qoladi.

Ijtimoiy tarmoqlardan shartta voz kechishga bunday foydalanuvchining irodasi yetmaydi. Bekorga Internetni «o‘rgimchak to‘ri» deyishmagan, uning to‘riga tushgach, qutulib ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarga tobelikdan qutulishga real hayotdagi qandaydir quvonchli yoki qayg‘uli voqea, kuchli hissiyot yordam beradi. Har qalay, insonda «Ijtimoiy tarmoqlarga tobelik» alomatlari endi kurtak otayotganda harakatni qilib qolinsa, uni real hayotga qaytarish oson bo‘ladi. Tobelik kuzatila boshlagan insonning yaqinlari bu borada tashabbusni o‘z qo‘llariga olishlari kerak.

manba: sangzor.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий