Inklarning oltin shahri

2007 yilda o’tkazilgan so’rov natijasida Janubiy Amerikadagi Peru davlatida joylashgan inklarning qadimiy shahri Machu-Pikchu hozirgi dunyoning yetti mo’jizasidan biri, deb tan olingan. Machu-Pikchu atamasi mahalliy kechualar tilida «qadimgi balandlik», degan ma’noni bildiradi. Machu-Pikchuni ba’zi manbalarda «osmondagi shahar», «bulutlar orasidagi shahar» yoki «inklarning yo’qolgan shahri», deb atashadi. Chunki shahar hozirgi Perudagi Urubambi daryosi vodiysini o’rab turgan tog’larning tepasida, dengiz sathidan 2450 metr balandlikda joylashgan. Mutaxassislarning fikricha, mazkur shahar inklarning mashhur sardori Pachakutek tomonidan XV asrning birinchi yarmida, taxminan 1440 yilda tog’dagi qarorgoh sifatida barpo etilgan. Ammo shaharni qurishdan asosiy maqsad va, hatto, uning aniq nomi haqida birorta daliliy hujjat saqlanmagan. AQShning Yel universiteti tadqiqotchilari Richard Byurger va Lyusi Salazar XVI asrdagi ispan xronikasiga tayangan holda, Machu-Pikchu yozgi qarorgoh maqsadida qurilgan, degan taxminni oldinga surishgan. Chunki inklar davlatining poytaxti bo’lgan Kusko shahrida havo yozda birmuncha issiq bo’lgan.

Inklar davlatining 1533 yilda T. Pisarro boshchiligidagi ispanlar tomonidan bosib olinishi natijasida Machu-Pikchu shahri o’z ahamiyatini yo’qotgan. Ispanlar kelishidan oldin, ya’ni 1532 yilda shaharning barcha aholisi sirli tarzda g’oyib bo’lgan. Ispan mustamlakachilari Machu-Pikchuni topa olmagani bois, shaharning qadimgi holati saqlanib qolib, u «yo’qolgan shahar» nomini olgan.

Картинки по запросу фото мачу-пикчу горе

Machu-Pikchu tog’lar orasida yashirin shahar.

 Machu-Pikchuda 200 dan ortiq turli bino va inshootlar bo’lgan. Shaharda ibodatxonalar, qarorgohlar, uylar, omborxonalar va boshqa zarur binolar mavjud. Inshootlarning ko’pchiligi mohirlik bilan ishlov berilgan toshlardan qurilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, Machu-Pikchuda 1200 kishi istiqomat qilib, aholi asosan, tog’ yonbag’irlaridagi terrasalarda turli qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirish bilan mashg’ul bo’lgan.

XVI asrdan keyin qariyb 400 yil davomida Machu-Pikchu shahri insoniyat tomonidan unutilib, tog’lar orasida qolib ket-gan. 1911 yilda AQShning Yel universiteti professori Xayren Bingxem Peruda tadqiqot olib borayotib, mazkur unutilgan shaharga duch keldi. Mahalliy yo’l, ko’rsatuvchi bilan Machu-Pikchuga kelgan amerikalik olim bu yorda bir necha dehqonlarni uchratgan. Dehqonlar olimga «ushbu shaharda ozodlikda, turli xavf-xatardan xoli holda bemalol hayot kechirish mumkinligi» haqida so’zlab berishgan.

Картинки по запросу фото мачу-пикчу горе

Uylarning ichki ko’rinishi.

 Machu-Pikchu me’moriy jihatdan juda aniq tartibga ega. Uning janubi-g’arbida hashamatli saroylar majmui joylashgan. Toshlarning ishlov berilgani bu yerdagi barcha inshootlarning me’mori bir kishi ekanidan dalolat beradi. Hashamatli saroylar yonida qo’shimcha binolar barpo etilib, ularda xizmatkorlar yashagan. Shaharni bir tomondan o’ragan tubsiz jarlik ustida ko’tarib-tushiriladigan ko’prik qurilgan. Tog’lar bilan o’ralmagan janubi-sharqda balandligi 5 metr, kengligi 1 metr bo’lgan devor qurilgan. Atrofdagy barcha qoyalar ustida kuzatuv minoralari mavjud. Shahardagi bino-larning aksariyati toshlarni o’yib, ba’zi birlari tabiiy qoyalar ustiga yo’nilgan toshlarni terish yordamida qurilgan.

Machu-Pikchuning janubi va g’arbida atrofi tosh devorlar bilan himoya qilingan zinapoyasimon ziroatchilik terrasalari barpo etilgan. Mazkur terrasalar inklar tilida «andenes» deb ataladi. Ma’lumotlarga ko’ra, And tog’lari nomining kelib chiqishi ushbu terrasalarning nomi bilan bog’liq. Terrasalar Urubambi daryosi vodiysidan olib kelinadigan unumdor tuproq bilan to’ldirilgan. Bu yerda jo’xori, kartoshka, dorivor o’tlar yetishtirilgan. Ammo Ma-chu-Pikchuning 1200 kishilik aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun shahar atrofida barpo etilgan terrasalarning imkoniyati juda kamlik qilar edi.

Shaharning g’arbiy qismida qurbonlik qilish uchun maxsus maydonchaga ega bo’lgan bosh ibodatxona joylashgan. Ibodatxona qarshisidan ikki qavatli tosh uylardan iborat aholi yashaydigan hudud cho’zilib ketgan. Tosh uylarning o’rtasidagi labirintga o’xshash ko’chalardan ba’zilarining boshi berk bo’lsa, ba’zilari bevosita tubsiz jarlikning tepasida tugaydi.

Machu-Pikchuning janubi-g’arbiy chekkasida yaqqol ko’zga tashlanadigan yarimaylana minoraga tutashgan ajoyib bino barpo etilgan. Quyosh ibodatxonasi, deb nomlangan mazkur bino ibodatxona va xavf-xatar tug’ilgan paytda mudofaa istehkomi vazifasini o’tagan. Haqiqatan ham, tabiiy qoyaning atrofida yaratilgan minoraga chetdan hujum qilishning hyech iloji yo’q. Minoraning tepa qismidagi kichik tuynuklardan pastda yastanib yotgan vodiyning go’zalligini ko’rish mumkin. Shuningdek, bu yerda inklar uchun muqaddas sanalgan o’ziga xos xoch – chakanani ko’rish mumkin.

Картинки по запросу фото мачу-пикчу горе

Quyosh ibodatxonasi.

Shaharning shimoliy qismida diniy marosimlar o’tkaziladigan muqaddas maydon bo’lgan. Muqaddas maydondan granitli yonbag’ir orqali mashaqqat bilan qoyaning tepasiga chiqiladi. Bu yerda ko’p burchakli qilib tarashlangan tosh – «intiuatana» yoki «quyosh bog’lab qo’yiladigan joy»ni ko’rish mumkin. Afsonalarga ko’ra, go’yoki «inklar quyoshni qishki quyosh turishi paytida ketib qolmasin, degan maqsadda ramziy ma’noda shu toshga bog’lab qo’yishgan». «Quyoshni bog’lash sharafiga muyassar bo’lgan» inklar esa alohida hurmatga sazovor bo’lishgan. Ammo qoyaning tepasida joylashgan ushbu tosh inklar uchun quyoshning harakatini kuzatadigan o’ziga xos observatoriya vazifasini o’tagan bo’lishi mumkin, degan fikrlar bor. Chunki inklar quyoshning bahorgi va kuzgi tengkunlikdan keyingi harakatini kuzatish orqali ekish va hosilni yig’ishtirib olish uchun eng qulay vaqtlarni aniqlashgan.

Machu-Pikchuga olib boradigan yo’l – inklar qurilish san’atining yorqin namunasidir. Bundan 500 yil avval qurilganiga qaramasdan, hatto, yog’inlar yog’adigan mavsumda ham ushbu yo’ldan be-malol yurish mumkin. Inklar imperiyasida 40 ming km.dan ortiq uzunlikdagi yo’llar mavjud bo’lgan.

Inklar g’ildirak nimaligini bilishmagani bois, qurilgan yo’llarning ko’pchiligi zinapoyasimon. Okean qirg’og’idan o’tgan yo’llar esa quyosh, shamol va qum to’zonlaridan himoya qilish maqsadida ikki tomondan devor bilan o’ralgan. Shuningdek, daryolar ustida tosh yoki qalin arqondan yasalgan osma ko’priklar barpo etilgan. Mazkur obyektlar chuqur daralaru baland tog’lar sharoitida yashagan inklar uchun muqaddas bo’lib, ko’prikka zarar yetkazgan kishi o’limga mahkum etidgan.

Machu-Pikchuni qurilish nuqtai nazaridan juda noqulay bo’lgan joyda barpo etish uchun so’z bilan tasvirlab bo’lmaydigai mohirlik talab etilgan. Shaharni o’rganib chiqqan quruvchi-muhandis va arxeologlarning fikricha, Machu-Pikchuni bunyod etishdagi mehnatning yarmidan ko’pi yer maydonini va bino asosini tayyorlashga ketgan. Shuning uchun mustahkam tosh devorlar va zinapoyasimon terrasalar 500 yildan ortiq vaqt mobaynida shaharni doimiy yomg’ir yoki surilmalar ta’sirida tog’ qoyasidan qulab tushishdan saqlab kelmoqda.

Machu-Pikchu 1983 yilda YuNESKOning «Butunjahon merosi» ro’yxatiga kiritilganidan so’ng, bu yerga tashrif buyurayotgan sayyoh-larning soni keskin ortdi. Hozirda bu sirli shaharga kuniga 2000 dan ortiq sayyoh kelib-ketadi. Ammo shahardagi obidalarni yaxshi holatda saqlash uchun Machu-Pikchuga kuniga faqat 800 sayyohning tashrif buyurishi maqsadga muvofiq ekan.

Machu-Pikchu yetib borish juda mushkul bo’lgan mintaqada joylashgan. Lekin sayyohlikni qo’llab-quvvatlash maqsadida shahar yaqinidagi Aguas-Kaliyentes shahriga temir yo’l qurilgan. Ushbu shaharning temir yo’l bekatidan Machu-Pikchuga avtobus qatnaydi. 8 kilometrli mazkur yo’nalishning deyarli barcha qismi tik qoyalar orqali o’tkazilgan ilon izi tog’ yo’lidan iborat.

Ispanlar Janubiy Amerikaga kelishganda inklarning oltinga to’la afsonaviy xazinasini uzoq vaqt qidirishgan. Machu-Pikchuda oltin va oltindan yasalgan narsalar topilmagan bo’lsa-da, shaharni topgan tadqiqotchilar mazkur joyni «inklarning oltin shahri», deb atashgan. Tog’larda uzoq vaqt yakka-yolg’iz qolib ketgan Machu-Pik-chu, hyech shubhasiz, sayyoramizning eng sirli shaharlaridan sanaladi. Bu borada dunyoning boshqa biror burchagida joylashgan shahar unga teng kelishi amrimahol.

Вам может понравиться

Добавить комментарий