Ibn Arabshoh

Ibn Arabshoh – Shihobuddin Ahmad ibn Muhammad ibn Abdullox ibn Ibrohim (1388, Damashq— 1450, Qohira) — arab tarixchisi. Amir Temur Shom (Suriya) ni egallagach (1401), Ibn Arabshohni qarindosh-urug’lari bilan Samarqandga keltirgan. Bu yerda u mashhur olimlardan ta’lim olgan, fors, mo’g’ul va turk tillarini o’rgangan xamda adabiyot va ilohiyot bilan shug’ullangan (1401—08). U Xorazm, Mo’g’uliston, Xitoyda va Oltin O’rda poytaxti Saroyda bo’lgan. Hoji Tarxon (Astraxon) da huquq fani bilan shug’ullangan. Qrim orqali Adrianopolga kelgan. 10 yil davomida turk sultoni Muhammad I ning maxsus kotibi bo’lgan. Ibn Arabshoh bir necha tarixiy kitob yozgan. «G’urrat us-siyar fi duvalitturk va-t-tatar» («Turk va tatar xalqlari davlatlaridagi siyratlar sarasi») asari Oltin O’rda haqidagi ko’p ma’lumotlarni o’z ichiga olgan. Ammo bu asar saqlanmagan. Ibn Arabshohning«Fukoxat ul-xulafo va mufokahat uz-zurafo» («Xalifalarning hozirjavobligi  va  farosatlilarning  hazil-kashligi») asari  ham  bor Ibn Arabshoh tarjimon sifatida Avfiyning «Javomi’ ulhikoyot va lavomi’ ur-rivoyot» («Hikoyalar majmuasi va rivoyatlar jilvasi»), Abu Laysning«Tafsir» ini fors tilidan turkchaga tarjima qilgan.

«Ajoib ul-maqdur fi axbori Temur» («Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari») Ibn Arabshohning eng mashhur asaridir. Bu asar«Amir Temur tarixi» nomi bilan o’zbek tilida ham nashr etilgan.

Ibn Arabshoh Amir Temurga nisbatan dushmanlik ruhidagi mualliflar jumlasidan edi. Bu hol uning asarida to’la aks etdi. Shunga qaramay, Ibn Arabshoh asarida Temur davlati va unga chegaradosh mamlakatlar  siyosiy,  xo’jalik  va  madaniy  turmushini  qo’shimcha  ravishda  oydinlashtirib beruvchi ko’pdan-ko’p diqqatga sazovor ma’lumotlarni keltirgan.

Ibn Arabshoh Amir Temurga naqadar salbiy nazar bilan qaramasin, har holda uning shaxsini munosib baholagan: «Yetmish yoshli Temurning fikrlari hali ham qat’iy, jismoniy jihatdan kuchli va baquvvatdir…  U  istehzo  va  soxtalikni  yoqtirmaydi,  baxtsiz  hodisa  ro’y  berganda  g’amga botmaydi, doim sergak va mardona turadi, uning oldida hamma itoatgo’y bo’lib qoladi va hurmat bajo keltiradi. U mard va jasur odamlarni yoqtiradi… U masalaning moqiyatini darhol  payqab  oladigan  mohir  bahschi  edi.  U  farosati  bilan  haqgo’y— yolg’onchini  darrov farqlar edi, samimiy maslahatchilarni soxta nasihatgo’ylardan farqdar edi».

manbaa: Amir Temur tarixi (1-, 2-kitoblar; so’z boshi, arab tilidan tarjima va izohlar muallifi U. Uvatov), T., 1992.

Вам может понравиться

Добавить комментарий