Hayotimni o’zgartirgan uch kitob…

Fransuz blogosferasida mashhur jurnalistlardan biri o’tgan yili ajoyib bir loyihani yo’lga qo’ydi. U mashhur fransuz bloggerlaridan ularning hayotlarini o’zgartirgan, hayotlariga katta tasir qilgan uch kitobni tavsiya qilishni so’radi. Oz muddat ichida ushbu loyiha fransuz bologosferasini zabt etdi va 300 ga yaqin eng zo’r fransuz bloggerlari ushbu loyihada ishtirok etishdi va o’z hayotlarini o’zgartirgan uchta eng zo’r kitob haqida maqola e’lon qilishdi.

Bugun ushbu loyihani endi nafaqat o’zbek bloggerlari, umuman o’zbek kitobxonlari orasida yo’lga qo’ymoqchimiz. Demak siz o’qigan kitoblarni orasida qaysilari sizning dunyoqarashingizga juda katta ta’sir qilgan? Qaysi biri sizning kelajagingizni o’zgartirgan? Qaysi kitobni o’qib bo’lgandan so’ng o’zingizni boshqa insonga aylanganligizni his qilgansiz? Qaysi kitob
sizning tabiatingizni, atrofingizdagilar bilan aloqangizni  yaxshilay olgan?

Bu orqali siz boshqalarni ham kitob o’qishga qiziqtirishingiz, ularga o’zingizni sevimli asarlaringizni tavsiya qilishingiz mumkin.

Demak, o’zimdan boshlayman.

Kitob o’qishga bo’lgan qiziqish bolaligimda alifboni o’rganib “O’qish” kitobidagi birinchi hikoyalarni o’qishdan boshlangan va shundan beri bu qiziqish hali-hanuz meni tark etgani yo’q. Esimda, o’qishga qiziqib boshlaganimdan brinchi sinfning birinchi choragidayoq “O’qish” kitobini o’qib tugatgan va o’qituvchimiz Rano opa menga ertaklar bor boshqa kitob keltirib bergan, bu kitobni ham mexr bilan ikki haftada o’qib tugatgan edim. Bunga ham bugun mana 17 yil bo’libdi. 17 yil oldin menda uyg’ongan bu qiziqish tufayli dunyoni boshqa ko’z bilan ko’ra boshladim, ko’p narsani o’rgandim, hayotim boyib bordi.

Ehtimol ushbu qiziqishsiz bugun erishgan narsalarimga erishmagan bo’lar yoki bugun dunyoning butunlay boshqa bir qismida bo’lgan bo’lardim. To’g’ri, hayotda nimagadir erishish uchun ulkan mehnat va izlanish kerak, uzoq yo’lni bosib o’tish kerak. Lekin, kitob o’qish orqali biz o’z shaxsiyatimizni quramiz, dunyoqarashimizni boyitamiz, keng tasavvurga ega bo’lamiz. O’sha shaxsiyat bizning mexnatimiz va talantimizdan ko’ra hayotdagi turli xil vaziyatlarda bir qarorga kelishimizga ko’proq yordam beradi. 17 yildan beri nechtalab kitob o’qiganimni bugun aniq aytolmiyman, lekin o’sha bazi-bazida u yoki bu kitobni eslab, undan olgan taassurotlarimni yod olaman, kitobni qayta o’qiganday bo’laman.  Odatda uxlashdan oldin issiq to’shakka kirib miyani charchatish uchun 15-20 bet o’qib keyin uyquga ketaman. Uzoq yillar davomida  bu kundaliik odatga aylanib ulgurdi.Yillar davomida o’qilgan kitoblarni orasidan eng zo’rlarini tanlab olish oson ish emas. Bu safar endi hayotimni o’zgartirgan uch kitob haqida yozishimga to’g’ri keldi. Ushbu uchta o’rin uchun o’nga yaqin kitob nomzodlik qildi va oxirida shu xolasaga keldim. Men bu yerda eng sevimli yoki eng qiziq emas, aynan meni hayotimni, dunyoqarashimni o’zgartirgan uchta kitobni yozishga qaror qildim.

Hayotimni o’zgartirgan uch kitob:

1.Ayn Rend: La Grève (Atlas Shrugged)

Atlas Shrugged” yoki rus tilida «Атла́нт расправил плечи» nomli kitobni o’qib tugatganimga ham deyarli bir yil bo’lib qoldi. Bu kitobga qiziqib qolishimga hayotda men juda hurmat qilgan psixologlardan birining ushbu kitob haqidagi maqolasi sabab bo’ldi. Maqolada ushbu psixolog Ayn Rendning bu kitobi so’nggi o’n yilda u o’qigan kitoblar orasida eng zo’ri ekanligini alohida takidlab o’tgandi. Shundan so’ng kitobga bo’lgan qiziqish boshlandi va fransuz tilida ushbu kitobni Ipadimga ko’chirib oldim.

La Grève (“Ish tashlash” asarni fransuz tiliga shu nom bilan tarjima qilishgan) -“Book of the Month Club” kitobxonlar klubi va AQSH kongressi kutubxonasi tomonidan 1991-yilda tashkillashtirilgan so’rovnomaga ko’ra AQSH da Bibliyadan keyingi kitobxonlarning hayotiga eng ko’p o’zgarish olib kirgan kitobdir.

Kitobda “Taggart Transcontinental” va “Rearden Steel” kompaniyalari va ularni boshqarib turgan Degni Taggart va Xenk Rearden haqida gap boradi. Kitobni boshidan qahramonlarning o’z kompaniyasi faoliyatida muammolarga duch kelayotganligi bilan boshlab, kitob ushbu kampaniyalarning falokatga yuz tutishi bilan tugaydi. Asarda inson o’z salohiyati, irodasi bilan nimalarga erishishi mumkinligi, hayotda egoizm, mehnatsevarlik, tirishqoqlik, optimizm kabi xususiyatlar qanchalik muximligi haqida gap boradi.

Kitobga rosa kirishib ketganimdan, 1391 betni 24  kunda o’qib tugatdim. Asardagi voqealar, qahramonlarning xarakteri asta-sekinlik bilan menga juda kuchli ta’sir o’tkaza boshladi. Kitobni o’qib turib hayotdagi vaqtimni yanada qadrlay, ishimni yanada yaxshi bajara boshladim. Kitob menga hayotda nimalargadir erishish uchun juda katta motivatsiya bera oldi, biror narsaga erishish uchun faqat va faqat katta mehnat va ishtiyoq kerakligini tushintirdi. Hayotda doim bilgan, lekin aniq ifoda eta olmagan narsalarimni bir so’z ostida tushinish imkoniyatiga ega bo’ldim.

Kitobdagi ayrim fikrlarga qarshi bo’lsam ham, kitob menda juda yaxshi tasavvur qoldirdi. Kitob aynan AQSH mentalitetiga moslab juda ham liberal ruxda va aynan sovuq urush vaqtida yozilganligi, undagi fikrlar davlatning odamlar hayotidagi rolini butunlay rad etishi bizdagi, umuman sobiq SSSR va Yevropaning bir necha davlatlaridagi mentalitetni butunlay rad etishi muallifning bazi bir narsalarda nohaqligi haqida mani o’ylashga majbur qildi. Kitobni o’qish orqali bir qator davlatlardagi, shu jumladan bizning davlatdagi juda katta muammolarni sababini tushunib yetdim, o’zimga doim berib kelgan ko’plab savollarga javob ola bildim.

Kitobni o’qib tugatgandan keyin o’tirib o’yladim, kitobni o’qishdan oldin nimalarni bilardim va kitob orqali nimalarni tushundim? Ushbu kitob menda nimalarni o’zgartira oldi? Ishonavering, natija meni hayron qoldirdi. Kitobni tugatgan vaqtda man o’zimni butunlay boshqa inson sifatida his qilardim.

Hayotimni o’zgartirgan uch kitobni tanlaganda ikkinchi va uchinchi o’rinlar uchun rosa ikkilandim, lekin Ayn Rendning ushbu romani meni hayotimni o’zgartirgan asarlar orasida eng zo’ridir va uni birinchi o’rindaligi haqida hatto shubha ham qilmadim. Kitob meni hayotga bo’lgan qarashimni, hayotiy prinsiplarimni, o’zimdagi egoizm haqidagi tushunchalarimni butunlay boshqa tomonga o’zgartirdi, dunyoga boshqa ko’z bilan qarashga, hayotda o’z sohasida haqiqiy fidokor bo’lgan, yutuqlarga erishayotgan insonlarni hurmat qilishga majbur qildi.

Hayotda kimdir bir narsaga erishsa, boshqalar nimaga u va nimaga man emas deb qiziqa boshlaydi, shundan hasad kelib chiqadi. Nimagadir erishgan odam shunga munosib bo’lgani uchun erishayotganligiga hech kim e’tibor bermaydi. Bu kitob aynan shu haqida. Hayotda har kim o’zi munosib bo’lgan narsaga ega chiqishi haqida. Hayotda har kim o’zi munosib bo’lgan joyda ekanligi haqida. Hayotda har kim erishgan natijasi qilgan mexnati va izlanishlari natijasi ekanligi, qilgan harakati hozircha bundan orti’g’iga munosib emasligi haqida.

  1. Walter Isaacson: Steve Jobs

Bu kitobni bundan bir necha oy oldin o’qib tugatdim. Kitobni o’qib boshlaganimga Fransiyaning France Ô telekanalida Steve Jobsning hayoti haqida namoyish etilgan hujjatli film sabab bo’ldi. Bu kitob menga juda katta tasir o’tkazdi.

“Apple” kompaniyasini yaratuvchisi, 20-asrning eng buyuk insonlaridan biri Steve Jobs o’zi aytganidek dunyoni o’zgartira oldi. Bugun deyarli hammamiz ushbu geniyning talanti evaziga dunyoga kelgan smartfon, planshet va kompyuterlardan foydalanamiz. Uning hayoti davomida zamonaviy texnologiyalar sohasida qilgan “revolyutsiyalari” insoniyat hayotini butunlay o’zgartirdi, uni osonlashtirdi. Rak kasalligi tufayli dastlabki operatsiyasidan chiqqan Steve Jobs farzandlari uni yaxshiroq, boricha tushinishsin uchun “Time” jurnali redaktori Walter Isaacsondan uning hayotligi vaqtida uning biografiyasini yozishni iltimos qiladi. Ushbu g’ayrioddiy talant egasining hayotini 40dan ortiq odamlar bilan qilingan intervyular, tarixiy malumotlar, Steve Jobs bilan suhbatlar asosida Walter Isaacson uning o’limidan keyin chop etdi.

Bu kitobni boshida faqatgina Steve Jobsning hayotini bilish, u qanday qilib budarajadagi buyuklikka erisha olgani, dunyoning eng katta brendi “Apple” nimaevaziga bu darajaga erishganligini bilish uchungina o’qiy boshladim. Bu kitobbizga qanday qilib bir inson o’z aqliy istedodi evaziga dunyoni o’zgartiraolishini ko’rsatadi. Stiv Jobs kerakli vaqtda boshqalardan farqli ravishdaajoyib imkoniyatlarni payqay olganligi uchun ham bu narsalarga erishganligihaqida hikoya qiladi kitob. U hech kim jamiyatdagi pessimizm oldida odimlayolmayotganda, butun hayoti davrida odimlashda davom edi, kelajaknihammadan oldin ko’rdi.

Biz kitobda aynan bir sohada bir-biriga butunlay qarshi ikki g’oya hammuvaffaqiyatlarga erisha olishi mumkinligini bilib olamiz. Steve Jobs va BillGates doim turli xil dunyoqarashlarga, turli xil bir-biriga qarshi nazariyalargaega bo’lishgan bo’lsada, o’z sohalarida mislsiz yutuqqa erishishdi, dunyoularni tan oladi. Ikkalasi doim birining tutgan yo’lini noto’g’riligini takidlabkelgan bo’lsada, yakunda ikkala yo’l ham o’zini oqladi va ikkala daho hambunga tan berishdi.

Bu kitobdan muvaffaqiyat proyektdan ko’ra uni amalga oshirayotgan insonga bog’liqligini, eng muhimi ijrochilar ekanligini yana bir bor anglab yetdim.

Bu kitobning yana bir qiziqarli tomoni, nafaqat bu buyuk insonning dunyosigakirib borish, kashf etish, balki zamonaviy daholarning o’ylash uslubi, ularningmuvaffaqiyati sirini anglab yetishdir.

Dunyoda hamma ham muvaffaqiyatsizlikka uchrashi, hayotda qoqilishimumkin. Lekin, insonning qanchalik buyukligini u shu muvaffaqiyatsizlikdanqanday chiqishi, undan qanday xulosalar chiqarishi ko’rsatadi aslida. Hattobuyuk insonlar ham hayotda qoqiladi, lekin ular har safar yanada kuchliroqbo’lib bosh ko’tarishadi. Steve Jobs o’zi yaratgan Apple kompaniyasidanchetlatilganida qanday holatga tushganligi va yetuk mahorat bilan jaryoqasidagi “Apple”ga qaytib kelib uni dunyoning eng yirik kompaniyalaridanbiriga aylantirganligi insonni lol qoldiradi.

Demak, hayotimdagi har bir muvaffaqiyatsizligimiz ham yaxshilikka ekan, hammasi ham o’tkinchi. Muximi biz bundan qanday xulosa chiqara olishimiz, o’z xatolarimizdan o’rganishimizdir.

Yana hayotda eng muhimi bu o’zing ishongan narsalarga boshqalarni ham ishontira olishdir.Steve Jobs o’z ishchilarini doim imkonsiz narsalarni amalga oshirishga ishontira olgan. Hamma hatto xayoliga ham sig’dira olmaydigan narsalarni “Apple” ning ajoyib jamoasi muvaffaqiyat bilan amalga oshirgan.Jobs ning o’zi ham imkonsiz narsaning o’zi yo’qligiga doim ishongan. Shu uchun ham bundan 15 yil oldin hatto xayolimizga sig’ira olmagan “Ipod”, “Iphone” va “Ipad” lar bugun hayotimizning ajralmas bir qismiga aylandi. Steve Jobs ushbu narsalarni yaratishni xayol qilganda, ularning imkonsizligi haqida hatto o’ylab ham ko’rmagan. Keyingi safar bu narsani qila olmiyman, bu narsa men uchun qiyin, buni imkoni yo’q deyishdan oldin yaxshilab o’ylab ko’radigan bo’ldim kitobni o’qigandan so’ng.

“Apple”ning muvaffaqiyatlarining asosi aslida Steve Jobsning go’zallikka bo’lgan muxabbatidadir. U har doim nimadir yaratganda go’zallik birlamchi o’ringa chiqqan. Shu uchun ham “Apple”ning tovarlari doim o’zining elegantligi, gozalligi, ajoyib dizayni bilan boshqa har qanday kompaniyaning tovarlaridan ustun  bo’la olgan. Jobs hayotda nima qilmasinki, uni sodda va go’zal, kamtarona qilishga harakat qilgan.

Ushbu kitobning yana bir qiziq tomoni bu Steve Jobsni boricha talqin qilinganligidir. Aslida, Steve Jobs hammamiz kabi oddiy inson bo’lganligi, u ham hayotdagi kamchiliklardan holi bo’lmaganligi, hayotda ideal inson aslida yo’qligining yana bir isbotidir. Muximi har qanday lahzada hayotdan go’zallikni izlash, ishtiyoq va mehnat insonni baxt sari eltishi mumkinligiga Jobsning hayoti yorqin misol bo’la oladi.

Menimcha, ushbu kitob nafaqat biznesga endi qadam qo’yayotgan tadbirkorlar, balki tajribali tadbirkorlar, rahbarlar, dizaynerlar, umuman hammamiz uchun ajoyib “hayot darsidir”.

  1. Paulo Kaelio: Al Ximik (Al-Kimyogar)

Ko’plab o’qilgan kitoblarni orasidan aynan uchinchisini tanlash qiyin bo’ldi. Deyl Karnegi, Nil Strauss, Robert Pauzen kabi bir necha psixolog va yozuvchilarning asarlari orasidan ko’p o’ylab ko’rib oxiri Paulo Kaelioning “Al-Kimyogar” asariga to’xtadim.

“Al ximik” kitobini o’qib chiqishimni bundan yetti yil oldin bir tanishim maslaxat bergandi. O’shanda bu kitobni o’zbek tilida xuddi bir ertakdek o’qib chiqqandim. O’shanda kitob menga u darajada katta tasir o’tkazmagandi. Undan keyin bu kitob yana uch marta o’qildi va har safar kitobni ta’siri ortib bordi. So’nggi marotaba fransuz tilida kitobni ishxonamdagi hamkasb qizlardan birining qo’lida ko’rib qoldim va u tugatgandan so’ng so’rab olib yana bir marta o’qib chiqdim va jahon adabiyotining ushbu durdonasi yana bir bor meni qoyil qoldirdi.

Andaludagi oddiy cho’pon Santiagoni hayotida sodir bo’lib turgan voqealarni ko’rib xuddi o’zimni hayotimni ko’rganday bo’lar, hayotda keyingi qadamni tashlashga yanada ishtiyoqim ortib borardi. Asardagi har bir go’zal iborani evernotega (kompyuter, planshet va telefonlarda bloknot yoki kundalik vazifasini bajaruivchi dastur) yozib borardim. Hali biror kitob o’qib bunchalik ko’p dono iboralani qayd etib qo’ymagandim.

O’zligini anglash uchun asar qahramonining dunyoni butunlay bir boshqa burchagiga borib o’zligini izlashi, hayotda imkoniyatlar qadamba-qadam ochilib borishi hayotimdagi ko’plab masalalarda meni ko’zimni ochdi.

Kitobda o’z yuragini eshitishni o’rgangan Santiago o’z orzusi sari dadil qadam tashlaydi, bu qadam hayotda unga tavakkal qilishni, bir bosqichda qotib qolmaslikni, o’z “shahsiy afsonasi” sari odimlashni o’rgatadi.

“Shaxsiy afsona” bu ko’nglimiz tubida doim orzu qilgan xoxlagan narsamizdir. Hayotda haqiqiy baxtga erishish uchun uni amalga oshirishimiz shartdir. Shundagina hayotimiz haqiqiy mazmunli bo’ladi:

“Sen yo’lingda har bir o’rgangan narsang, harakating mazmunga ega bo’lishi uchun albatta izlagan xazinangni topishing kerak”.

Hayotda har bir insonning eng katta, umrida erishishi kerak bo’lgan nuqta, yagona orzusi bo’lishi kerak, qolgan har bir harakat, har bir qadam bizni shu orzu sari eltishi kerak. Hayotda tug’ilib, ishlab, tirikchilik qilib, oila boqib o’lib ketish uchun yaratilmaganmiz. Yashashdan albatta maqsadimiz bo’lishi kerak; Tug’ildikmi, demak o’zimizdan biror nima qoldirish kerak. Kitobni o’qib turib o’zimga bir necha marotaba savol berdim: “Menchi? Men dunyoga nima uchun kelganman? Xudo meni nima uchun yaratdi?”

Hayotda hech narsa tasodif bo’lmaydi. “Baxtli tasodif” bu bo’lmagan narsa, bir narsaga erishdikmi, demak biz shunga munosibmiz. Hayotdagi tasodiflar hammasi bizni orzuyimiz tomon eltuvchi hayot yo’llari, taqdir yo’llari. Bu tasodif shunchaki hayotdagi xoxishimizning amalga oshishidir. Men uchun kitobdagi eng ta’sirli iboralardan aynan biri shu bo’ldi: “Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat barqaror: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tug‘iladi va ayni shuning o‘zi sizning Yerda mavjudligingiz tasdiqi, sizning taqdiringizdir”.

Bu kitob bizga aynan shuni o’rgatadi. Kitobni o’qib turib hayotda imkonsiz narsaning o’zi yo’qligini, hamma narsa o’z qo’limda ekanligini tushindim yana bir bor.

Bu meni hayotimga eng ko’p tasir o’tkazgan uch kitobdir. To’g’ri, bu kitoblarni o’qib turib Xenk Reardendek mehnatsevar, Steve Jobsdek aqlli, Santiagodek tirishqoq insonga aylanmagandirman. Lekin, muximi hayotimni shulardan olgan ta’lim evaziga yaxshilayt oldim, o’zimni yanada baxtli his qila boshladim, orzularimga erishish ishtiyoqi yanad oshdi, yashashdan maqsadim nima ekanligini anglab, shu sari intila boshladim. Muximi shu emasmi?!

Boshqa o’zbek bloggerlari va ziyolilarini ham aynan shu narsaga chorlayman. Xo’sh, sizni hayotizda eng ko’p ta’sir ko’rsatgan uch kitob qaysilar?

manba: kashfiyot.blogspot.com muallif: blogger Firuz Allaev

Вам может понравиться

Добавить комментарий