Google.ru dan izlash sirlari

Internetdan asosan yangiliklardan boxabar bo‘lish, pochtadan foydalanish va kerakli ma’lumotlarni izlash uchun foydalanamiz. Ma’lumot qidirish deganda ko‘pchilik Google ga kirishni tasavvur qiladi. Bu bejiz emas, chunki u – eng keng tarqalgan qidiruv sayti. Shunday ekan, keling, ushbu saytda ishlashni yaxshilab o‘rganamiz.
1. Qidiruvdan istisno qilish
Qidirishga berayotgan topshiriqdan nimanidir, masalan, biror so‘z, ibora, belgi yoki boshqa narsani mustasno qilmoqchi bo‘lsangiz, uning oldiga «-» (minus) belgisini qo‘yishingiz yetarli. Misol uchun, qidiruv satriga «adabiyot -detektiv» iborasini kiritsam, qidiruv natijasida birorta «detektiv» so‘zi chiqmaydi, tabiiyki, pullik reklama e’lonlaridan tashqari.
2. Sinonimlarni ham izlash
«~» belgisi yordamida tanlangan so‘zning sinonimlarini ham qo‘shib qidirish mumkin bo‘ladi. To‘g‘ri, bu funksiya hozircha o‘zbek tilidagi so‘zlarga joriy etilmagan. Lekin rus yoki ingliz tilida qidirsangiz, bemalol. Masalan, «~good day» iborasini yozsak, Google bizga «good» so‘zining sinonimi yoki ma’nodoshi qatnashgan saytlarni ham ko‘rsatadi.
3. Noaniq qidiruv
Agar qidirish uchun kerak bo‘lgan kalit so‘zni aniq belgilay olmagan bo‘lsangiz, «*» operatori yordam beradi. Masalan, sizga XX asr adabiyoti haqida ma’lumot kerak. Turli xalqlar adabiyotini taqqoslamoqchisiz. Har bir xalq adabiyoti uchun alohida buyruq kiritib o‘tirishning hojati yo‘q. «XX asr * adabiyoti» jumlasini qidiruvga bersangiz, «yulduzcha» o‘rniga turli nomlar, jumladan xalqlar nomlari qo‘yilgan saytlar sizga havola qilinadi.
4. Berilgan variantlardan istalganini qidirish
«|» operatoridan foydalanib, Google da u yoki bu so‘zlarni o‘zgartirgan holda, bir necha xil so‘zlar birikmalari bo‘yicha qidiruvni amalga oshirish mumkin. Misol uchun, «tort | somsa pishirish» iborasini kiritsak, qidiruv natijasida «tort pishirish» hamda «somsa pishirish» jumlalari mavjud saytlar namoyon bo‘ladi.
5. So‘z ma’nosi
Ba’zida bir so‘zning nima ma’no anglatishini bilmay qolamiz, ayniqsa ilmiy, texnikaviy atama bo‘lsa. Shunda qidiruv satriga «define:» so‘zini kiritib, ikki nuqtadan keyin ma’nosini bilmoqchi bo‘lganimiz atamani kiritamiz.
6. Aniq mos kelish
Ba’zida ikki va undan ko‘p so‘zlarni qidiruv satriga yozsak, Google ushbu so‘zlar qatnashgan saytlarni topishga topadi-yu, lekin bu so‘zlarning biri saytning u chetida, ikkinchisi bu chetida bo‘lishi ham mumkin. Qidirlayotgan so‘zlar aynan ketma-ket kelishi talab etilsa, ya’ni, biz terganimizga aniq mos kelishini istasak, so‘zlarni qo‘shtirnoq ichiga olishimiz kerak.
7. Muayyan saytdan qidirish
Kalit so‘zlarni faqat bitta, muayyan saytdan qidirish uchun qidirilayotgan so‘zlardan oldin «site:» qo‘shimchasini kiritish talab etiladi.
8. O‘lchovlar konverteri
Google foydalanuvchining talabiga binoan o‘lchovlarni biridan ikkinchisiga o‘girishni ham amalga oshiradi. Masalan, bizda og‘irlikni kilogrammlarda o‘lchasak, Angliyada funtlarda o‘lchashadi. Funtlarda berilgan miqdor necha kilo bo‘lishini bilish uchun Google ga «murojaat» qilamiz.
9. Aniq vaqtni belgilash
«time:» so‘zi yoki uning ruscha tarjimasi – «vremya:»ni kiritib, ketidan kerakli shaharni yozsangiz, zarur shaharda aniq vaqt ko‘rsatiladi.
10. Google – kalkulyator
Google ni faqat qidiruv sayti deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. U arifmetik hisoblashni ham biladi. Qidiruv satriga biror misol yozing, u zudlik bilan yechib beradi.
11. Fayl turi bo‘yicha izlash
Aynan bir turdagi faylda saqlangan ma’lumot qidirayotgan bo‘lsangiz, Google da «filetype:» operatori bor, u berilgan formatdagi fayl bo‘yicha qidiruvni amalga oshiradi.
12. Ob-havo ma’lumoti
Ha, Google sizga ob-havo haqida ham tezkor xabar berishi mumkin. Buning uchun to‘g‘ri so‘ray bilish kerak. «weather:» va kerakli shahar nomi yozilsa, bas.
13. Tarjima
Google da alohida «Perevodchik» – «Tarjimon» servisi borligini bilamiz. Lekin, qidiruv sahifasining o‘zida kerakli so‘zlarni tarjima qilib olishning iloji ham bor. Buning uchun «translate [so‘z] into [til]» operatoridan foydalanamiz.

Manba: superjava.lark.ru

Вам может понравиться

Добавить комментарий