Fir’avnlar ruhining makoni

Nil daryosida suzishga muvaffaq bo’lgan sayyohlar safarlari davomida daryo vodiysida yashnagan dalalar va xurmo daraxtlari uzoq-uzoqlarda quruq va issiq cho’llar bilan almashinishiga guvoh bo’ladilar. Nil daryosidan g’arbda shakli bir xil, ya’ni cho’qqisimon bo’lgan tepaliklar ko’zga tashlanadi. Mazkur tepaliklar Qohiradan Fayum vohasigacha bir necha o’n kilometrga cho’zilib ketgan. Qadimgi Misr tuproshda yaratilgan ushbu mo’jizalar – ehromlar bo’lib, ular turli vaqtlarda fir’avnlar tomonidan sag’ana maqsadida bunyod etilgan. Har bir fir’avn o’ziga ehrom barpo etish bilan go’yoki hayotdan ko’z yumganidan keyin ruhining abadiy yashashi uchun makon yaratgan.

Gizadagi Buyuk ehromlar.

Miloddan avvalgi 2630-2612 yillarda Sakkarada fir’avn Joser tomonidan qurilgan ehrom eng birinchi qurilgan inshoot hisoblanadi. Joser ehromi keyingi qurilgan bir qancha ehromlardan farqli o’laroq, zinapoyasimon shaklga ega. Undan keyingi ikkita inshoot fir’avn Snofru tomonidan miloddan avvalgi 2612-2589 yillarda Daxshurda bunyod etilgan.

Hozirgi vaqtda Misrda o’lchamlari va bunyod etilgan vaqtiga ko’ra bir-biridan farq qiluvchi 118 ta ehrom aniqlangan. Ammo Misr ehromlari deganda, avvalo Qohira yaqinidagi Giza shahrida joylashgan fir’avnlar Xeops, Xafra va Menkaur tomonidan qurilgan Buyuk ehromlar nazarda tutiladi.

Buyuk ehromlar Joser ehromidan farqli ravishda zinapoyasimon emas, balki qat’iy geometrik piramida shakliga ega. Bu ehromlar IV fir’avnlar sulolasiga tegishli bo’lib, ularning devori 51-53° burchak ostida ko’tarilgan. Ehromlarning to’rtta chekka qirralari gorizont tomonlariga qarab aniq belgilangan. Xeops ehromi ulkan tabiiy qoya ustida qurilgan bo’lib, qoya bu inshootning asosini tashkil etadi.

Buyuk ehromlardan eng yirigi – Xeops ehromining dastlabki balandligi 146,4 metrni tashkil etgan. Ammo inshootning ustki qismidagi tosh qoplami yemirilib ketgani bois, uning balandligi hozirgi vaqtda 138,8 metrni tashkil etadi. Misrga ilk bor tashrif buyurgan yevropalik sayyohlar Xeops ehromini «qo’lda yaratilgan tog’», deb atashgan. Ehrom miloddan 2600 yil avval qurilgan bo’lib, asos tomonlarining uzunligi 230 metrni tashkil etadi. Taxminlarga ko’ra, inshoot 20 yil davomida bunyod etilgan. U o’ta mohirlik bilan terilgan 2 million 300 ming dona tosh bo’lakl aridan tashkil topgan. Shunisi e’tiborliki, ehromlarni bunyod etishda sement yoki boshqa bog’lovchi qorishmalardan foydalanilmagan.

Ehromga ishlatilgan tosh bo’laklarning o’rtacha og’irligi 2,5 tonna, «Shoh xonasi»dagi granit bo’laklarining og’irligi 80 tonnagacha yetadi. Ehromdagi ba’zi xonalar hamda ularga olib boruvchi yo’laklarni hisobga olmaganda, mazkur ishpootning ichi yaxlitdir.

Snofru ehromi.

Gizadagi ehromlarni birinchi bo’lib tasvirlagan qadimgi zamon tarixchisi Gerodotning yozishicha, Xeops ehromini bunyod etishda 100 mingdan ortiq kishi mehnat qilgan. Hatto, dehqonlar dala ishlaridan bo’sh vaqtlarida ehrom qurilishida ishtirok etishgan. Chunki, ehrom qurilishida ishtirok etish – qadimgi Misrda davlat solig’ini to’lash bilan barobar umummajburiyat bo’lgan. Ehromlarni bunyod etishda yollanma ishchilar ham qatnashgan. Qurilishda bir vaqtning o’zida 10 mingdan ortiq kishi ishlab, ular har uch oyda almashtirilgan.

Xafra va Menkaur ehromlari Xeopsning vorislari tomonit dan bunyod etilgan. Ular Xeops ehromidan birmuncha kichik: Xafra ehromining balandligi -143,5 metr, Menkaur ehromi – 65,5 metr bo’lgan. Xafra ehromi Buyuk Sfinks va Xeops ehromi bilan yonma-yon joylashgan bo’lib, u kattaligi bo’yicha Xeops ehromidan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Miloddan 2550 yil avval qurilgan Xafra ehromi (asosining o’lchami 215,3×215,3 m., balandligi 143,5 m.) «Urt-Xafra», ya’ni «Buyuk Xafra» nomini olgan.

Menkaur ehromi Gizadagi eng janubda joylashgan, eng kech va past qurilgan ehromdir. Unga «Xuru» (baland) deb nom berilganiga qaramasdan, balandligi atigi 66 metrni tashkil etadi, asosining tomonlari 108,4 metrga teng.

Xafra ehromi va Sfinks haykali.

Ehromning hajmi 260 000 m3 bo’lib, Xeops ehromi hajmining o’ndan bir qismini tashkil qiladi. Menkaurning barpo etilishi bilan Misrda yirik ehromlar qurish davri tugagan.

Xafra ehromi yaqinidagi cho’lda qumlikdan balandligi 20 metr, uzunligi – 60 metr bo’lgan tepalik qad ko’targan. Tepalikka yaqinlashib, butunlay qoyada o’yib ishlangan haykalni ko’rish mumkin. Bu mashhur Sfinks – boshi odamniki bo’lgan yerda yotgan ulkan sherning haykalidir. Cho’l aholisi mazkur haykalni «vahimaning otasi» deb atashadi. Chunki, kechasi oy nurida ushbu haykalning uzoq-uzoqlarga tushadigan soyasi kishini vahimaga soladi. Haykalning boshidagi faqat fir’avnlar bog’laydigan bog’ichga ko’ra, olimlar ushbu inshootni fir’avn Xafraning haykali, Sfinks esa mazkur fir’avn dahmasi bilan bog’liq bo’lgan qurilmalar majmuiga kiradi, deb hisoblashadi.

Ehromlar ichida kishi e’tiborini tortadigan yana bir inshoot – fir’avn Snofru tomonidan 2600 yil avval qurilgan Singan ehromdir. Uning boshqa ehromlardan farqi – nostandart shakli, ya’ni ma’lum bir balandlikda og’ish burchagining keskin o’zgarganidadir. Mutaxassislarning fikricha, bunga asosiy sabab, ehrom qurilishi davom etayotgan bir paytda fir’avn vafot etgan. Inshootni tezroq tugatish maqsadida uning qirralarining og’ish burchagi 54°31` dan 43°21` gacha o’zgartirilgan. Shu sababli, mazkur ehromning tepa qismi uzoqdan xuddi singanga o’xshab ko’rinadi.

Ehromlar ichida o’ziga xos jiloga ega bo’lgan inshoot – Pushti ehrom. Fir’avn Snofru tomonidan Daxshurda miloddan 2640 yil avval bunyod etilgan mazkur inshoot o’z vaqtida dunyodagi eng baland ehrom bo’lgan. Chunki, Xeops ehromi undan 30-40 yil keyin qurilgan. Hozirda ushbu inshoot hajmiga ko’ra faqat Xeops va Xafra ehromlaridan keyingi o’rinda turadi. Pushti ehromning o’ziga xos tomoni, u birinchi «haqiqiy», ya’ni qat’iy piramida ko’rinishga ega bo’lgan inshoot hisoblanadi. Tomonlari uncha tik emas (43°36′), asosining tomonlari – 218,5×221,5 metr, balandligi — 104,4 metrga teng. Ehromning nomi uni qurishda ishlatilgan ohaktosh bo’laklari bilan bog’liq bo’lib, ushbu toshlar botayotgan quyosh nurida pushti rangda tovlanadi.

Misrda faqat fir’avn – «Quyoshning o’g’li»gina bunday ulkan dahmaga ega bo’lishi mumkin edi. Boshqa taniqli kishilar esa o’zlariga tog’ qoyalarida o’yib yoki g’ishtdan uncha katta bo’lmagan dahma qurishgan. Mazkur obidalarda qadimgi Misrdagi oddiy kishilarning kundalik hayoti – ekin ekish, hosilni yig’ish, hunarmandlar, ovchilar, Nil daryosida kemada suzish, jangchilar kabi manzaralar toshga o’yib ishlangan.

Misr ehromlari – qadimgi dunyo mo’jizalari ichida eng qadimgisi hamda bizgacha yetib kelgan yagona inshootlardir. Qariyb 4000 yil oldin inson tomonidan barpo etilgan mazkur ulkan obidalarni ko’rib, hayratlanmaslikning iloji yo’q. Mahobati, ulug’vorligi va sirliligi bilan ehromlar haligacha butun dunyo ahlini lol qoldirib, qadimgi Misr va unda yashagan fir’avnlar hayotidan darak berib kelmoqda.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий