Eng boy tillar

Dunyodagi so‘z jihatdan eng badavlat tillar bular arab va ingliz tillari bo‘lib, inglizlarning hisobida 2500000 (ikki yarim million)dan oshiq so‘z bo‘lsa (qarang: Paxotin A.I. «112 otvetov na vashi voprosы ob angliyskom yazыke». Moskva. 2005.), arab tilida esa 3500000 (uch yarim million)dan ortiq lug‘at boyligi bor (Bu ma’lumotni menga ustozim marhum Muzaffar Xo‘jaev bergan). O’zbek tilida taxminan 1400000-1600000 atrofida so‘z bor ekan (bu raqam yuqoridagi ma’lumotlar va shaxsiy tajribamga suyangan holda berilmoqda). Biz yuqorida keltirgan hozirgi ma’lumotlar, albatta, ko‘proq ijtimoiy sohalar bo‘yicha nisbatan olingan xolos.

A.I.Paxotinning so‘zlariga qaraganda, kimyo faniga oid atamalarning o‘zi 2000000 (ikki million)dan ziyodroq ekan. Endi o‘ylab ko‘ring, biologiya yoki matematikada yoxud fizikada qancha ilmiy atamalar bor ekan-a!?

Tilshunoslik fanidan ma’lumki, qaysi tilda «sinonim» – «ma’nodosh» so‘zlar ko‘p bo‘lsa, o‘sha til eng boy til hisoblanadi. Shuningdek, qaysi tilda «omonim» – «shakldosh» so‘zlar ko‘p uchrasa, demak o‘sha til eng kambag‘al tillar sirasiga mansub deya yuritiladi. Masalan, shimoliy qutbda yashaydigan eskimos qabilasiga mansub millat tilida «qor» so‘zining yigirma xil sinonimi mavjud bo‘lsa, arab tilida «cho‘l» so‘zining yuzdan ortiq varianti bor. Sinonim so‘zlar aslida arab tilida eng ko‘p uchraydi.

Omonim so‘zlarga misol sifatida o‘zbek tilidagi birgina «til» so‘zini tahlil qilish orqali tilshunoslikdagi bu muammoga ancha-muncha aniqliklar kiritish mumkin. Chunonchi, o‘zbekchada «til» so‘zi bir paytning o‘zida ikki xil ma’noni anglatib keladi:

1.O’rganiladigan til fani.
2. Odamning yoki boshqa tirik mavjudotning tili.

Bu vaziyatni boshqa tillar timsolida ham ko‘rib o‘tsak bo‘ladi, zero, rus tilida ham «til» so‘zi xuddi o‘zbekchadagi kabi omonim ekanligi ma’lum bo‘ladi: – 1. Russkiy yazыk – Rus tili. 2. Yazыk cheloveka – Odamning tili. «Til» so‘zi arab va ingliz tillarida esa, aksincha, sinonim hisoblanadi. Masalan, arabchada «lug‘atun» – «o‘rganiladigan til»ni ifodalab kelsa , «lisaanun» – «tirik mavjudotning tili»ni anglatadi. Ingliz tilidagi «language» – «o‘rganiladigan til»ni bildirsa, «tongue» – tana a’zosi bo‘lmish «til» deb tarjima qilinadi.

Вам может понравиться

Добавить комментарий