Energetiklar: ularning zarari bormi?

Bugun yoshlar orasida turli energetik ichimliklar urfga kirgan. Ularning inson salomatligi uchun zarari yo`qmi? — Energetik ichimliklarning haddan ortiq iste`moli kishi salomatligi uchun salbiy ta`sir qilishi, shubhasiz.

Birinchidan, bu turdagi ichimliklarni bir kunda ko`pi bilan ikki banka iste`mol qilish mumkin xolos. Me`yordan ziyodi arterial bosimni oshirib, qondagi shakarning ortishiga olib keladi. Yurak-qon tomir, gipertoniya singari xastaliklari bor kishilar energetiklarni umuman ichmaganlari ma`qul.

Ikkinchidan, energetiklardagi vitaminlar organizmimiz uchun zarur bo`lgan multivitamin kompleksning o`rnini bosa olmaydi. Qolaversa, energotonik kishiga quvvat bermaydi, aksincha organizmning ichki rezervi ishlatilishini faollashtiradi. Natijada, kishi ichimlik ta`siri o`tgach charchoq, uyqusizlik, asabiylik va tushkunlik kabi holatlar paydo bo`ladi. Ko`pgina quvvat beruvchi ichimliklarda uchraydigan V vitamini ko`pligi tufayli iste`molchida vaqt o`tishi bilan yurakning tez urishi, bo`g`inlarda uvishish kabi holatlar paydo bo`lishi mumkin.

Uchinchidan, energetikdagi kofein kishini o`ziga o`rgatib qo`yishi, oqibatda asab tizimi kasalliklarini keltirib chiqarishi bilan ham xavfli. Quvvat beruvchi ichimlikning ta`siri 3-5 soat davomida saqlanib, keyin organizm dam olishi shart. Jumladan, sport bilan shug`ullanuvchilarning mashg`ulotlardan so`ng, odatda, siydik haydash xususiyatiga ega energetik iste`mol qilishi mumkin emas.

To`rtinchidan, energotoniklarning me`yoridan ortiq iste`moli organizmda taxikardiya, psixomotor qo`zg`alish, asabiylik va tushkunlik kabilarning surunkali tus olishiga sabab bo`lishi mumkin.

Вам может понравиться

Добавить комментарий