Dunyoning eng yaxshi razvedkalari

Razvedka va kontrrazvedka tashkilotlari agentlaridan hamma hayiqadi, ularnig ismlari har doim sir tutiladi. Bunday tashkilotlar haqida ma’lumot kam bo’lsa-da, bir narsa aniq: ular o’z mamlakatlari xavfsizligi va manfaati yo’lida xizmat qiladilar.

HRB (Hindiston)

Hindiston razvedka birlashmasi – tashqi va ichki razvedka bo’linmalarini birlashtirgan, mamlakat milliy manfaatlarini himoya qiluvchi eng kuchli tashkilot.
Bir paytlar HRB sobiq Sovet Ittifoqi va Isroil razvedkalari bilan juda yaqin aloqalari tufayli g’arb razvedkachilarining muttasil e’tiborida bo’lgan. Biroq KGB hindlar bilan kutilgan darajada samarali ishlay olmadi: sovetlar Hindistonni moliyaviy jihatdan anchagina qo’llab-quvvatlaganiga qaramay, kommunistik partiyaning ushbu mamlakat rahbariyatiga ta’sirini uzoq saqlab qolishning iloji bo’lmadi. Nima bo’lgandayam, mutaxassislar HRB ancha paytgacha Sovet Ittifoqining nog’orasiga o’ynaganini aytishadi.
Hindiston razvedka birlashmasi ichki, tashqi, harbiy va iqtisodiy razvedka xizmatlarini o’zida jamlagan tashkilot hisoblanadi. Tashqi razvedka agentligi 1971 yilda Bangladesh davlatining tashkil topishida katta rol o’ynagan. Agentlik o’sha paytda Sharqiy Pokiston deb ataladigan Bangladesh aholisi orasida hukmron tuzumga nisbatan norozilik kayfiyatini kuchaytirgan va bu Bangladesh partizan armiyasi shakllanishiga turtki bergan.
Tashqi razvedka tarkibiga kiruvchi Tadqiqot va tahlil bo’limi ayniqsa juda mashhur. Bo’limga 1968 yilda, hukumatga Indira Gandi kelganidan keyin asos solingan va uning birinchi boshlig’i etib R. N. Kao tayinlangan. Tadqiqot va tahlil bo’limi Pokiston va boshqa qo’shni davlatlar haqida razvedka ma’lumotlarini to’plash va josuslik qilish bilan shug’ullanadi.
Tadqiqot va tahlil bo’limining tuzilmasi, shaxsiy tarkibi, byudjeti va shtati davlat siri sanaladi va hatto parlamentga ham oshkor etilmaydi.

AMRA (Avstraliya)
1952 yilda tashkil etilgan Avstraliya maxfiy razvedka agentligining asosiy vazifasi g’arbiy Tinch okeani hududida ma’lumot to’plash va tahlil qilish, bosh ko’targan tinch aholiga ta’sir ko’rsatish va terrorchilikka qarshi kurashishdan iborat. AMRAning Britaniya razvedka xizmati – MI-6 prinsipi bo’yicha tashkil etilgani hyech kimni hayratga solmasa kerak. E’tiborlisi, Avstraliya razvedka xizmati xodimlarining vakolati juda cheklangan.

PIR (Pokiston)

Pokiston idoralararo razvedkasi dunyodagi eng yaxshi tashkillashtirilgan razvedkalardan biri sanaladi. Buning ajablanarli joyi yo’q. Pokiston bir necha marta qo’shni davlatlar bilan qurolli nizolarga kirishgan va bu davlatda milliy xavfsizlikni ta’minlashga juda katta e’tibor qaratiladi.
Pokiston idoralararo razvedkasini ko’pincha «davlat ichidagi davlat» deb ham atashadi. AQSh hukumati uni bir necha bor terrorchilar bilan hamkorlik qilishda ayblagan. Ammo 11 sentyabr voqyealaridan keyin PIR amerikaliklarning Markaziy Razvedka Boshqarmasi bilan terrorchilikka qarshi kurashishda yaqin hamkorlik qila boshlagan.
Pokiston razvedkasi va kontrrazvedkasining asosiy idorasi bo’lmish PIRga 1948 yilda asos solingan. Uning shtab-kvartirasi Islomobodda joylashgan.
1980 yilda PIR o’sha paytdagi mamlakat prezidenti Muhammad Ziyo ul-Haqni ag’darishga qaratilgan fitnaning oldini olgan. Fitnaga yuqori martabali harbiylar ham bosh qo’shgan bo’lib, ularning maqsadi Pokistonda qonli to’ntarishni amalga oshirish bo’lgan.

FRX (Germaniya)

Germaniyaning tashqi razvedka bilan shug’ullanuvchi Federal razvedka xizmati o’z tarixi mobaynida ko’plab muvaffaqiyatli operasiyalarni amalga oshirgan. U bir qator xorijiy davlatlarga o’z ta’sirini o’tkaza oladigan kuchli tashkilot sifatida e’tirof etiladi.
FRXning shtab-kvartirasi Myunxen yaqinida joylashgan bo’lib, 2014 yilda uni Berlinga ko’chirish rejalashtirilgan. Uning dunyo bo’ylab 300 ga yaqin filiallari bor. Federal razvedka xizmatida 7 mingga yaqin xodim mehnat qiladi va ularning 2 ming nafari chet ellarda razvedka ma’lumotlari to’plash bilan shug’ullanadi. 2009 yilgi ma’lumotga ko’ra, FRXning yillik byudjeti 460 million yevroga teng.
FRX kuchli tashkilot bo’lsa-da, kulgili vaziyatlarga tushib qolgan paytlari ham bo’lgan. Masalan, 1997 yilda razvedka xizmati rahbariyati «Men FRXni sevaman» degan maxsus nishon chiqardi. Bu nishonlar sotuvidan tushgan mablag’ga xizmat xodimlarining farzandlari uchun bog’cha qurish mo’ljallangan edi. Qizig’i, Myunxendagi deyarli barcha razvedkachilarning farzandlari «Men FRXni sevaman» degan nishonni taqib olgan edi…

Maxfiy razvedka xizmati
(Buyuk Britaniya)

Maxfiy razvedka xizmatiga (yoki MI-6) 1909 yilda asos solingan bo’lib, u tashqi razvedka bilan shug’ullanadi. Aynan shu xizmatda eng zamonaviy qurollar, eng tez yuradigan mashinalar, eng antiqa josuslik qurilmalari, eng chiroyli ayollarni uchratish mumkin. Qizig’i, Buyuk Britaniya rahbariyati 1994 yilgacha Maxfiy razvedka xizmati mavjudligini inkor qilib kelgan.
11 sentyabr voqyealaridan oldin ham MRX AQShning MRB bilan yaqindan hamkorlik qilib kelgan. MRX va MRB 1961 yili Kongoda, 1953 yili Erondagi davlat to’ntarishlarida ishtirok etgan.

Qiziqarli faktlar

– KGB agenti Kim Filbi MRX boshlig’i bo’lishiga bir bahya qolgan.
– Mashhur yozuvchilar Somerset Moem va Grem Grin bir paytlar MRXda xizmat qilgan.
– Maxfiy razvedka xizmati «6» raqamining ma’nosini hyech qachon tushuntirib bermagan.

MRB (AQSh)

Markaziy Razvedka Boshqarmasini dunyodagi eng mashhur razvedka xizmati deyish mumkin. Unga 1947 yilda asos solingan.
Boshqarmaning uchta asosiy vazifasi bor:
– xorijliklar haqida ma’lumot to’plash va uni tahlil qilish;
– targ’ibot va jamoatchilik fikrini shakllantirish;
– prezident xavfsizligi bilan bog’liq maxfiy operasiyalarni amalga oshirish.
Sovuq urush davrida MRBga katta imkoniyatlar berilgan, AQSh hukumati buni KGBga qarshi kurashish uchun zarur deb bilar edi.
1951-1953 yillarda MRB inson ongini boshqarish bilan bog’liq tajribalar o’tkazgan. Bundan maqsad yangi inson shaxsiyatini (yoki shaxsiyatlari) yaratish va xotirani almashtirish usulini topish edi. Buning uchun odam miyasiga masofadagi uzatkichlardan boshqariladigan elektrodlar o’rnatilgan, xotirani o’chirish uchun esa elektroshok ishlatilgan.
MRBning ayrim mashhur operasiyalari
PBSUCCESS operasiyasi – 1954 yilda Gvatemala prezidenti Xakobo Arbensni ag’darish uchun o’tkazilgan.
«Qaqnus» operasiyasi – Janubiy Vyetnam maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda Janubiy Vyetnam Milliy ozodlik frontining siyosiy tuzilmalarini yo’q qilish uchun o’tkazilgan.
«Siklon» operasiyasi (Operation Cyclone) – Afg’onistondagi urush davrida (1979-1989) mujohidlarni qurollantirish uchun o’tkazilgan. MRBning eng uzoq davom etgan va eng qimmat operasiyalaridan biri. Avval yiliga 20-30 million dollar sarflangan ushbu operasiyaga 1987 yilda 630 million dollar ajratilgan.

Bosh razvedka boshqarmasi (Rossiya)

Rossiya razvedkasi haqida gap ketsa, odatda hammaning xayoliga KGB keladi. O’zining qora qilmishlari bilan nom chiqargan KGB 1995 yilda o’z faoliyatini to’xtatgan. BRB (GRU) Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin ham faoliyatini davom ettiravergan.
Rossiyaning harbiy razvedkasi hisoblanuvchi BRBga 1918 yilda asos solingan. U Sharqiy Yevropadagi ko’plab qo’zg’olonlarga bosh qo’shgan. Mish-mishlarga qaraganda, BRB AQSh hududida faqatgina rossiyalik agentlarga ma’lum bo’lgan bir nechta qurol omborlari tashkil etgan.
Ma’lumotlarga ko’ra, BRB Chechenistonning sobiq prezidenti Zelimxon Yandarbiyevni yo’q qilishga aloqador hisoblanadi. Yandarbiyevga 2004 yili Qatar poytaxti Doxada suiqasd uyushtirilgan.

Mossad (Isroil)

Mossad – Isroil razvedka va maxsus topshiriqlar idorasi AQShning MRB bilan bemalol tenglasha oladigan, hatto undan ham a’loroq razvedka xizmati hisoblanadi. Unga 1949 yilda asos solingan.
Mossad ham boshqa razvedkalar kabi ma’lumot to’plash va tahlil qilish, Isroil tashqarisida turli operasiyalar o’tkazish, umuman olganda, mamlakat xavfsizligini saqlash uchun chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan shug’ullanadi. Ammo Livan, Suriya, G’azo sektori, Misr kabi keskinlik markazlari bilan o’ralgan Isroilda xavfsizlikni ta’minlash uchun Mossad agentlaridan juda kattta mahorat talab etiladi.
Mossad direktori to’g’ridan-to’g’ri mamlakat bosh vaziriga hisobot beradi. Razvedka xodimlariga harbiy unvon berilmaydi, chunki Mossadda ishlash harbiy xizmat hisoblanmaydi.

Manba: biznestrener.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий