Devqomatlar nega bugun yo`q?

Bugungi kunda bo‘yi uch metrga yetadigan darozlar deyarli uchramaydi. Ammo, qadimda bahaybat insonlar juda ko‘p bo‘lgan. Bu haqda dunyo xalqlari orasida ham turli rivoyatu afsonalar yuradi. Qadimgi grek manbalarida devqomat Orest haqida alohida so‘z boradi. Aytishlaricha, dafn oldidan uning o‘lchamlari olingan. O‘shanda Orestning bo‘yi uch metrdan oshiqligi, o‘zi esa nihoyatda go‘shtdor bo‘lgani qayd etiladi.

Картинки по запросу фото великан человек

Qolaversa, imperator Avgust davrida ham shunga o‘xshash voqea yuz bergan. Sallyustiya bog‘ida ter to‘kayotgan qullar qoya ichida ikkita ulkan daxma borligini, kimdir ularni atayin yashirib qo‘yganini payqab qolishadi. Qabrlar ko‘zdan kechirilgach, u yerda bir zamonlar ana shu bog‘ni jon-jahdi bilan qo‘riqlagan Skundilla va Pozio ismli darozlar manguga qo‘nim topgani ma’lum bo‘ladi. Ularning bo‘yi salkam 3 metr bo‘lib, ko‘rinishdan qo‘pol va qo‘rqinchli bo‘lgan emish. Shundanmi uchiga chiqqan o‘g‘rilar ham bog‘ga kirishga jur’at etolmagan. Hatto, bog‘ qorovullari vafot etgach ham bu yerga hech kim yaqin yo‘lamagan ekan.

Shu kunga qadar dunyoning birorta go‘shasi yo‘qki, u yerda bo‘ydor odam qoldiqlari topilmagan bo‘lsa. Masalan, 1950-yili Turkiyaning janubi-sharqida ana shunday insonning tos suyagi, Shenin (Tunis) hududidan esa uch metrlik odam skeleti topilgan. 1880-yili amerikalik paleontologlar Bredford shahri atrofida eski daxmaga duch kelishadi. Daxma ochilgach, olimlar u yerda bo‘yi ikki metrli, suyaklari xuddi shox misol bo‘rtib chiqqan odam suyaklari borligiga guvoh bo‘lishadi. Shuningdek, o‘tmishda yosh bo‘ydorlar ham yashagan ekan. Xususan, Liksus shahridan topilgan 11 yoshli o‘smir skeleti o‘lchab ko‘rilganida 2 metru 20 santimetr chiqqan. Chindan-da eng bahaybat odam skeleti 1956-yili Filippindagi qazishmalar chog‘ida topilgan bo‘lib, uning uzunligi 5,18 metrni tashkil etgan. Olimlarning qayd etishicha, uning har bitta tishi eniga 5, bo‘yiga 15 santimetrdan, hayotlik paytidagi bo‘yi esa 5 metru 40 santimetrdan kam bo‘lmagan emish.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Shotlandiya qiroli Yevgeniyning huzuriga bo‘yi 3 metru 50 santimetrli daroz yigitni olib kelishadi. Biroq, yigitning rangi dokadek oqligini, yuzida kasallik alomatlari borligini sezgan qirol o‘z xizmatiga olishni istamaydi. U saroy ahlining biror yuqumli kasallikka chalinishini xohlamagani uchun ham shunday yo‘l tutgan ko‘rinadi. Zamonamiz shifokorlarining gapiga qaraganda, haddan tashqari darozlik insonni zaiflashtirar ekan. Eng yomoni, darozlarning umri juda qisqa bo‘lishi kuzatilgan. Aksariyat bahaybat insonlarda gipofiz funksiyasi buzilgani bois, ularning miyasida turli o‘zgarishlar ro‘y berarkan. Xususan, bo‘y bilan bog‘liq o‘sish gormonlari o‘rta bo‘yli insonlarga qaraganda ko‘proq ishlab chiqarilarkan. Natijada, ularning bo‘yi shuning hisobiga o‘sishda davom etaveradi. Ko‘pincha erkaklar orasida darozlik belgilari 9-10 yoshida yoki jinsiy rivojlanish davrida ko‘zga tashlanarkan. Bunga 1761-yili Irlandiyada tug‘ilgan Charlz O’Brayyen yaqqol misol bo‘la oladi. U 17 yoshga to‘lganida bo‘yi 2 metru 54 santimetrga yetadi. Shundan so‘ng, u o‘sishdan batamom to‘xtaydi. O’Brayyenning skeleti hozirda Dublindagi Qirollik tibbiyot kolleji muzeyida saqlab kelinayotgan ekan.

Albatta, bashariyat tarixida bahaybat odamlar ko‘p bo‘lgan. Shu bois, ularning o‘lchamlari borasida ham ayrim chalkashliklar borligi ehtimoldan xoli emas. Biroq, XX-XXI asrda yashagan darozlarning bo‘y-basti aniq ko‘rsatilganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Negaki, shifokorlar ularni sinchiklab, har bir millimetrigacha o‘lchashgan. Qolaversa, zamonaviy asbob-uskunalar kamdan-kam hollarda adashishi sir emas.

Darhaqiqat, o‘tgan asrimizda ham darozlar bo‘lgan. Gabriiel Estavao Monjani 1988-yili sayyoramizning ana shunday vakili sifatida nom qozongan. Mozambikda tug‘ilgan darozning bo‘yi 2 metru 45,7 santimetr, vazni esa 186,6 kilogramm bo‘lgan ekan. Shuningdek, tunislik Radxuan Charbibining bo‘yi 2 metr 35 santimetrga yetgan. Xitoylik Bao Sishun esa Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. U 2005, 2006, 2007 va 2008-yillarda dunyoning eng daroz kishisi deya tan olinadi. Uning o‘lchamlari 2 metru 36 santimetrni tashkil qiladi. Baoning aytishicha, u bolalikdan bo‘ydor bo‘lmagan. 15 yoshga kirganida uning bo‘yi 189 metr atrofida edi. Faqat 16 yoshidan boshlab u shiddat bilan o‘sa boshlaydi. Baoning basketbol bo‘yicha chempion bo‘lish orzusiga erisholmagach, hozirda jonajon qishlog‘ida cho‘ponlik qilib kelmoqda. U 56 yoshga to‘lgan kuni o‘zidan 28 yosh kichik ayolga uylanadi va undan o‘g‘il ko‘rishga ham ulgurdi.

2007-yili 37 yoshli ukrainalik Leonid Stadnik rasman dunyoning eng daroz odami deya e’tirof etilgan edi. O‘shanda uning bo‘y o‘lchamlari 2 metr 57 santimetr deya qayd etilgan. Biroq, shundan keyin daroz rekordini yangilashni xohlamaydi. Gap shundaki, Ginnes rekordlari kitobi ma’muriyati bo‘y o‘lchash borasida yangi shartlar kiritadi. Unga ko‘ra, mutaxassislar Leonidning bo‘yini kuniga uch mahal o‘lchashlari lozim edi. Tabiiyki, bu darozga yoqmaydi va rekordsmenlik rutbasi yana Bao Sishunning qo‘liga o‘tadi. Ma’lumki, kun davomida insonning bo‘yi ham o‘sadi, ham cho‘kadi. Masalan, ertalab bo‘yimiz 1-3 santimetrgacha, kechqurun esa yana shunchaga cho‘kishi kuzatilgan. Bu asosan umurtqa pog‘onasining joylashuvi bilan bog‘liq jarayondir. Ya’ni, ko‘pchiligimiz ertalablari tetik holda uyg‘onamiz. Shuning uchunmi, umurtqamiz tekis holga keladi va bo‘yimiz biroz cho‘zilgandek bo‘ladi. Aksincha, kech tushishi bilan horg‘inlik va charchoqni sezgach, yelkamizni kerib yurolmaymiz. Natijada, bo‘yimiz cho‘ka boshlaydi. Ayniqsa, bu holat hamisha bukchayib yuruvchi insonlarda tezroq bilinadi. Eng dahshatlisi, ularning bo‘yi 5-10 santimetrga cho‘kishi mumkin ekan.

Yana darozlarga qaytsak. To‘g‘rirog‘i, bo‘ydor ayollar haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tmoqchimiz. Dunyodagi eng daroz ayollardan biri Sendi Ellen Allendir. U 1955-yili tug‘ilgan, hozirda Amerikada istiqomat qiladi. Ayolning bo‘yi 2 metru 31,7 santimetr, vazni 209,5 kilo. Sezganingizdek, ayolning qaddi-qomati noziklikdan ancha yiroq. Oyoq kiyimi ham shunga yarasha 50-razmer. Taniqli basketbolchi Ulyana Semenova ham darozlikda undan qolishmaydi. Uning bo‘yi 2 metru 13 santimetr. Aytishlaricha, Ulyananing bo‘yi 7 yoshidan boshlab o‘sa boshlagan. 5-sinfga o‘tganida esa uning bo‘yi 180 metrga yetgan. Qizidan xavotirlangan otasi shifokorlarga murojaat qiladi. Biroq, shifokorlar qizning soppa-sog‘ligini, unda birorta ham o‘zgarish yo‘qligini aytishadi. Ha, darozlik kimga ko‘rk, kimga esa havas, xolos.

Вам может понравиться

Добавить комментарий