Buyuk orzu – «Ferrari»

Qo’lida rul tutgan inson borki «Ferrari» avtomobilini orzu qiladi. Bu avtomobil nufuziga va xaridorgirligiga iqtisodiy inqiroz ham, juda baland narxlar ham sezilarli ta’sir qilmaydi.
Garchi rasman «Fiat» korporasiyasi tarkibiga kirsa-da «Ferrari» firmasi obro’ jihatidan har qanday mustaqil konsernlar bilan bemalol bellasha oladi. Odatda «Ferrari» modellari 349 donagacha ishlab chiqariladi va faqat oldindan buyurtma berganlarga hamda yillab navbatda turganlarga, shuningdek kamida 500 ming dollar to’lashga tayyorlarga taqdim etiladi. Boshdan oyoq qo’lda teriladigan kam sonli avtobilning eng oxirgisi albatta italyan xaridorga sotilishi shart. Bu «Ferrari»ning vatanparvarligidan o’ziga xos dalolatdir.
«Taqdir menga juda ko’p tuhfalar qilgan. Bularning birinchisi va eng muhimi besh yoshligimda otam meni avtopoygaga olib borganidir. Aynan shu voqyea mening hayotimda eng yorqin iz qoldirgan va kelajagimni belgilab bergan».
Bu so’zlar mohir avtopoygachi va butun dunyoga mashhur «Ferrari» kompaniyasi asoschisi Enso Ferrariga tegishlidir. «Bolonya halqasi» deb nomlangan avtopoygalarni tomosha qilgan Enso ko’rganlaridan shunchalar kuchli ta’sirlanadiki uning butun vujudini bir fikr, yagona orzu qamrab oladi «…Avtopoygachi! Men faqat va faqat avtopoygachi bo’laman!».
Lekin bu orzu amalga oshgunicha Enso juda ko’p to’siqlarni yengib o’tishga majbur bo’ladi. O’zi qiziqqan soha bo’yicha ish boshlaguniga qadar Enso Ferrari oilaviy biznesni yuritishiga, «Ferrari» deb nomlangan otxonani boshqarishiga to’g’ri keladi. Sevimli mashg’ulotini u «Alfa-Romeo» firmasining yollanma xodimi sifatida boshlaydi va avtopoygalarda ilk bor ishtirok etadi. 1927 yilda Enso «Skuderia Ferrari» jamoasini tuzadi va oldinga ketib aytish mumkinki bu jamoa hamda uning munosib davomchilari hozir ham «Formula-1» avtopoygalarining yetakchisi hisoblanadi. 1932 yilda Enso Ferrari avtopoygachilik faoliyatiga yakun yasaydi va o’zining kompaniyasiga asos soladi. Kompaniya ish boshlagan dastlabki vaqtlardayoq Enso o’zi loyihalagan ilk avtomobilini yaratadi. Lekin bu avtomobilga u «Ferrari» nomini bera olmas, chunki Enso «Alfa-Romeo»da ishlayotgani bois yangi avtomobil bilan bog’liq barcha huquqlar shu kompaniyaga tegishli edi.
«Ferrari» nomi ostidagi ilk avtomobil 1946 yilda dunyo yuzini ko’radi. Bu «Ferrari 125» modeli edi. Enso Ferrari bu model orqali o’zining azaliy niyatini amalga oshiradi – oddiy avtomobil bilan poyga avtomobili xususiyatlarini uyg’unlashtiradi.
«Ferrari»ning jahonga mashhur belgisi – sariq fondagi sakrayotgan qora ot suratini Enso Ferrari birinchi jahon urushi qahramoni bo’lgan mohir uchuvchi Franchesko Barakkidan olgan.
«Ferrari»ga ega bo’lish, uning yuqoriga ochiladigan eshigidan kirib, mashinaning g’ayritabiiy yovvoyi kuchini boshqarish, tasavvur darajasidagi tezlikda uchish har bir avtoishqiboz uchun orzuga, haqiqiy nufuzga aylangan davrlar keladi. «Ferrari»ning har bir modeli har doim ham sanoqli nusxalardagina ishlab chiqarilar, ayrim modellar hatto bir necha o’n donagina yaratilardi. O’z ishining ustalari bo’lgan mohir mutaxassislarning zargarona qo’l mehnati har bir avtomobilni san’at asari darajasiga yetkazardi.
Bu an’analar hali-hanuz davom etmoqda. Ishlab chiqarilgan har bir avtomobilni oldindan buyurtma bergan va pulini to’lab qo’ygan xaridor kutib turar, odatda xaridor maqomiga erishish niyatida bo’lgan insonning kolleksiyasida «Ferrari»ning oldingi modellari bo’lishi lozim edi. Bu qadar nufuzli mashinalar olibsotarlar qo’liga tushib, keyinchalik bir necha barobar qimmatga sotilganidan keyin Enso bu borada yanada qattiq nazoratni yo’lga qo’ydi, har bir xaridorni u shaxsan o’rganib chiqib, faqat eski qadrdonlargagina yangi modellarni sota boshladi. «Ferrari» tarixida birorta modelga ega bo’lolmagan milliarderlar ham joy olgan. «Ferrari» modellari asosan qizil rangga bo’yaladi. Hazil tariqasida «Ferrari» faqat qizil yoki qip-qizil bo’lishi mumkin» degan gap bu mashinalarning doimiy ta’rifiga aylangan.
1964 yilda firma daromadini bir necha barobar oshirish maqsadida «Ferrari 330 GT 2+2» modeli 1057 dona ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish hajmi deyarli uch barobarga oshirilsa ham talab kuchliligicha qolaveradi. 1987 yilda firmaning 40 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarilgan «F 40» modeli dastlab 400 nusxada bo’lishi mo’ljallangandi. Lekin juda kuchli talab va payt poylab turgan olibsotarlar hisobga olinib, bu model 1311 nusxada ishlab chiqariladi. Bu endi o’ziga xos rekord edi.
2002 yilda «Ferrari» asoschisi, buyuk avtopoygachi Enso Ferrari sharafiga «Enso» modeli yaratiladi. 349 nusxada ishlab chiqarilgan mashinalar har doimgidek doimiy xaridorlargagina yetkazib beriladi. Bu firmaning o’z asoschisiga bo’lgan cheksiz hurmatining o’ziga xos ramzi bo’lgan. Enso Ferrari chindan ham har qanday maqtovga loyiq inson edi.
Umrining poyoni – 1988 yilga qadar Enso o’z firmasini boshqardi va uning o’tmishini ham, kelajagini ham belgilab berdi. Enso har bir avtomobilni o’z farzandidek ko’rar, yangi modellarga butun qalb qo’rini baxsh qilardi. Shuningdek Enso «Ferrari» modellariga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo’la oladigan yagona inson ham edi. U avtohalokatga uchragan yoki buzilgan mashinalarni garchi ularni qayta tiklash mumkin bo’lsa-da kiprik qoqmay chiqitga chiqarib tashlardi. Ensoning qo’llaridan omon qolgan eski avtomobillarning aksariyati muzeylar yoki xususiy kolleksiyalardan panoh topgan.
1956 yilda Enso Ferrarining yolg’iz o’g’li, iqtidorli konstruktor, otasining munosib davomchisi, yagona umidi Alfredino tuzalmas kasallikdan vafot etadi. O’g’lining vafotidan qattiq kuyingan Ensoga uning xotirasini abadiylashtirish, hayotda Alfredinoga mos iz qoldirish fikri o’n yil davomida tinchlik bermaydi. Buning uchun qanday yo’l tanlaganini angladingiz albatta. 1966 yilda yaratilgan «Ferrari-Dino» modeli «Ferrari»ning haqiqiy afsonasiga aylanadi.

Manba: biznestrener.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий