Yoshligida Krasniskiydek futbolchi bo’lishni orzu qilgan futbolchi

Spread the love

Diyego Maradona: Yoshligimda Krasniskiydek futbolchi bo’lishni orzu qilganman 1963 yili “Paxtakor” futbol jamoasining mohir hujumchisi, o’zining betakror zarbalari bilan elga tanilgan Gennadiy Krasniskiy Sobiq Ittifoq Olimpiya terma jamoasi tarkibida (ayrim manbalarda Sobiq Ittifoqning “Dinamo” klublari vakillari deyiladi) Janubiy Amerikaga boradi. Mazkur jamoaga sobiq ittifoqning o’sha paytdagi saralangan eng kuchli futbolchilari jalb qilingan edi: Kiyevning dinamochilari — Valeriy Lobanovskiy, Oleg Bazilevich, Viktor Serebryanikov, Vasiliy Turyanchik va Andrey Biba, Moskvalik dinamochilar — Georgiy Ryabov, Viktor Anichkin, Valeriy Fadeyev, Valeriy Maslov, leningradliklar Vasiliy Danilov, Nikolay Ryazanov, Tbilisi dinamochilari Sergey Kotrikadze va Murtaz Xursilava, kuybishevlik Boris Kazakov, moskvalik Vladimir Ponoma¬rev, olmaotalik Vladimir Lisisin va toshkentlik Gennadiy Krasniskiy. Jamoa treneri Vyacheslav Solovyev va uning yordamchisi Yevgeniy Lyadin. U yerda ular Braziliya, Argentina, Chili, Peru va Urugvada ko’p yillardan beri faoliyat yurgizayotgan eng kuchli futbol jamoalari bilan maydonida kurashadilar. Ular jami 8 uchrashuv o’tkazadi. Gennadiy Krasniskiy o’shanda 3ta biri biridan chiroyli gollarni kiritib jahonga mashhur goleodor bo’lib qaytadi… Gennadiy Krasniskiy haqida turkum materiallar tayyorab chop etish payitda bir veb-saytga “Goleodor iz Tashkenta” nomli maqolamga Gemaniyada vaqtincha yashayotgan o’zbekistonlik taniqli iqtisodchi olim, vatandoshimiz Viktor Arvedovich Ivonin o’zining izohini yubordi. Unda Viktor Arvedovich, 1998 yili Germaniyada yozgan yangi kitoblarini nashrga tayyorlash uchun navbatdagi ko’p oylik safarda edi. Bir kun u kishi damolayotganida Germaniya markaziy televideniyaning sport kanalida Diyego Maradona hayotiga bag’ishlangan dasturga ko’zi tushib qoladi… Shunda u Diyego Maradonnaning bir ikki marta Krasniskiy, Krasniskiy, degan nomini eshitib qoladi va butun e’tiborini shu dasturga qaratadi. Maradona o’z nutqida 1963 yili Janubiy Amerikada katta shov-shuvga sabab bo’lgan sensasion voqyeani, ya’ni Gennadiy Krasniskiyning Peruning o’sha paytdagi eng kuchli jamoasi bo’lgan, jahonga mashxur futbol ustasi braziliyalik Didi rahbarlik qilayotgan Limaning “Sporting Kristal” jamoasi darvozasiga kiritgan to’pi qanday qilib darvoza to’rini teshib o’tgani haqida katta hayajon bilan eslab tilga oladi. O’shanda Braziliya, Argentina, Urugvay, Peru, Chili va jahon ommoviy axborot vositalari bu sensasion voqyeani tarqatadi. Maradonna o’sha paytda yosh bo’lishiga qaramasdan otasi va kattalardan bu voqyea to’g’risida eshitib, kichkinaligidan Krasniskiyga o’xshagan mashxur futbolchi bo’lish niyatini o’z oldiga qo’yadi… Uning ta’kidlashicha, balkim aynan mana shu voqyea va Krasniskiyning zarbasi tufayli darvoza to’rini teshib yuborishi unda Buyuk futbolchi bo’lishlikka turtki bo’lgandir… Diyego Maradona keyin jurnalistlarga mashhur futbolchi sifatida ko’p yillik faoliyati davomida tumorga o’hshab o’z yonida olib yurgan “Ultima Xora” gazetasi foto muxbirining apparatida olingan Krasniskiyning tarixiy, ya’ni darvoza to’rini teshgan to’pini suratni jurnalistlarga ko’rsatadi… Keyin esa, u quyidagilarni aytadi: “Mening bir orzuim bor, agar bir ilojisini topib Russiyaga (Maradona O’zbekistonni nazarda tutgan) borib qolsam, albatda dunyoga mashhur, XX asrning buyuk futbolchilaridan biri Gennadiy Krasniskiyning qabrini ziyorat qilib, uning qabriga ustida bosh egib, o’zimning chuqur hurmatimni bajo keltirib katta gul dastasini qo’yish niyatim bor, deb o’z so’zini yakunlaydi… Bu futbol tarixida yagona sensasion va tarixiy voqyea bo’lib qoldi. Keyinchalik futbol mutahassislari darvoza to’rini teshib o’tish uchun Krasniskiyning tepgan zarbasining tezligi va kuchini aniqlashga kirishadilar… V.Ivonin bilan bo’lib o’tgan qisqacha suhbat davomida u kishi aspiranturada o’qiyotgan davrida Moskvadagi markaziy kutubxonada xorijiy gazeta va jurnallarni o’qib, unda Krsniskiy haqida ayrim maqolalarga ko’zi tushadi… Unda aytilishicha, Krasniskiyning o’ta kuchli zarbasini hisobga olgan xolda, va u Sobiq Ittifoq milliy terma jamoasi a’zosi bo’lganligi sababli ko’pgina darvozabonlar o’z sug’urta kompaniyalariga murojaat qilishib sug’urta-moliya masalalarini qayta ko’rib chiqishga kirishgan ekan… Gennadiy Krasniskiyning xotiralaridan (“Ot Rio-De-Janeyro do Montevideo” nomli kitobidan): “Biznikilar butun o’yin davomida yagona to’pni quyidagi vaziyatda kiritishdi. Uchrashuvning 83 minuti ketayotgan edi. Hisob 0:0 bo’ladiganga o’xshab turibdi. Lekin shu payt darvozadan 20-25 metrcha narida Lobanovskiyni yiqitishgani uchun shtraf to’pi berildi. Shunda Lobanovskiy “qonga qon” deb o’tirmay, oldimga yugurib kelib: -Gena, bopla! – deya iltimos qildi. Ertasi kuni tarjimonimiz shu tepgan to’pim haqida mahalliy gazetalar nima yozganini o’qib berdi. “Korreo” gazetasida shunday deyilibdi: “Agar to’p darvozabonga kelib tekkanida komandaning bo’lak golkiper izlashga to’g’ri kelardi, “Kristall” nokautga uchradi”. Peru jurnalisti kiritgan to’pim haqida mubolag’ali yozgan, albatda. Aslida esa oddiygina bir ish bo’ldi. Oyoqqa o’ng kelib qolgan to’p zarb bilan darvozaga kirganicha to’rni teshib o’tib , tomoshabinlarning oldiga borib tushadi. Lekin menda nima gunoh, to’p borib tekkan joy bo’shroq to’qilgan bo’lsa kerak. To’pning kirgan-kirmaganligi haqida maydonda tortishuv boshlanib ketdi. Didi darvozaga to’p kirganini yo’q, deb qatiq turib oldi. Xakam Almeyda uzoq ikkilanib turmadi. To’rdagi teshik mana men deb turgandi. Odil tomoshabinlar ham o’z hukmlarini chiqarib qo’yishgan edi. O’yin tugaganidan keyin ular meni qo’llarida ko’tarib ketishdi… Kiyimxonada esa biz shu munosabat bilan yangi tanishlarimiz davrasida choyxo’rlik qildik. Keyinchalik matbuotda yo’l- yo’lakay uyushtirilgan bu qabul marosimi juda yahshi o’tdi, deb yozib chiqishgan. Ertalab chiqadigan gazetalar arbitr to’g’ri hukm chiqarganligini tasdiqladi. Peruning eng obro’li gazetalaridan biri “Ultima Xora” gazetasi foto muxbirining odil apparati to’rdan bir santimetr narida turgan to’pni suratga tushiribdi. Bizning ma’lumot: Viktor Arvedovich IVONIN: 1946 yili tug’ilgan. Iqtisodchi olim. Iqtisod masalalari bo’yicha ko’p yillar ilmiy izlanishlar olib borgan. 200dan ortiq yirik ilmiy maqolalar va 6 monografilar (hamkorlikda) muallifi. Uning 20 dan ortiq badiiy publitistik hikoyalari chop etilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida tashkil qilingan mahsus ishchi guruhlari rahbari va guruh a’zosi sifatida iqtisod, moliya va bank tizimlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Qonunlari loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etib kelmoqda. Bundan tashqari V.Ivonin O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida tuzilgan iqtisodiyot masalalari bo’yicha turli maxsus guruhlarda ham ishtirok etib hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda. V.Ivonin bugungi kunda gomotangolog sifatida O’zbekistonda gomotangistiki fanini rivojlantirish borasida faol ishlar bilan shug’ullanmoqda.

Вам может понравиться

Добавить комментарий