Tush ko’rish haqida 10 haqiqat

Spread the love

Qayg’u yoki musibat bilan bog’liq tush ko’rganingizda uni suvga aytsangiz, suv o’z sofligi va kirdan xalos qiluvchanligi bilan qalbingizni undan tozalaydi, deyishadi odamlar. Bobo-momolarimiz har bir tush biron narsani anglatishini ko’p bor ta’kidlashgan. Shuning uchun tushlarni tavsiflab beradigan odamlar talaygina topiladi. Tushlarning izohlari bosilgan kitoblar ham anchagina chop etildi. Ularga ishonish yoki ishonmaslik har kimning o’ziga havola. Ilm-fan nuqtai nazaridan olganda, tush bilan bog’liq bir necha haqiqat mavjudki, ular haqida to’xtalmoqchimiz.

1. Tushlar asabbuzarlikning oldini oladi
Yaqinda olimlar tadqiqot o’tkazishdi: odamlarga belgilangan 8 soat uxlashga berishdi, lekin tush ko’rish vaqti yetganida ularni uyg’otib turishdi. Ular yana uyquga ketar va tush vaqti kelganida avvalgi hodisa takrorlanardi. Natijada uch kundan keyin sinov ishtirokchilarida diqqatni jamlay olmaslik, gallyusinasiyalar, jizzakilik, asabbuzarliklar kuzatildi. Nihoyat ularga xotirjam uxlash imkoni berilganida qattiq uxlab qolishgacha bo’lgan davr cho’zilganiga guvoh bo’lishdi. Shu tariqa miya avvalgi kunlardagi uyqu buzilishining o’rnini qoplardi.

2. Tashqi ta’sirlar tushimizda ham seziladi
Ko’pchiligimiz bunga guvoh bo’lganmiz: hozirgi paytda his etayotganimiz tushimizda ham ko’rinadi. Misol uchun, chanqagan odam tushida suv to’la piyolani ko’radi. Tushida suvni ichib chanqog’ini bosmoqchi bo’ladi, lekin bunga erisholmay, yana piyolani to’ldiradi va yana ichadi. Axiyri, uyg’onib ketib, haqiqatan ham chanqaganini tushunishadi va chanqoqni bosib qayta uyquga ketishadi. Shunday qilib ongimiz uyg’onish zarurligini ko’rsatadi.

3. Faqat aslida ko’rganlarimiz tushimizga kiradi
Ba’zida tushimizda notanish odamlarni ko’ramiz. Bilmaymizki, ongimiz ularning qiyofasini o’ylab topayotgani yo’q. Bu hayotda ko’rgan, lekin yodimizdan ko’tarilgan odamlarning qiyofasidir.

4. Tush paytida falaj yotamiz
Ishonasizmi yoki yo’qmi, lekin tush ko’rayotganimizda tanamiz deyarli falaj bo’ladi. Bu tushda ko’rayotgan narsalarni o’ngimizda ham takrorlamasligimiz uchun tana o’zini ehtiyot qiladi.

5. Tushlarimizning 90 foizini esdan chiqaramiz
Uyg’onganimizdan 5 daqiqa o’tgach tushimiznig yarmini ham eslolmaymiz, 10 daqiqalardan keyin esa 10 foizini eslasak katta gap. Shoir, yozuvchi, olimlar tushida she’r yoki hikoya yozishgan, yangi ilmiy nazariyani ilgari surishgan hollar uchrab turadi. Agar yostig’i oldida qog’oz va qalam qoldirgan bo’lishsa, yaxshi. Semyuel Kolrij «Kubla Xan» she’rini, Robert Lyuis Stivenson o’zining doktor Jekil va janob Xayd haqidagi asarini, Meri Shelli Frankenshteyn haqidagi asarini, shuningdek hammamiz biladigan unsurlar davriy tizimi, ya’ni Mendeleyev jadvalini tushida ko’rib, so’ngra o’ngida yaratishgan.

6. Ko’zi ojizlar ham tush ko’radi
Tug’ilganidan keyin ko’r bo’lib qolganlar rasmli tushlar ko’rishi mumkin. Ko’r bo’lib tug’ilganlar esa rasmlarni ko’rmaydi, lekin ularning tushi kuy, tarovat va hissiyotga to’la bo’ladi.

7. Hamma ham rangli tush ko’ra olmaydi
Odamlarning 12% oq-qora rangdagi tushlarni ko’radi. Qolganlar rangli tushlar ko’rishi mumkin. Bir necha ko’rinishdagi tushlar mavjudki, ularni deyarli hamma odamlar vaqti-vaqti bilan uyqusida ko’radi. Bularga: maktab yoki ishdagi vaziyatlar, orqasidan kimningdir quvishi, balandlikdan tushib ketish, odamning o’limi, tishlarning tushishi, uyqusida uchish, imtihonni topshirolmaslik, falokatlar va boshqalar kiradi.

8. Avval sigareta chekkan odamlar yorqin tush ko’rishadi
Avval sigareta tutatib, keyinchalik bu odatini tashlaganlar boshqa odamlarga qaraganda yorqin va haqqoniy tushlar ko’rishadi. Odatda ularning tushiga yana sigareta cheka boshlagani va bundan aybdorlik hissini tuygani kiradi.

9. Tushni hamma ko’radi
Hammamiz tush ko’ramiz, faqat asablari jiddiy buzilgan bemorlar bundan mustasno. Erkaklar va ayollar turlicha tush ko’radi. Erkaklar asosan o’z jinsiga oid odamlarni ko’rsa, ayollar ikkala jinsga oid odamlarni ko’rishadi.

10. Tushlarni tom ma’noda tushunmaslik kerak
Ongimiz belgilar orqali so’zlashadi. Shuning uchun hatto mantiqiy va boy syujetli tushni ham aynan tushunmaslik kerak. Ongimiz aniq tasvirlar emas, belgilar yordamida tushuntirishga harakat qiladi.

Вам может понравиться

Добавить комментарий