loading...

Jinsi kimlarning kiyimi?

Jinsi shim yoshlarning sevimli kiyimi. U nafaqat yoshlarning, balki kattalarning ham didiga mos tushyapti. Ayniqsa, o’zini zamonaviy ko’rsatishni xohlaydigan yoshlar jinsining yangicha uslubdagilarini, masalan, yirtig’i yoki yamog’i borlarini, rangi ayqash-uyqashlarini kiyishyapti.
Barchaga birday manzur bo’lishning o’zi bo’lmaydi. Xo’sh, jinsi qanday ixtiro qilingan? Uning bunday muvaffaqiyat qozonishiga nimalar sabab?
“Jinsi” inglizcha “jeans” so’zining talaffuzdagi ko’rinishi. Jinsi shim ixtirochisi Levi Straussdir. Asli bavariyalik bo’lgan bu odam 1853 yilda pishiq ip-gazlamadan fermerlar uchun maxsus korjoma – ishkiyim tayyorlaydi. O’sha paytlar bug’ bilan yuradigan kemalar keng ommalasha boshlagani sabab, yelkanli kema sanoati inqirozga uchraydi. Yelkan tayyorlashda ishlatiladigan mato – parusina nihoyatda arzonlashib ketadi. Kanopdan to’qiladigan bu xildagi qalin gazlama Fransiya yoki Italiyada ishlab chiqarilar edi. Yangi turdagi kiyimlar ayni shu parusinadan tikiladi. Bu mato qalin va pishiq bo’lgani uchun undan tayyorlangan jinsi shimlar o’z chidamliligi bilan tezda shuhrat topadi. Keyinchalik kanop gazlamalar asta-sekin iste’moldan chiqib, uning o’rnini paxtadan to’qilgan matolar egallaydi.

Картинки по запросу фото джинсы история

Jinsi matosidan tayyorlangan eski korjomalar

Lekin Levi Strauss fermerlarga ishkiyim tikkuniga qadar ham jinsiga o’xshash shimlar ishlab chiqarilgan. Buyuk Britaniyaga Genuyadan “denim” degan mato olib kelinar, undan shim tikilib, butun Yevropa bo’ylab “jeyn” yoki “jin” nomi bilan sotuvga chiqarilardi. 1750 yilda Jon Xolker “Fransiya to’qimachilik sanoatidan namunalar kitobi”ni yozadi. Unda tasvirlangan sakkiz modeldagi shim hozirgi jinsi shimlarga juda-juda o’xshab ketadi.
Miloddan oldingi 300 yillarga yaqin Fransiyaning Nim shahrida “serge de Nimes” – “Nim gazlamasi” deb nomlangan mato ishlab chiqarila boshlaydi. Oradan 1500 yil o’tib, “de Nimes” (“denim”) nomini olgan ana shu matodan jinsi tikila boshlagan.
1492 yilda Xristofor Kolumb Hindistonga yangi yo’l qidirib dengiz safariga chiqqanidan xabardorsiz. Uning kemalaridagi yelkanlar ham “serge de Nimes” gazlamasidan tayyorlangan edi.
XVI asrda genuyalik (Italiya) matroslar parusinadan tikilgan shim kiygan. Vaqt o’tib bunday shimlarni “jenes” yoki amerikancha talaffuz bilan “jins” atay boshlaganlar.
XVI asr Yevropasida Genuya paxmoq matosining bir turi – “jean” mashhur bo’lgan. Genuyaning italyancha atalishi – “Gene” eski fransuz tiliga “Janne” bo’lib o’tgan, undan esa ingliz tiliga ko’chgan. Demak, bu matoning nomi “Genuya” toponimidan kelib chiqqan. Gazlamaning o’zi esa Fransiyaning Nim shahrida to’qilgan. Genuyaga olib kelinib ko’k rangga bo’yalgan.
Jinsi shimlarning tarixi uzoqlarga borib taqalar ekan, nega uning ixtirochisi Levi Strauss hisoblanadi, deb o’ylayotgan bo’lishingiz mumkin. Buning sababi bor. Strauss janoblari 1873 yilning 20 may kuni AQSh savdo markalari va patentlar idorasidan (US Patent and Trademark Office) № 139121 raqamli patent oladi va ixtiro egasiga aylanadi. Bu vaqtga qadar Strauss Nyu Yorkda gazlama savdosi bilan shug’ullanardi. Kaliforniyaga borgach, ko’pchilik qatori tilla talvasasiga tushadi: inglizlarning parusinasidan shim tikib, oltin izlovchilarga sotishni mo’ljal qiladi. U tikkan shimlar ko’pchilikning talabiga javob berardi: qalin, teridan emas, paxtadan tayyorlangan, bemalol yuvish mumkin, uchta katta cho’ntagi bor, ikkitasi oldinda, bittasi orqada va bitta cho’ntakcha ham qo’shilgan. Shimlar o’sha vaqtda eng chidamli, turg’un hisoblangan to’q ko’k rangga (indigo) bo’yalgan.
San Fransiskoga kelgan Levi Straussning savdosi yurishib ketadi va tez orada jinsi ishlab chiqarish bo’yicha yirik kompaniyaga – “Levi Strauss and Co.”ga asos soladi. Birinchi jinsilar 1 dollar 46 sent turgan.
Keyinchalik, XIX asrning o’rtalarida jinsi kovboylarga mos uslubda ishlab chiqarildi.
XX asrning 60-yillariga kelib “jinsi inqilobi” boshlandi, u butun dunyoni zabt etishga kirishdi.
Hozir juda ko’p firmalar jinsi ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Har bir ishlab chiqaruvchi o’z uslubi, o’ziga xos belgi-qo’shimchalariga ega. Lekin keng tarqalgan umumuslublar ham bor. Masalan, “Slim Fit”, “Regular Fit”, “Relaxed Fit”, “Loose Fit”, “Skinny”, “Easy Fit”, “Low Waist”, “Boot Cut”, “Baggy”, “Capris” kabilar.
Jinsi denim, shambri, jin, streych, eykru kabi matolardan tikiladi. Denim – eng qimmat mato, dastlab dag’al bo’ladi, yuvilgach, yumshaydi. Jin esa arzon, sidirg’asiga bo’yalgan gazlama, to’qish ipi qiya (diagonal) bo’ladi.
Jinsi ishlab chiqaruvchilar ko’payib, texnika va texnologiyalar rivojlangani sari turli-tuman modellar, yangiliklar ham ortib boryapti.
2009 yilda Levi Strauss firmasi naushnikli, kompyuterga bog’lanish moslamasi bor va iPod pleyerlarini masofadan boshqaruvchi pultga ega jinsilarni sotuvga chiqardi.
Maqolamiz boshida jinsi kattayu kichikning didiga mos kelayotgani, ko’pchilikning sevimli libosiga aylangani haqida aytgandik. Dunyoda jinsi kirib bormagan mamlakatning yo’qligi ham bu kiyimning muvaffaqiyatidan dalolat. Biroq o’zini hurmat qilgan har qanday odam odob-axloqqa, madaniyatga to’g’ri kelmaydigan kiyimni (u qanchalik mashhur, zamonaviy bo’lishidan qat’i nazar) kiymaydi. Yirtiq-yamoqli, yosh bolaning xalta-ishtonini eslatadigan shimlarni kiyib boshqalarga kulgi bo’lgandan yomoni yo’q. Xoh milliy, xoh xorijniki bo’lsin o’zimizga yarashadigan, ham libos, ham ko’rk bo’ladigan kiyimlarni kiyganimiz ma’qul.

manba: uzbegim.info

Вам может понравиться

Добавить комментарий