Butunjahon Universiada o’yinlari raqamlarda

Spread the love

Butunjahon talabalarining yozgi Universiada o’yinlari ilk bor 1959 yil Turin shahrida (Italiya) o’tkazilgan. Birinchi qishki Universiada o’yinlariga esa 1961 yili Shamoni (Fransiya) shahri mezbonlik qilgan. 1981 yilga qadar juft yillari yozgi, toq yillari esa qishki Universiada o’yinlari o’tkazilib kelingan. 1981 yildan boshlab yozgi va qishki Universiada o’yinlari bir yilda (ikki yil oralig’ida) tashkil etiladi. 2013 yilning 6-17 iyul kunlari Rossiyaning Qozon shahrida XXVII yozgi Butunjahon Universiada o’yinlari zo’r muvaffaqiyat bilan o’tkazildi. Mazkur o’yinlarda 162 davlatdan 10.442 nafar talaba sportchi, 351 komplekt medallar uchun sportning 27 turida bahs olib bordilar. Ular ishtiroklaridagi musobaqalarni 2297 nafar hakam (824 nafari xalqaro toifadagi hakam) boshqarib bordilar. O’zbekistondan 8 nafar hakam musobaqalarda ishtirok etdi. Universiada-2013 o’yinlarida 162 davlatdan 70 tasiga medallarni qo’lga kiritish nasib etdi. Shundan 42 davlat vakillarigina musobaqaning oltin medaliga sazovor bo’ldilar. O’yinlar davomida jami 1165 ta medal (353 oltin, 351 kumush, 461 bronza) o’z egalariga topshirildi. Eng ko’p – 292 ta medalni (155 oltin, 75 kumush, 62 bronza) Rossiya delegasiyasi a’zolari qo’lga kiritdilar. Musobaqalarda ishtirok etgan 92 davlat vakillari esa birorta ham medalga sazovor bo’lmadilar. Rossiyalik suzuvchi Vladimir Morozov musobaqalar davomida 4 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medaliga egalik qildi. O’zbekiston delegasiyasi a’zolaridan Zaylobiddin Ortiqov belbog’li kurashning klassik usuli bo’yicha o’tkazilgan bellashuvlarda kumush, erkin usulda esa bronza medali bilan taqdirlandi. Eng ko’p sportchiga (672 nafar) Rossiya delegasiyasi ega bo’lgan bo’lsa, Jazoir, Andorra, Gveniya-Bisau, Jibuti, Islandiya, Lesoto, Maldiv orollari, Samao, San-Marino, Suriya va Samali davlatlaridan bor-yo’g’i bittadan sportchi ishtirok etdi. Musobaqalarni o’tkazish uchun jami 64 inshoatdan (shundan 33 tasi sport inshoati) foydalanildi. Musobaqalar davomida Universiada shaharchasida 15.000 nafar ishtirokchi istiqomat qildi. Shaharchada joylashgan restoranda esa har kuni 50.000 porsiya taomlar tayyorlandi. Bundan tashqari Universiada o’yinlarida davomida uning qatnashchilari 2 million litrdan ortiq suv ichishgani qayd etildi. O’zbekiston delegasiyasidan o’rin olgan sportchilar soni ham avvalgi yilgi Universiada o’yinlaridan sezilarli darajada farq qildi. Bu yilgi musobaqalarda 55 nafar yurtdoshlarimiz sportning 10 ta turida Vatanimiz sharafini himoya qildilar. E’tiborlisi, Qozon shahridagi sport arenalarida maydonga tushgan 55 nafar sportchimizdan 22 nafari sovrindor bo’ldi. Mardonavor sportchilarimiz 12 kunlik musobaqalarning yakunlariga ko’ra 2 ta oltin, 7 ta kumush va 10 ta bronza medaliga egalik qilib, umumjamoa hisobida 22-o’rinni, medallar soniga ko’ra esa 13-o’rinni egallashdi. Mamlakatimiz delegasiyasi medallar soniga ko’ra o’yinlarda ishtirok etgan 140 davlatni ortda qoldirdi. Bu borada hamyurtlarimiz Tailand, Kanada, Isroil, Turkiya, Portugaliya, Ruminiya, Meksika, Kuba, Buyuk Britaniya, Belgiya, Bolgariya, Argentina, Ispaniya, Shveysariya, Gresiya, Gollandiya kabi sport sohasida dunyoga dong taratgan davlatlardan ham o’zib ketishdi. Bu esa o’z navbatida O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga Davlat tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor va g’amxo’rliklar samarasidir. Agarda qo’lga kiritilgan medallar bo’yicha hamyurtlarimizning ishtiroklarini sarhisob qiladigan bo’lsak, eng yaxshi ko’rsatkichga charm qo’lqop ustalarimiz ega ekanliklariga guvoh bo’lamiz. Ya’ni Universiada o’yinlarida ishtirok etgan 9 nafar bokschimizdan 8 nafarini sovrindorlar safidan o’rin egallashi, har qancha tahsinga loyiq. Eng yengil vaznda Hasanboy Do’stmatov (-49 kg) Universiada o’yinlarining oltin medalini qo’lga kiritgan bo’lsa, Fazliddin G’oipnazarov (-60 kg), Xurshidbek Normatov (-69 kg), Azizbek Abdug’ofurov (-75 kg), Rustam To’laganov (-91 kg) – kumush, Jasurbek Latipov (-52 kg), Elshod Rasulov (-81 kg), Mirzohidjon Abdullayev (+91 kg) – bronza medallariga sazovor bo’ldilar. Sermahsullik borasida yurtimiz og’ir atletikachilarining erishgan natijalariga ham ko’pchilik havas ko’zi bilan boqmoqda. E’tiborlisi, Qozon shahriga yo’l olgan to’rt nafar og’ir atletikachimizdan uch nafari shohsupaga ko’tarildilar. 2011 yilgi jahon chempionati sovrindori Ruslan Nurudinov (-105 kg) oltin medalni qo’lga kiritish bilan birga, ikki bor (dast ko’tarish (190 kg) va ikkikurash (412) musobaqalari yakuniga ko’ra Universiada o’yinlarining rekordini o’rnatdi. Bundan tashqari Ulug’bek Alimov (-77 kg) kumush, Manzuraxon Mamasoliyeva (-69 kg) esa bronza medaliga sazovor bo’ldilar. Yana bir og’ir atletikachimiz Mahliyo Tog’ayeva (-48 kg) to’rtinchi o’rinni egalladi. Universiada o’yinlarida belbog’li kurashchilarimiz bir kumush (Zaylobiddin Ortiqov (-80 kg) klassik usul) va uchta bronza (Zaylobiddin Ortiqov (-75 kg) erkin usul, Nozimjon Ibrohimjonov (-90 kg) erkin usul, Zamira Ahmedova (-52 kg) erkin usulda) medallarni qo’lga kiritdilar. Eslatib o’tamiz, Universiada gilamlarida 8 nafar polvonimiz bellashuvlarda ishtirok etdilar. Medallarni qo’lga kiritish borasida to’rtinchi ko’rsatkich dzyudo ustalarimizga tegishli. Universiada o’yinlariga yo’l olgan 8 nafar polvonimizda ikki nafari Yahyo Imomov (-81 kg, kumush) hamda Soyib Qurbonov (-100 kg, bronza) sovrindorlar safidan o’rin egallashdi. Delegasiyamiz hisobidagi yana bittadan medalga sambochimiz Suhrob Ostonayev (-90 kg) hamda baydarka va kanoeda (to’rt kishilik, 200 m) Ildar Qayumov, Mirziyodjon Hojiyev, Dilshod Yo’ldoshev, Murodjon Azmetov to’rtligi sazovor bo’ldilar. Butunjahon Universiada o’yinlarida sovrinli o’rinlarni egallagan o’zbekistonlik sportchilarga oltin medal uchun – 40.000.000 so’m (murabbiylariga 20.000.000 so’m), kumush medal uchun – 30.000.000 so’m (murabbiylariga 15.000.000 so’m) va bronza medal uchun – 20.000.000 so’m (murabbiylariga 10.000.000 so’m) pul mukofotlari joriy etildi. Quyida XXVII Butunjahon Universiada o’yinlarida sovrindor bo’lgan yurtimiz sportchilari berilgan: Oltin – Hasanboy Do’stmatov (-49 kg, boks) Oltin – Ruslan Nurudinov (-105 kg, og’ir atletika) Kumush – Yahyo Imomov (-81 kg, dzyudo) Kumush – Zaylobiddin Ortiqov (-80 kg, belbog’li kurash, klassik usul) Kumush – Fazliddin G’oipnazarov (-60 kg, boks) Kumush – Xurshidbek Normatov (-69 kg, boks) Kumush – Azizbek Abdug’ofurov (-75 kg, boks) Kumush – Rustam To’laganov (-91 kg, boks) Kumush – Ulug’bek Alimov (-77 kg, og’ir atletika) Bronza – Zaylobiddin Ortiqov (-75 kg, belbog’li kurash, erkin usul) Bronza – Nozimjon Ibrohimjonov (-90 kg, belbog’li kurash, erkin usul) Bronza – Zamira Ahmedova (-52 kg, belbog’li kurash, erkin usul) Bronza – Soyib Qurbonov (-100 kg, dzyudo) Bronza – Jasurbek Latipov (-52 kg, boks) Bronza – Elshod Rasulov (-81 kg, boks) Bronza – Mirzohidjon Abdullayev (+91 kg, boks) Bronza – Manzuraxon Mamasoliyeva (-69 kg, og’ir atletika) Bronza – Suhrob Ostonayev (-90 kg, sambo) Bronza – To’rt kishilik qayiqda (kanoe, 500 metr) Ildar Qayumov, Mirziyodjon Hojiyev, Dilshod Yo’ldoshev, Murodjon Azmetov. XXVII Butunjahon Universiada o’yinlarida O’zbekiston delegasiyasi hisobiga eng ko’p 8 tadan medalni Andijon Davlat Universiteti hamda O’zbekiston Davlat jismoniy tarbiya instituti talabalari keltirdilar. Andijonlik talaba sportchilar mazkur musobaqada – 2 ta oltin, 2 ta kumush hamda 4 ta bronza medaliga sazovor bo’ldilar. Quyida, XXVII Butunjahon yozgi Universiada o’yinlarida sovrinli o’rinlarni egallagan Andijon Davlat Universiteti talabalari berilgan. Oltin – Hasanboy Do’stmatov (-49 kg, boks), Oltin – Ruslan Nurudinov (-105 kg, og’ir atletika), Kumush – Xurshidbek Normatov (-69 kg, boks), Kumush – Azizbek Abdug’ofurov (-75 kg, boks), Bronza – Jasurbek Latipov (-52 kg, boks), Bronza – Mirzohidjon Abdullayev (+91 kg, boks), Bronza – Suhrob Ostonayev (-90 kg, sambo), Bronza – Manzuraxon Mamasoliyev (-69 kg, og’ir atletika). Medallarni qo’lga kiritish bo’yicha keyingi o’rinni O’zbekiston Davlat jismoniy tarbiy instituti band etdi. Mazkur oliy o’quv yurti talabalari 4 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan taqdirlandilar. Bular, Kumush – Zaylobiddin Ortiqov (-80 kg, belbog’li kurash), Kumush – Fazliddin G’oipnazarov (-60 kg, boks), Kumush – Rustam To’laganov (-91 kg, boks), Kumush – Ulug’bek Alimov (-77 kg, og’ir atletika), Bronza – Zaylobiddin Ortiqov (-75 kg, belbog’li kurash), Bronza – Soyib Qurbonov (-100 kg, dzyudo), Bronza – Nozimjon Ibrohimjonov (-90 kg, belbog’li kurash). Bronza – To’rt kishilik qayiqda (kanoe, 500 metr) Ildar Qayumov, Mirziyodjon Hojiyev, Dilshod Yo’ldoshev, Murodjon Azmetov. Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining ikki nafar talabalari – Yahyo Imomov (-81 kg, dzyudo) kumush medali, Elshod Rasulov (-81 kg, boks) esa bronza medali sohibi bo’ldi. Butunjahon Universiada o’yinlarida shohsupaga ko’tarilgan yana bir sportchimiz Zamira Ahmedova (-52 kg, belbog’li kurash) Urganch Davlat Universiteti talabasi hisoblanadi.

Вам может понравиться

Добавить комментарий