Baxt-saodat timsoli

Miloddan avvalgi 776 yildan milodiy 394 yilgacha Yunonistonning Peloponnes yarimorolidagi Elida viloyatida joylashgan Olimpiya shahrida har to’rt yilda bir marta Olimpiya o’yinlari o’tkazilgan. Mazkur o’yinlarda dastlab faqat yunon, keyinchalik rimlik sportchilar qatnashganlar. Olimpiya o’yinlari o’sha vaqtda yunonlar e’tiqod qilgan momaqaldiroq ma’budi Zevs sharafiga o’tkazilgan bo’lib, xalq o’rtasida mashhur edi. Ammo Olimpiya o’yinlarining boshlanganiga 300 yil bo’lganiga qaramay, o’sha vaqtlarda Yunonistonda Zevsga bag’ishlangan birorta ibodatxona yoki haykal bo’lmagan. Shu sababli, miloddan avvalgi 470 yilda yunonlar Zevsga atab obida qurish uchun mablag’ yig’a boshlashgan. Natijada Zevsga bag’ishlangan ibodatxona va qadimgi dunyoning yetti mo’jizasidan biri, deb nom olgan uning mahobatli haykali yaratilgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, Zevs ibodatxonasi 10 yil davomida, ya’ni miloddan avvalgi 466-456 yillarda barpo etilgan. Obida marmardan qurilgan. Pastki qismi chig’anoqtoshdan yasalgan, balandligi 10,5 metr, diametri 2 metrdan oshadigan 34 ta ulkan ustunlar uni o’rab turgan. Ibodatxona sahnining o’lchami – 64×27 metr, asosidan tepasigacha balandligi – 20 metrdan oshgan. Binoning tashqi devorlarida Geraklning 12 g’alabasi o’yib aks ettirilgan toshtaxtalar o’rnatilgan. Balandligi 10 metrdan oshgan bronza eshiklar ochilishi bilan ibodatxonaning ichkarisidagi bor go’zallik namoyon bo’lgan.

 

Zevs ibodatxonasi qoldiqlari.

Ibodatxona qurilishi tugaganidan so’ng bir necha yil o’tgach, olimpliklar shaharda Zevsning haykalini bunyod etishga qaror qilishgan. Inshootni bunyod etish uchun Afinadan o’sha vaqtlardagi eng mashhur haykaltarosh Fidiy taklif etilgan. Ibodatxona yaqinida birmuncha ulkan ustaxona tashkil etgan Fidiy bu yerda Zevsning ulkan taxtda o’tirgan yog’och haykalini yaratgan. Haykaltarosh haykalni yaratish uchun olib kelingan har bir materialni, ayniqsa, Zevsning tanasini yasash uchun ishlatilgan fil suyagini juda sinchiklab tekshirib olgan.

Keyinchalik kuchaytirilgan soqchidar guruhi yordamida ibodatxonaga qimmatbaho toshlar, shu jumladan 200 kg sof oltin olib kelingan. Oltin asosan, Zevs tanasining bir qismini yopib turgan yopqich, uning chap qo’lida ushlab turgan saltanat hassasi va burgut, o’ng qo’lidagi g’alaba ma’budasi Nikaning haykali hamda ma’bud boshiga kiygan zaytun novdalaridan qilingan gulchambarni yasashuchun ishlatilgan.

Zevs o’tirgan taxt ulkan bo’lib, o’tiradigan joyining tomonlari -6 metr, o’rindiq sifatida ishlatilgan toshtaxtaning qalinligi -1 metr bo’lgan. Ma’budning oyoqlari ikkita sher ko’tarib turgan taglikda turgan. Taxtning to’rtta oyog’ida raqsga tushayotgan g’alaba ma’budasi Nikaning tasviri ishlangan. Shuningdek, taxtda kentavrlar, Gerakl va Teseyning g’alabalari, yunonlarning amazonkalar bilan janglari tasvirlangan.

Taxtda o’tirgan Zevs haykalining umumiy balandligi 17 metr bo’lgan. Ma’bud ko’zlarining kattaligi odam mushtidan yirikroqligi mazkur inshootning naqadar ulkan bo’lganidan dalolat beradi. Haykalga qarab turib, «agar u joyidan tursa, ibodatxonaning tomini teshib yuborgan bo’lar edi», degan fikr xayoldan o’tgan. Rivoyat qilishlaricha, Fidiy ma’budning haykalini tugatib, uni o’z joyiga o’rnatgandan so’ng: «Sen xursandmisan, Zevs?» -deb so’ragan. Haykaltaroshga javoban kuchli momaqaldiroq guldurashi natijasida go’yoki taxtning ostidagi tosh to’shama yorilgan emish.

 

Zevs haykali.

Zevsning haykali uning nomi bilan atalgan ibodatxonada yetti asrdan ortiq turgan. Miloddan avvalgi II asrda bo’lib o’tgan zilzila natijasida haykal katta talafot ko’rgan. Imperator Feodosiy I milodiy 394 yilda barcha butparastlikka oid marosimlarni o’tkazishni taqiqlagach, Olimpiya o’yinlarini o’tkazish to’xtatilgan.

Olimpiya o’yinlari taqiqlangach, Zevsning haykaliga ishlatilgan oltin va fil suyagi talon-toroj qilingan. Milodiy 40 yilda Rim imperatori Kaligula Olimpdagi Zevsning haykalini Rimga olib kelish maqsadida ishchilarni yuboradi. Ammo rivoyatlarga ko’ra, «haykalning xoxolashidan qo’rqqan ishchilar qochib ketishgan». Asta-sekin vayronaga aylana boshlagan Zevs ibodatxonasining faqat asosi, bir necha ustun va haykallar qolgan. Milodiy V asrning boshlarida Zevs haykalini Konstantinopol (hozirgi Istanbul) shahriga olib kelishgan. Ammo haykal 476 yilda kuchli yong’in vaqtida butunlay yonib ketgan.

manbaa: megadunyo.uz

Вам может понравиться

Добавить комментарий