Axborot texnologiyalari qurbonlari

«Go‘zallik qurbon talab qiladi» degan iborani ko‘p eshitganmiz. Aslini olganda, inson tomonidan o‘ylab topilgan har bir yangilik, yengillik va qulaylik nimadandir voz kechish evaziga yuzaga keladi.

Axborot texnologiyalari og‘irimizni yengil, uzog‘imizni yaqin qildi. Shu bilan birga, biz uchun odatiy bo‘lgan ko‘plab holatlar, an’analar, ashyolarga chek qo‘ydi. Bu «qurbon»lar ichida shundaylari ham borki, ulardan mahrum bo‘lishni o‘ylab kishining ichi achiydi. O‘ylab qolasan: axborot texnologiyalariga haddan ortiq tayanib qolmadikmi? Ulardan foydalanishga mukkamizdan ketmayapmizmi?

1.Bahs odobi

Internetdan foydalanuvchilarning anonimligi (maxfiyligi) anchayin salbiy oqibatlarga ham olib keldi. Aynan ana shu «Kim ham tanib o‘tiribdi» degan fikr tufayli forumlar, chatlar, sharhlardagi bahs-munozaralar shu darajada qizib ketmoqdaki, natijada o‘zaro hurmat, insoniylik va odob kuyib, kul bo‘lmoqda.

Ulardagi «qaynoq» bahslar foydalanuvchilar qonini ko‘pirtirib, oqibatda ular arzimagan narsa uchun bir-birlarini yeb qo‘ygudek bo‘lmoqdalar.

2.Obro‘, sha’n

Biror nojo‘ya fikr bildirilsa, o‘ylamay gapirib qo‘yilsa, yashirish imkonsiz bo‘lib qoldi. Bugun Internetdagi sahifangizda nimadir yozsangiz, ertaga undan hamma xabardor.

3. Lafz

Uchrashuvga o‘z vaqtida borish? Shartmikan? SMS orqali ushlanib qolganingizni aytib qo‘ysangiz ham bo‘ladi-ku?

4. Soatlar

Kompyuterda, telefonda, yana minglab mobil qurilmalarda soatlar o‘rnatilgan. Endi qo‘l soati oliftagarchilik belgisi bo‘lib qolmadimikan?

5. Musiqa do‘konlari

Suyukli xonandangizning yangi albomini musiqa do‘konidan xarid qilasizmi yoki Internetdan yuklab olasizmi? Buning javobini o‘zingiz yaxshi bilasiz.

6. Qog‘ozga bitilgan xatlar

Elektron xatlar odatiy maktublarni hayotimizdan siqib chiqarmoqda. Mana siz, o‘z pochta indeksingizni bilasizmi? Elektron pochta tufayli pochta bo‘limlari faqat pensiya va gazeta-jurnallar tarqatish bilangina shug‘ullanib qolmasalar bo‘lgani.

7. Kuchli xotira

Sanalar, shaxslar va raqamlarni yodda saqlashga ehtiyoj kamaygani sayin, xotiramiz kuchsizlanib bormoqda. To‘g‘risi-da, istalgan paytda Internetdan bilib olish mumkin bo‘lgan narsani yodda saqlagandan nima foyda. Siz ham shu fikrdamisiz?

8. Bo‘sh vaqt

«Bo‘sh vaqt» deganda Internetda o‘tkazilgan vaqt nazarda tutiladigan bo‘lib qoldi. Bundan boshqa yana nima bilan shug‘ullanish mumkin? Derazadan termulib o‘tiraylikmi?

9. Fotoalbomlar

«Facebook» va «Odnoklassniki» oilaviy va do‘stona fotoalbomlar o‘rnini egalladi. Sayohatdan qaytgach, fotoalbom qilib o‘tirmay, hamma suratlarni «Odnoklassniki» yoki yana boshqa saytga yuklash odatga aylandi.

10. Teleko‘rsatuvlarni birgalikda tomosha qilish

Bir paytlar «Kavkaz asirasi»ni berganida, butun oila bir uyga yig‘ilib, birgalikda tomosha qilinardi. Endi esa istalgan filmni istalgan vaqtda ko‘rsa bo‘ladi. Lekin, film boshlanishini intiqlik bilan kutib, oilaviy ko‘rishning gashti boshqacha edi, to‘g‘rimi?

11. Mish-mishlar

Yo‘q-yo‘q, ular yo‘qolib ketmadi. Qaniydi shunday bo‘lsa. Ular yangicha ko‘rinish oldi va butun dunyoni qamrab oldi. Braziliyadagi qaysidir serialda qatnashgan bir aktrisa eridan ajrashibdimi? Bu xabar bir soniyada butun jahonni aylanib chiqadi. Yoki siz haqingizda birov ijtimoiy tarmoqlarda bir narsa desin, ertasiga «Megayulduz»ga aylanib turibsiz-da! Qani, bu – yolg‘on deb ko‘ringchi?

12. Shifokorlar va boshqa kasb ustalariga hurmat

Odamlar hali ham shifokorlarga murojaat qilmoqdalar. Lekin oldin Internetni obdon titkilab, onlayn-maslahatlardan o‘tib, tibbiy forumlarda fikr almashib, keyin boradigan bo‘ldilar. Natijada, shifokorning avvallari sirli ko‘ringan hunari o‘z jozibasini yo‘qotdi.

Boshqa sohalarda ham shunday. Internet tufayli siz yarim soatda istagan kasbingiz sir-asrorlarini bilib olasiz. Va mutaxassisga murojaat qilganda xuddi hamkasb bilan gaplashgandek muomalada bo‘lasiz.

13. Shaxsiy hayot sirlari

Mana bu – haqiqiy «eskilik sarqiti». Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, odamlar o‘z shaxsiy hayotlari haqida shunaqangi ko‘p ma’lumotlarni «to‘kib» tashlashganki, buncha axborotni yig‘ish uchun har qanday usta josus ham butun umrini sarflagan bo‘lardi.

14. Fikrni bir joyga jamlash

Kompyuterda bir necha sahifalik matnni Internetga kirmay, elektron pochtangizni tekshirmay tera olasizmi? Bir ish bitgunicha do‘stlaringiz bilan yozishmay tura olasizmi? Agar ha, deb javob bera olsangiz – demak siz irodasi kuchli insonsiz!

 15. Arifmetika

Kalkulyator chiqdi-yu, 2×2 ni ham o‘zimiz ko‘paytirmaydigan bo‘ldik. Excel-ku odamni umuman dangasa qilib qo‘ydi. Xuddi shunday, GPS keng tarqalgani sari, geografiyadan bilimimiz susayib borishi turgan gap. Chunki bizning o‘rnimizga «kichik ukamiz» – kompyuter ishlaydi.

16. Tez yonib tez o‘chgan iqtidorlar

«Shuhratga eltuvchi yo‘l uzoq va mashaqqatli», deyishardi oldinlari. Endi-chi? O‘zingiz haqingizdagi rolikni Internetga yuklang – ertagayoq mashhur yulduzsiz. Lekin… indinga, sizning roligingiz o‘rniga undan ham qiziqrog‘i chiqishi bilan, sizni hamma unutib yuboradi.

Shuhratning bunday tez kelib-tez ketishini esa, hamma ham ko‘tara olmaydi.

17. Visol zavqi

…Siz uzoq yurtdasiz. Mana, oradan yillar o‘tib, yaqinlaringiz bilan uchrashish vaqti yetdi. Ukangiz bo‘yi o‘sib qolgandir-a? Singlingiz umuman o‘zgarib kap-katta qiz bo‘lgandir? Jiyaningiz sizni tanirmikan? Kishi qalbini orziqtiruvchi xayollar…

Lekin bularning hammasi tarixda qoldi. Internet tufayli bugun uzoqdagi yaqinlaringizni har kun ko‘rib turishingiz, suhbatlashishingiz mumkin.

18. Nonushta ham shu yerda, tushlik ham…

Kompyuterning oldida, kino ko‘rib yoki anekdotlar o‘qib ovqat yeyish odati sizgayam yuqdimi? Demak siz ham «internetomaniya» kasaliga chalinibsiz. Tezda «Alt» va «F4» klavishalarini bosing-u, ovqatlangani oshxonaga chiqing.

manba:

Вам может понравиться

Добавить комментарий